XAMAS sulhdan keyin yana Isroil tomon raketalar otdi
G‘azo sektorini nazorat qiluvchi XAMAS harakatining harbiy qanoti - Izzaddin al-Qassam brigadalari ikki soatlik sulhdan so‘ng Isroil shaharlari tomon yana raketalar otdi. Bu haqda harakat vakili Abu Ubayda e’lon qildi, deya xabar beradi RIA Novosti.
"Ikki soatlik sulh tugaganidan so‘ng al-Qassam brigadalari anklavdagi turar-joy binolarining vayron qilinishiga javoban Ashkelon, Ashdod va Beer Sheva tomon raketalar otdi", dedi Ubayda.
Agentlik muxbirining so‘zlariga ko‘ra, Tel-Avivda ehtimoliy raketa hujumi to‘g‘risida ogohlantiruvchi sirenalar ishga tushdi, shundan so‘ng portlashlar eshitildi. Shuningdek, shanba-yakshanba kunlari yarim tunda G‘azo sektoridan raketalar uchirilganligi haqida ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq XAMAS Tel-Avivni o‘qqa tutishni ikki soatga to‘xtatganini e’lon qildi – 15 may, shanba, mahalliy vaqt bilan soat 22:00 dan, 16 may, yakshanba 00:00 gacha.
Isroil va Falastin guruhlari, jumladan, XAMAS harakati 10 maydan buyon o‘zaro raketa hujumlarini uyushtirmoqda. Tinimsiz hujum va to‘qnashuvlar natijasida kamida 200 kishi halok bo‘ldi, 600 ga yaqin kishi yaralandi. Bombardimonlar to‘xtatilmasa, qurbonlar bundan-da ko‘proq bo‘lishi mumkin.