Yana 2 ming nafar yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlaymiz

Joriy yil 14 iyul kuni davlatimiz rahbari raisligida yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar bugungi kunda kechiktirib bo‘lmaydigan va juda muhim ishlardir.

Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, ishsizlik, biror bir ish, mashg‘ulot bilan shug‘ullanmagan odam vaqtini behuda sarflaydi. O‘z navbatida yoshlar, xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik, jinoyatchilik kabi illatlar ortib boraveradi.

Buning oldini olish, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash uchun

korxonamiz - Samarqand tumanidagi “Agromir group” mas’uliyati cheklangan jamiyati tasarrufida alohida bog‘dorchilik assotsiatsiyasi tashkil etganmiz. Assotsiatsiya ixtiyoridagi 600 gektardan ziyod yerda yangi tokzor barpo etdik. Buning uchun mingta oilani qaramog‘imizga olib, shundan 500 dan ortiq kambag‘al oilani kooperativga doimiy ishga oldik va yangi tokzorlar orasini ularga bo‘lib berdik. Ayni kunlarda ular bu maydonlardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ishtirib, bozorda sotishyapti, ro‘zg‘orlarini ancha yaxshi tebratishyapti.

Yana 500 oilaga qirq kunda hosil olsa bo‘ladigan bodring urug‘ini tarqatgandik. Ular ham qilgan mehnatlari huzurini ko‘ryapti. Shuningdek, Samarqand shahrining Qorasuv massivida barpo etilayotgan ko‘p qavatli uylar qurilishida 100 kishini ishga olganmiz.

Yangi ish o‘rinlari yaratish uchun yana bir necha istiqbolli loyiha ham amalga oshiryapmiz. Shulardan biri - Samarqand tumanining tog‘li hududida 2 ming gektarlik intensiv bog‘ barpo etish loyihasidir. Tomchilatib sug‘orish tizimida tashkil etiladigan bog‘ loyihasi shu yilning oxirigacha amalga oshiriladi va bu yerda 2 ming kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.

Amalga oshirayotgan bu ishlarimiz zamirida o‘tkir muammo - ishsizlikka barham berish yotibdi. Bugun har bir tashkilot, korxona va tadbirkorlik sub’yekti, umuman, davlat va nodavlat, jamoat tashkilotlari ishsizlik va bandlik muammosi bilan shug‘ullansa, bu ijtimoiy masala ijobiy yechim topadi. Ishsizlik va bandlik muammosi borasida eskicha yondashuvlar bu muammoni yechishda samara bermaydi. Chunki yillar davomida oliy va o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishda mutasaddi korxona va tashkilotlarning mas’ullari tomonidan yuzaki yondashuvlar bo‘lgan.Tizimda bitirganlik to‘g‘risida hujjat olishlari uchun ta’lim muassasasi korxona tashkilotlar va bitiruvchi o‘rtasida uch tomonlama tuzilgan shart­noma asos bo‘lgan. Shunga qaramasdan ishga joylashtirilgan yoshlarning aksariyati 3 oy, yarim yil, uzog‘i bilan bir yildan so‘ng turli sabablarga ko‘ra ishdan bo‘shatib yuborilgan. Ayrimlari ishlamasdan ham qolib ketgan. Yillar o‘tib bu ijtimoiy muammoga aylandi.

Agar maktabgacha ta’lim va umumta’lim maktablaridan boshlab yoshlarni o‘z qiziqishiga qarab kasb tanlashga o‘rgatsak, yoshlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida malaka va ko‘nikma shakllantirsak, ularning biznes startaplarini qo‘llab-quvvatlasak, mahalla markazlari va chekka qishloqlarda kasanachilik, to‘qimachilikni rivojlantirsak, ishsizlik va bandlik muammosini kelib chiqishining oldini olgan bo‘lamiz.

Shavkat Jalolov,

Oliy Majlis Senati a’zosi.