XTV Bosh prokuraturani o‘qituvchilarni tomorqa nazoratiga jalb qilganlarni jazolashga chaqirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilarga tomorqa ishlari yuklatilayotganligiga oid ma’lumot e’lon qilindi.
2018 yil 14 avgustda Prezidentimizning “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Qarorga ko‘ra, xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish, mavsumiy qishloq xo‘jaligi hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.
Mazkur qarorga asosan o‘qituvchilarni aholining tomorqa ishlarini nazorat qilishga jalb etish ham noqonuniy ekanini eslatib o‘tamiz.
Ayni paytda 2019-2020 o‘quv yilining 4-choragi davom etmoqda. O‘qituvchilarning asosiy vazifasi o‘quvchilarga videodarslar yordamida puxta bilim berishdan iborat.
Xalq ta’limi vazirligi mahalliy hokimiyat vakillarini o‘qituvchilarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etmaslikni talab qiladi.
Yuqoridagi qarorning 16-bandiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga pedagog xodimlarning huquq va erkinliklarini cheklash holatlarini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda nazorat tadbirlarini o‘tkazish hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishini ta’minlash vazifalari yuklatilgan.
Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligini mazkur xabarlarni o‘rganib, agar haqiqatda sodir bo‘lgan bo‘lsa, aybdorlarni jazolashga chaqiradi.