Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Shimoliy Koreya harbiy yordam evaziga Kremldan nima talab qilishi mumkin? Rossiya va Ukraina “dastlabki muzokaralarni” boshladi

🔹 Janubiy Koreya mudofaa vaziri Kim Yon Xyonning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya o‘z harbiylari evaziga Rossiyadan taktik yadro qurollari, qit’alararo ballistik raketalar, razvedka yo‘ldoshlari va yadroviy suv osti kemalari bilan bog‘liq texnologiyalarni so‘rashi mumkin.

🔹 Shimoliy Koreya bugun tunda Yaponiya dengizi tomon uchirgan qit’alararo ballistik raketa Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan raketa uchun eng uzoq (15 ming kilometr) parvoz masofasi va parvoz vaqti bo‘yicha rekord o‘rnatdi. Bu masofa raketaga potensial ravishda Osiyo-Tinch okeani mintaqasidan tashqaridagi hududlar, jumladan, AQSh materigi va Yevropaga yetib borish imkonini beradi.

🔹 Rossiya va Ukraina Qatar vositachiligida energiya infratuzilmasiga o‘zaro hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha “dastlabki muzokaralarni” boshladi. Muzokaralar bilan tanish bo‘lgan diplomat ularni Financial Times gazetasiga baham ko‘rgan. Yaqinda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham energetika ob’yektlarini himoya qilish bo‘yicha kelishuv “Rossiyaning kengroq tinchlik muzokaralariga tayyor ekanligidan dalolat berishi mumkin”, deb aytgan.

🔹 Rossiya qish uchun tuz tanqisligiga duch kelgani aytilmoqda. Sankt-Peterburg shahrida rasmiylar bor-yo‘g‘i 150 ming tonna sanoat tuzi va 80 ming tonna qum xarid qilinganini aytadi. Bu kelgusi qish uchun zarur bo‘lgan hajmning faqat yarmi.

🔹 AQSh kongressmenlari prezident Jo Baydenni Polshaga Ukraina havo hududini kesib o‘tuvchi va Polsha hududiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan raketalarni “to‘sib qo‘yish va zararsizlantirish”ga ruxsat berishga chaqirdi. Ular Polshaning bunday iltimosi Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va NATO chegaralari xavfsizligini ta’minlash uchun "shoshilinch va muhim chora" ekanligini ta’kidlashmoqda.

🔹 AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp Viskonsin shtatidagi Grin-Beydagi mitingga chiqindi mashinasida keldi. “Bu chiqindi tashuvchi mashina Kamala va Jo Bayden sharafiga mo‘ljallangan”, dedi Tramp o‘zining saylovoldi yorlig‘i bilan bezatilgan yuk mashinasining yo‘lovchi o‘rindig‘iga o‘tirar ekan. Bu AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp tarafdorlarini “chiqit” degan AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden so‘zlariga javob ekani aytilmoqda. Avvalroq Tramp tarafdorining Puerto Rikoni "chiqindi oroli" deb atagani keskin muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

🔹 Kaliforniyaning sobiq respublikachi gubernatori, aktyor va bodibildingchi Arnold Shvarsenegger AQSh prezidentligiga saylovda demokratlar partiyasidan nomzod Kamala Xarrisni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

🔹 Ispaniyaning Valensiya shahridagi suv toshqinlari qurbonlari soni 96 kishiga.

🔹 Ar-Riyodda sayyoradagi eng katta bino - muhtasham Mukaab binosi qurilishi boshlandi. Dabdabali loyihani osmono‘par bino deb bo‘lmaydi, chunki u minora emas, balki uzunligi, kengligi va balandligi 400 metr bo‘lgan ulkan oltin rangli kub bo‘ladi. U saudiyaliklarga 50 milliard dollarga tushadi. Ko‘p qavatli binoni yaratishda 900 ishchi ishlaydi; 2030 yilgacha qurilishni yakunlash rejalashtirilgan.

🔹 Shimoliy Koreya strategik qurollar bo‘yicha muvaffaqiyatini namoyish qilib, AQSh prezidentlik saylovlari vaqtida yadroviy sinov o‘tkazishni rejalashtirmoqda.