Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining qarori: Samarqand viloyatining 2020 yilgi mahalliy byudjeti to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasining “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, 2020 yilda xalq deputatlari Kengashlarining mahalliy byudjetlarni boshqarishdagi, xususan, mahalliy byudjet xarajatlarini hududiy byudjet mablag‘lari taqsimlovchilar kesimida tasdiqlash va ularning Kengash oldidagi hisobdorligini belgilash bo‘yicha vakolatlari kengaytirildi.

Qonunning 18-moddasiga muvofiq, viloyatning 2020 yilgi mahalliy byudjeti loyihasini ko‘rib chiqib, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi QAROR  QILADI:

  1. O‘zbekiston Respublikasining “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni ijro uchun qabul qilinsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasining “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuniga (keyingi o‘rinlarda qonun deb ataladi) muvofiq, 2020 yilgi Samarqand viloyati (keyingi o‘rinlarda viloyat deb ataladi) mahalliy byudjetiga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfert miqdori 321,8 milliard so‘mga tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
  3. Qonunning 19-moddasiga muvofiq, 2020 yilda:

a) quyidagi soliq turlari va boshqa to‘lovlar viloyatning viloyat byudjeti hamda shahar va tumanlar byudjetlari o‘rtasida taqsimlanadi:

yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i;

yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i;

yakuniy iste’molchilarga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz realizatsiya qilishdagi aksiz solig‘i;

ayrim tovarlarning chakana savdosiga beriladigan huquq uchun undiriladigan yig‘imlar;

qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga undiriladigan boshqa yig‘imlar (bojxona yig‘imlaridan tashqari);

avtotransport vositalarini xarid qilganlik uchun ularni ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish chog‘ida avtotransport egalari (foydalanuvchilari) tomonidan to‘lanadigan yig‘imlar.

Shu bilan birga, qonunga muvofiq viloyat mahalliy byudjetiga ajratma qilingan 100 foiz miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan tushumlarning (jismoniy shaxslarning mol-mulkini ijaraga berishdan oladigan yillik daromadlari bo‘yicha deklaratsiyaga asosan to‘lanadigan hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan daromad solig‘idan tashqari) hamda foyda solig‘idan tushumlarning (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq yirik soliq to‘lovchilar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy faoliyat olib boruvchi muassasa orqali faoliyat yurituvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan, shuningdek, norezidentlarning to‘lov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan to‘lanadigan foyda solig‘idan tashqari) shahar va tumanlar o‘rtasida taqsimlansin.

b) viloyatning viloyat byudjetiga quyidagi soliq turlari va boshqa to‘lovlar to‘lig‘icha o‘tkaziladi:

elektr stansiyalari tomonidan to‘lanadigan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;

qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda davlat bojlari (patent boji va litsenziya berganlik uchun davlat bojlaridan tashqari);

qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga undiriladigan jarimalar;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulk, mahalliy davlat hokimiyati organlarining aktivlari bo‘yicha ajratmalar va dividendlar.

v) quyidagi soliq turlari shahar va tumanlar byudjetiga to‘liqligicha o‘tkazib beriladi:

jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i;

jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i;

jismoniy shaxslarning mol-mulkini ijaraga berishdan oladigan yillik daromadlari bo‘yicha deklaratsiyaga asosan to‘lanadigan hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan daromad solig‘i;

qurilish materiallari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq, bundan sement xomashyosi va sement ishlab chiqarishda foydalaniladigan ohaktosh mustasno;

suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan to‘lanadigan soliq mustasno;

aylanmadan soliq;

qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda davlat aktivlarini ijaraga berish va xususiylashtirishdan tushadigan daromadlar.

g) mobil aloqa xizmati va alkogol mahsulotlari, shu jumladan, pivo uchun aksiz solig‘idan tushumlar tegishli ravishda 2019 yil 1 iyul holatiga ko‘ra shahar va tumanlar aholisining viloyat aholisidagi ulushiga muvofiq o‘tkazib beriladi.

  1. Quyidagilar:

2020 yil uchun viloyatni rivojlantirishning asosiy iqtisodiy prognoz ko‘rsatkichlari 1-ilovaga;

2020 yil uchun viloyat byudjeti daromadlari prognoz ko‘rsatkichlari 2-ilovaga;

2020 yil uchun viloyat byudjetidan hududiy byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning umumiy cheklangan miqdorlari 3-ilovaga;

2020 yil uchun shahar va tumanlar mahalliy byudjetlariga umumdavlat soliqlaridan ajratmalar me’yorlari 4-ilovaga;

2020 yil uchun shahar va tumanlar mahalliy byudjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar miqdorlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bunda viloyat g‘aznachilik boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari viloyat byudjeti bilan shahar va tumanlar mahalliy byudjetlari daromadlari o‘rtasidagi taqsimotni 4-ilovada belgilangan me’yorlar asosida amalga oshirilishini ta’minlasin.

  1. Shahar va tumanlar mahalliy byudjetlarining 2020 yilgi daromadlari va xarajatlarining chegaraviy hajmlari 6-ilovaga ko‘ra belgilash tavsiya etilsin.
  2. Quyidagilar:

2020 yil uchun viloyat byudjetining zaxira jamg‘armasi hajmi
16,0 milliard so‘m miqdorida;

2020 yil uchun viloyat byudjeti shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida turadigan byudjet mablag‘larining yo‘l qo‘yiladigan eng kam miqdori 12,6 milliard so‘mga, viloyat byudjet, shahar va tumanlar mahalliy byudjetlari shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida turadigan byudjet mablag‘larining yo‘l qo‘yiladigan eng kam miqdori 7-ilovaga muvofiq belgilansin.

  1. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari (O‘roqov), tashkiliy nazorat guruhi rahbari (Nazarov), shahar va tumanlar hokimliklari:

byudjet daromadlari va xarajatlarining prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishini ta’minlash;

soliq bazasini kengaytirish, iqtisodiy salohiyatni oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilash, byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish ustidan qat’iy nazoratni o‘rnatish;

qonunning 24-moddasiga asosan, tegishli ravishda hududiy byudjet mablag‘lari taqsimlovchilarning byudjet mablag‘laridan samarali foydalanilishi hamda erishilgan natijalar bo‘yicha hisobotlarini xalq deputatlari viloyat, shahar va tumanlar Kengashlariga kiritib borilishini ta’minlasin.

  1. Viloyat hokimligi (O‘roqov), viloyat moliya bosh boshqarmasi (Mirzayev), viloyat davlat soliq boshqarmasi (Axmedov) viloyat televideniyesi (Ismatov), “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati (Toshev)ga qonunda belgilangan ayrim soliqlar va to‘lov stavkalari, soliq solish tartiblari hamda boshqa ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.
  2. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
  3. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (Berdiyeva) va viloyat hokimining o‘rinbosarlari (O‘roqov, Shukurov, Nurqulov, Qobilov, Xodjayev, Nurullayev) zimmasiga yuklatilsin.

 

Kengash raisi                     E.TURDIMOV

2019 yil 16 dekabr,

№ 419/68