Yakka tartibda ta’lim olayotgan bolalarning 105 nafariga dori-darmon, 87 nafariga reabilitatsiya vositalari olib berildi

Bosh prokuratura tashabbusi bilan nogironligi bo‘lgan, uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan kam ta’minlangan oilalar farzandlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida bolalarning sog‘lig‘i, ta’lim olishlari va ular tarbiyalanayotgan oilalarning ijtimoiy holati ikki bosqichda o‘rganildi.

Dastlab viloyat xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash hamda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalarining Qo‘shma qarori bilan ishchi guruhlar tarkibi, ularning vazifalari belgilab olindi.

Tadbirning birinchi bosqichida viloyatdagi 1 668 nafar uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan bolalar yashayotgan xonadonlarga ishchi guruhlar tomonidan birma-bir kirilib, ularning ta’lim olishlari, yashash sharoitlari, mavjud muammolari va ehtiyojlari o‘rganildi, barchasi to‘liq birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. O‘rganish natijalari bo‘yicha 656 nafar bolalarning sog‘lig‘i, ta’limi va boshqa ijtimoiy masalalardagi turli muammolari aniqlanib, bir qismi joyida hal etildi.

Ikkinchi bosqichda aniqlangan muammolarni hal etish choralari ko‘rildi. Xususan, homiylik hamda mahalliy byudjet hisobidan bolalarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasida 105 nafariga dori-darmon, 87 nafariga reabilitatsiya vositalari (nogironlik aravachasi, eshitish moslamasi, qo‘ltiq tayoq, hassa, xodunok va hokazo), ta’lim sifatini oshirish maqsadida 111 nafariga badiiy adabiyot va darsliklar, 98 nafariga o‘quv jihozlari olib berilib, kompyuter saboqlari olish uchun 23 dona noutbuk bilan ta’minlandi.

Bunday oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 31 oilaga nafaqa tayinlanib to‘lanishi, 27 tasiga moddiy yordam ko‘rsatilishi, 12 nafar ota-onaning ishga joylashtirilishi ta’minlanib, 2 nafar bolaga logoped-o‘qituvchi biriktirildi.

Davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalarning 121 nafari viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, “Bionur” xususiy klinikasi, viloyat reabilitatsiya markazi va tuman tibbiyot birlashmalarida bepul davolanishi, 17 nafari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi ta’minlandi.

Shu bilan birga viloyat prokuroriga biriktirilgan Qo‘shrabot, Ishtixon va Payariq tumanlarining umumiy o‘rta ta’lim maktablarida masofaviy ta’lim olayotgan 300 nafar kambag‘al oila farzandlariga, xususan, nogironligi bo‘lgan 20 nafar uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilarga joriy yilning may oyi davomida internetdan bepul foydalanish imkoniyati yaratildi.

Uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilarga dars mashg‘ulotlari o‘tish, darsdan tashqari ma’naviy-ma’rifiy va korreksion-rivojlantiruvchi tadbirlarni tashkil etish, ularni o‘quv jihozlari bilan ta’minlash borasida aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etishga qaratilgan 205 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilib, 163 nafar mas’ul shaxslar intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi hamda qonun buzilishlarini haqiqatda bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Amaliyotda mavjud hamda huquqni qo‘llash sohasidagi muammolar yuzasidan qonunchilik va soha faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan takliflar tayyorlandi.

Farhod ZUFAROV,

Samarqand viloyati prokurori.