Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashida bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlariga 4 oktyabr kuni saylov o‘tkaziladi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining bugun bo‘lib o‘tgan sessiyasida shunday qaror qabul qilingan.

Qayd etilishicha, 35-Mirbozor va 50-Do‘stlik saylov okruglarida deputatlik o‘rni bo‘shab qolgan. Mazkur okruglardan saylangan deputatlar boshqaruv organlariga ishga o‘tganligi sababli o‘z arizasiga binoan deputatlik vakolati muddatidan oldin bekor qilingan.

Eslatib o‘tamiz, bunda okrug saylov komissiyasi saylovga yigirma besh kun qolganida, uchastka saylov komissiyalari esa o‘n besh kun qolganida tuziladi.

Sessiya ishida shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartish kiritildi.

Bundan tashqari, xalq deputatlari viloyat Kengashiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan saylangan 16 nafar deputatdan iborat partiya guruhiga Samarqand davlat universiteti professori – 19-Guliston saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati Baxtiyor Xo‘jayorov rahbarlik qiladigan bo‘ldi.

Deputatlik guruhining avvalgi rahbari Sherali Yuldoshev xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati mudiri vazifasiga o‘tgan.