Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Yaponiyada oziq-ovqat qo‘shimchalari tufayli odamlar vafot etdi. «Krokus Siti Xoll» "Gazprombank" garovida

🔹 Yaponiyaning 100 dan ortiq fuqarosi Kobayashi Pharmaceutical farmatsevtika kompaniyasidan oziq-ovqat qo‘shimchalarini qabul qilib, kasalxonaga yotqizilgan, ulardan ikki nafari halok bo‘lgan. Sabab sifatida qizil xamirturushli guruchni o‘z ichiga olgan qo‘shimchalar ko‘rsatilmoqda.

🔹 “Titanik” filmidagi qahramon – Di Kaprio sig‘magan yog‘och eshik auksionda 718 ming dollarga sotildi. Endi eshikni qo‘lga kiritgan "omadli nazariyotchi" ikki kishilik joy yetarli yoki yo‘qligini tekshira oladi, deb yozadi Britaniya gazetasi.

🔹 22 mart kuni terakt sodir etilgan «Krokus Siti Xoll» konsert zali "Gazprombank"ka garovda turgani aniqlandi. Bino shikastlangan, shuning uchun garov ta’minotining likvidatsiya qiymati yanada pasaygan.

🔹 Amerikaning Baltimor shahrida Frensis Skott Key avtomagistral ko‘prigi qulagan joyda qidiruv-qutqaruv ishlari to‘xtatildi. Yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan olti kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Ular ko‘prik yo‘l qoplamasini ta’mirlayotgan ishchilar bo‘lgan.

🔹 Davlat dumasi deputatlari Moskva viloyatida yuz bergan teraktdan keyin migratsiya siyosatini kuchaytirishga kirishgan. Ulardan biri migrantlar fuqarolikni olgandan keyin 5 yil ichida har qanday qurol sotib olishni taqiqlovchi qonun muhokamasidir.

🔹 Armaniston Ozarbayjon va Gruziya bilan chegarani demarkatsiya qilish jarayonini tezlashtirish niyatida. Arman tomoni Gruziyaga ikki davlat chegarasida, Armanistonning Lori viloyati Alaverdi hududida joylashgan Jiliza qishlog‘ini qaytarishni rejalashtirgan. Bu masala Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze va uning Armaniston rahbari Nikol Pashinyanning Yerevanga tashrifi uchrashuvida muhokama qilingan.

🔹 Livanning Hizbulloh shia partiyasi qurolli kuchlari Isroil armiyasi pozitsiyalari va Yuqori Jaliladagi aholi punktlariga qator raketa hujumlarini uyushtirdi. Isroil armiyasi xabar berishicha, al-Xabbariyadagi havo hujumi chog‘ida Falastinning HAMAS harakatining ittifoqchisi “Al-Jamoa al-Islomiya” guruhining dala qo‘mondonlaridan biri yo‘q qilingan.

🔹 Lukashenko Boltiqbo‘yi davlatlari bilan qarama-qarshilikka tayyorlanmoqda. U Litva bilan chegara yaqinidagi Belarus armiyasini borib ko‘rdi va harbiylar bilan Suvalskiy koridorida ehtimoliy harbiy amaliyotlarni muhokama qildi. Uzunligi 100 kilometrdan ko‘proq bo‘lgan Suvalskiy koridori Polshani Boltiqbo‘yi mamlakatlari bilan bog‘laydi va Belarusni Kaliningrad viloyatidan ajratib turadi. Bu NATO bilan urush holatida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning eng ehtimoliy nishonlaridan biri sanaladi: agar u zabt etilsa, Litva, Latviya va Estoniya NATOning boshqa mamlakatlari bilan aloqalari uzilib qoladi.

🔹 Donald Tramp Amerikani ibodat qilishga majburlashga qaror qildi. Moliyaviy ahvoli yomonlashuvi fonida sobiq prezident o‘z brendi ostida “Biz Amerikani yana ibodat qilishga majburlashimiz kerak” saylovoldi shioriga moslashtirilgan holda Bibliya sotishni boshlamoqchi.

🔹 Isroil 2025 yilda gimnastika bo‘yicha Yevropa chempionatini o‘tkazish huquqidan mahrum etildi. Gimnastika bo‘yicha Yevropa ijroiya qo‘mitasi Isroildagi mavjud vaziyat tufayli musobaqani boshqa davlatga ko‘chirmoqchi.

🔹 YuNICYeF: G‘azodagi har uchinchi bola to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda. Gap G‘azo sektorining shimolida bo‘lgan va yetarli oziq-ovqat va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar haqida bormoqda. YuNISEF bolalarning to‘yib ovqatlanmaslik va suvsizlikdan nobud bo‘lishidan bong urmoqda.

🔹 Boshqirdistonda yashovchi shaxs vaping (elektron sigaret)dan keyin jiddiy asab buzilish va gallyusinatsiyalar bilan psixiatriya shifoxonasiga yotqizildi. Laboratoriya tekshiruvi uning tanasida nikotin oshganini ko‘rsatgan. Mutaxassis aytishicha, vaping iste’molida organizmga o‘ta zaharli modda - akrolein kiradi, bu miya rivojlanishi, xotira, konsentratsiya hamda asab tizimiga salbiy ta’sir qiladi.

Gulnora Xoldorova tayyorladi.