Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Isroil Eronga hujumni arab davlatlari va AQSh bilan muvofiqlashtirgan

🔹 Isroil Eronga qarshi javob zarbasi berishga Iordaniya, Misr, Saudiya Arabistoni va AQSh bilan kelishgan. Yuqorida tilga olingan davlatlar Eron yahudiy davlatiga yana javob zarbasi bersa, raketa va dronlarni urib tushirishga yordam berishlarini aytgan.

🔹 Ukraina Sibirdagi nishonlarga hujum qilish imkoniyatiga ega, taxminan 3 ming kilometr parvoz masofasiga ega dronni ishlab chiqdi. Shunday qilib, Ural, Rossiyaning Uzoq Shimoli va Sibir Ukraina Qurolli Kuchlarining zarba nishoni bo‘lishi mumkin.

🔹 Qo‘shma Shtatlar BMT Xavfsizlik Kengashining Falastinga tashkilotga to‘liq a’zo bo‘lishini tavsiya qilgan rezolyusiyaga veto qo‘ydi.

🔹 Apple kompaniyasi Milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan Telegram, WhatsApp, Threads va Signal dasturlarini Xitoy ilovalari do‘konidan olib tashladi.

🔹 Arab davlatlari delegatsiyalari Isroilning doimiy vakili Gilad Erdan so‘z boshlaganidan so‘ng BMT Xavfsizlik kengashi zalini tark etgan. Bu AQSh tomonidan Falastinni BMTga qabul qilishni tavsiya qiluvchi rezolyusiyaning bloklanishi fonida yuz berdi.

🔹 Isroil Suriya shimolidagi havo hujumidan mudofaa ob’yektlariga havo hujumi uyushtirdi. Hukumat nazoratidagi hududlar havo hujumlaridan eng ko‘p zarar ko‘rgani xabar qilingan.

🔹 Jahon bozorlarida neft narxi oshdi. London qit’alararo birjasidagi savdo operatsiyalari chog‘ida Brent neftining 2024 yil iyun fyucherslari narxi 1,66 foizga oshib, bir barreli uchun 88,77 dollarni tashkil etgan.

🔹 Ukrainaga katta zarba: Rossiyaning Dneprdagi raketa hujumi qurbonlari soni ortmoqda. Dneprni tungi bombardimon qilish natijasida 8 kishi halok bo‘lgan, yana 25 kishi yaralangan.

🔹 Polshada Rossiya razvedkasi bilan hamkorlik qilganlikda gumon qilingan mahalliy aholi qo‘lga olindi. Gumonlanuvchi Polshaning Jeshuv-Yasenka xalqaro aeroporti xavfsizlik tizimi haqida ma’lumot to‘plagan. Ular Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga suiqasd uyushtirishga yordam berishi mumkin deyilmoqda.

🔹 AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Isroilga bir milliard dollarlik qurol-aslaha berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, bu yahudiy davlati G‘azo sektorida operatsiya boshlaganidan beri eng katta va Eron bilan keskinlashuv boshlanganidan beri birinchi yordam paketi bo‘ladi.

🔹 Dubay aeroporti hali ham yomon ob-havo oqibatlarini bartaraf eta olmagan: u yerga keluvchi reyslar soni 48 soatga cheklangan.