Xotin-qizlar qo‘mitasi: Bizga “Otalar kuni", ta’lim muassasalarida otalarcha tarbiya usullari kerak!

Ota! Shu uchta harf tilimizdan uchar ekan sergak tortamiz, hushyor tortamiz. Otalik ulug‘vor maqom hisoblanadi. “Ota duosi” deymiz, “otaning tanbehi” deymiz. Ota bilan bog‘liq so‘zlar va tushunchalar oldida ichki bir ehtirom va beozor bir hadikda turamiz. Buni sharqona tarbiyaning go‘zal natijasi deydilar.

Otajonim, qiblagohim, padari buzrukvorim deb ulug‘laymiz otamizni. Yuksak martabalarda, lavozimlarda mehnat qilib, xalq mehriga sazovor bo‘lgan insonlarni ota, deb ulug‘lash qadriyati bor xalqimizda.

“Otangdan oldin dasturxonga qo‘l uzatma”, “Otangdan oldinda yurma”, “Otangni yo‘lini kesib o‘tma”, “Otangga tik qarama!”. Shu nasihatlar ta’sirida ulg‘aygan avlodlar bu so‘zlar zamiridagi o‘zbekona falsafani yaxshi anglaydi, albatta.

Biroq, bugun globalizatsiya buhronlari ichra shu ulug‘ maqom ham zaxa topayotgandek. Har kuni bot-bot takrorlaymiz:

“Farzand tarbiyasida OTAning roli kamayib ketdi!”

“Oilada otaning maqomini tiklash kerak!”

“Erkak pedagoglar o‘quv dargohlarda kamligi uchun otalarcha tarbiya usullari qo‘llanilmayapti.”

Bu so‘zlarda haqiqat bor. Bizga balki “Otalar kuni” kerakdir. Chunki belgili sanalar odamga insonni qadrlashni o‘rgatadi, butun xalqning ongi va ruhiyatiga belgili kunga amal qilishni, shu sanani ma’rifiy odat tarziga aylantirishni singdiradi.

Tasavvur qilaylikki, bugun butun dunyoda “Otalar kuni” deb e’lon qilingan. Otasi hayotlarimiz erta tongdan boraylik otalarimiz huzuriga, “Otajon, bu dunyoda borligingiz, duolaringiz menga kuch beradi. Baxtimga sog‘ bo‘ling, qiblagohim” deylik.

Otasi bu yorug‘ dunyoni tark etib ketganlar esa “Otajon, men sizning yorug‘ izingizman, siz menda davom etayapsiz, ruhingizga duodaman” deb duoyi xayrlar jo‘natsin jannatlarga!

Bu bizning OTA degan ulug‘vor maqomning zalvorini, mas’uliyatini, farzandlarning ota zotiga bo‘lgan ehtiromini, otalarning oiladagi o‘rnini yuksak tutishni eslatish ma’nosidagi bir taklifimiz! Va, albatta, bu taklif katta ijtimoiy muammolardan ham tug‘ilgani bor gap.

O‘zingizdan qolar gap yo‘q azizlar!