Xosaliklar nega berilmagan tabiiy gaz uchun pul to‘ladi?

Payariqlik 70 yoshli otaxon Rahmatillo Qorjovov tahririyatimizga murojaat qilib, o‘zi yashayotgan Xosa qishlog‘i aholisi tabiiy gaz uchun pul to‘lab qo‘ygan bo‘lsa-da, gaz kelmayotganligini yozgan.

Joriy yilning 11 yanvar kuni Zarnews.uz saytida R.Qorjovovning tabiiy gaz yo‘qligi sababli uylarni isitishda muammolar paydo bo‘layotgani to‘g‘risidagi murojaati e’lon qilingandi. «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali bunga javoban Xosa qishlog‘i tabiiy gaz tarmoqlaridan uzoqda joylashganligi, gaz yetkazib berishning texnik imkoniyati yo‘qligi sababli 2014 yilda suyultirilgan gazga moslashtirilganligi, aholining yuqori tashkilotlarga ketma-ket murojaatlaridan so‘ng, 40 ta xonadon 2019 yilda qo‘shni qishloqdagi gaz taqsimlash shoxobchasidan tabiiy gazga ulanganligi haqida ma’lum qilgandi.

Biroq R.Qorjovov qayta yo‘llagan murojaatida soha mutasaddilarining javobidan qoniqmaganini ta’kidlab, qishloq aholisidan tabiiy gaz uchun pul terib olinib, gaz berilmayotganiga sabab nimada ekanligi bilan qiziqmoqda. Mazkur murojaat yuzasidan Xosa qishlog‘iga borib vaziyatni o‘rgandik.

- 2019 yilda qishlog‘imizdagi 40 ga yaqin xonadon gaz hisoblagich o‘rnatilib, tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan edi, - deydi R.Qorjovov. – Biroq 2020 yilning boshidan gaz bosimi pasaya boshladi. Noyabr oyining oxiriga kelib umuman kelmay qo‘ydi. Tuman gaz idorasiga bir necha bor murojaat qildik. Idora xodimlari noyabr oyining boshida kelib xonadonma-xonadon yurib 1000 metr/kub tabiiy gaz uchun 380 ming so‘mdan yig‘ib ketishdi. Biroz vaqt gaz yonib turdi. Ko‘p o‘tmasdan yana pasaydi. Ma’lum bo‘lishicha, ayrim xonadonlarda gaz so‘rg‘ich qo‘yilgan ekan. Lekin bu gaz yo‘qligiga sabab bo‘lolmaydi-ku.

Otaxon bizga tabiiy gaz uchun to‘lagan 49 ming 619 so‘mlik kvitansiyasini ko‘rsatar ekan, shu yil 18 fevralda yana 50 ming so‘m to‘lov qilib kelganini aytdi.

- Ammo, mana qarang, baribir quvurlardan gaz kelmayapti. Tabiiy gazga ishonib o‘tin va ko‘mir g‘amlamagan edik. Biz kattalar-ku mayli, bolalar va nevaralarimiz ham sovuqdan azob chekmoqda, - deydi u. 

“Payariqtumangaz” bo‘limi mutasaddilari Xosa qishlog‘ida tabiiy gazga ulangan 40 ta xonadon ham 2021 yil 17 yanvar kuni suyultirilgan gaz bilan ta’minlanganligini aytishdi.

- Gaz tarmoqlarining so‘nggi nuqtalarida tabiiy gaz bosimining pasayishiga aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan gaz so‘rg‘ichlari ham sabab bo‘lmoqda, - deydi «Payariqtumangaz» bo‘limi bosh muhandisi Nurbek Umrzoqov. – Bir necha bor mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda reyd-tekshiruvlari o‘tkazildi. Iste’molchining xonadoni gaz tarmog‘ining so‘nggi nuqtasida joylashganligi uchun havo haroratining keskin sovib ketishi natijasida tabiiy gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lgan. Shu sababli R.Qorjovov ham suyultirilgan gaz ballon bilan ta’minlangan. Xodimlarimiz murojaatchining xonadonida bo‘lib, gaz uskunalari va hisoblagichlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazishdi. Ayni kunlarda uning xonadonida tabiiy gaz me’yoridan past bo‘lsa-da yonib turibdi.

Biroq R.Qorjovov o‘tgan yilning noyabr oyidagi tuman gaz xodimlari tomonidan 1000 metr/kub gaz iste’moli uchun pul terilgani, ammo gazning hidi ham yo‘qligi, ayrim xonadonlardagi gaz so‘rg‘ichlar tufayli xonadonlarga tabiiy gaz yetib bormayotganligini ta’kidladi.

Tuman gaz idorasi vakillari bilan ayrim xonadonlarga kirib ko‘rdik.

- O‘tgan yil noyabr oyida tabiiy gaz uchun 200 ming so‘m pul to‘laganman, lekin gaz yo‘q, - deydi Qodirjon Sattorov. - Sovuq kunlari hovlimdagi mevali daraxtlarni o‘tin qilib, ko‘mir sotib olib jon saqladik. Pulni olib ketgandan so‘ng biror kishi kelib, gazing bormi deb xabar ham olmadi. Ahvol shunday bo‘lishini bilganimizda gazga ishonmay o‘tin va ko‘mirni g‘amlab qo‘ygan bo‘larmidik?

R.Qorjovovning qo‘shnisi M.Kubayevning xonadonida ham shu ahvol: tabiiy gaz yo‘qligidan o‘tin yoqib uyini isitmoqda.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nima uchun gazchilar xosaliklarni ishontirib, yo‘q gazga pul terib ketishdi? Eski hisoblagichlarni zamonaviy onlayn hisoblagichlarga almashtirmasdan turib oldindan to‘lovlarni amalga oshirishlarini talab qilish qanchalik to‘g‘ri? Tabiiy gaz yetkazib berolmagan ekan, endi aholi bilan qanday hisob-kitob qilinadi?

Murojaatchilar mutasaddilardan bu savollarga javob kutmoqda.

Dilmurod To‘xtayev.