Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Xalqaro sud HAMAS yetakchilari va Netanyaxuni hibsga olish masalasini ko‘rmoqda. Ramzan Qodirovning 16 yoshli o‘g‘li yana bir lavozimli bo‘ldi. Tbilisida notinchlik
🔹 Xalqaro jinoiy sudi HAMAS yetakchilarini hibsga olish uchun orderlar hamda Isroilning siyosiy va harbiy rahbariyatiga qarshi orderlarni tayyorlamoqda. Xalqaro sud Isroil bosh vaziri Netanyaxu, shuningdek, mudofaa vaziri Galant va Bosh shtab rahbari Xalevini hibsga olishga order berishi haqida ma’lum qilgan. Shu kunlarda garovga olinganlarni qaytarish bo‘yicha HAMASning javobi kutilmoqda. Isroil esa qat’iy, Rafah tomon kuchlarni to‘plamoqda. Xalqaro hamjamiyat bosimni kuchaytirgan.
🔹 Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning o‘g‘li, 16 yoshli Adam Gudermesdagi Vladimir Putin nomidagi Rossiya maxsus kuchlari universiteti kuratori bo‘ldi. Adam Qodirov Checheniston Respublikasining xavfsizlik xizmati rahbari. Bundan tashqari, u Rossiya Mudofaa vazirligi tarkibida Shayx Mansur va Rossiya gvardiyasi tarkibida Baysangur batalonlariga rahbarlik qiladi.
🔹 Turkiya politsiyasi va jandarmeriyasi mamlakatning 40 viloyatida yirik reydlar o‘tkazib, “Islomiy davlat” ekstremistik guruhi va Kurdiston ishchilar partiyasi faoliyatida ishtirok etganlikda gumon qilingan 200 ga yaqin kishini qo‘lga olgan.
🔹 Minglab odamlar yakshanba kuni Tbilisi ko‘chalariga chiqib, “Chet el ta’siri to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga norozilik bildirdi. Namoyishchilar Gruziya va Yevropa Ittifoqi bayroqlarini silkitib o‘tdi. Bahsli matnning ikkinchi o‘qishi seshanba kuni, hukumat tarafdorlari mitingi esa dushanba kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi tomonidan parlamentga kiritilgan qonun loyihasiga ko‘ra, OAV va notijorat tashkilotlari moliyalashtirishning 20 foizdan ko‘prog‘ini xorijdan oladigan bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili agar qonun parlament tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinsa, unga veto qo‘yishini aytdi.
🔹 Armaniston va Ozarbayjon hukumatlari o‘rtasidagi chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha kelishuviga norozilik bildirgan bir guruh aholi ertalab Yerevan-Armavir yo‘lini to‘sib qo‘ydi. 19 aprel kuni Ozarbayjon va Armaniston hukumatlari Tavush viloyatidan delimitatsiya jarayonini boshlash va 1 iyulga qadar qo‘shma komissiya reglamenti ustida ishlashni yakunlashga kelishgan.
🔹 Nyu-Meksikodagi litsenziyasiz tibbiy spa-markazda davolanishdan so‘ng uch ayolga OIV tashxisi qo‘yildi. Bu igna yordamida kosmetik muolajalar paytida virus bilan kasallanishning ilk rasmiy holatidir. Ko‘plab mashhur kosmetik muolajalar igna yordamida amalga oshirilishini hisobga olsa, kasallikni norasmiy yuqtirganlar soni anchaligiga shubha yo‘q.
🔹 AQSh razvedka idoralari Rossiya prezidenti Vladimir Putin, ehtimol, shu yil fevral oyida muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyni Arktikadagi qamoqxona lagerida o‘ldirishga buyruq bermaganligini aniqladi, deb yozadi Wall Street Journal. 47 yoshida vafot etgan Navalniy so‘nggi yillarda Putinning eng ashaddiy tanqidchisi bo‘lib keldi. Rasmiylar ekstremist deya ta’riflayotgan ittifoqchilar Navalniyni prezident o‘ldirgan deya ayblab, dalil keltirishlarini aytishgan. Kreml bunga aloqadorligini rad etadi.
🔹 AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken dushanba kuni Yaqin Sharqqa yirik safari doirasida Saudiya Arabistoniga keldi.
🔹 Yashillar partiyasining 2024 yilgi AQSh prezidentligiga nomzodi ayol Jill Stayn Sent-Luisdagi Vashington universitetida Falastin tarafdorlari namoyishida hibsga olingan. Stayn kampaniyasi namoyishchilar talablarini qo‘llab-quvvatlaydi.
🔹 AKShning Oklaxoma shtatida tornado oqibatida kamida besh kishi, jumladan chaqalok halok bo‘lgan.