Yangi soliq stavkasi: Kimda ko‘proq foyda qoladi?
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 29 iyundagi "O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida"gi farmoni bilan mamlakatimiz tarixida birinchi marotaba 2019 yil uchun asosiy parametrlar va soliqdagi o‘zgarishlar havola etildi. Ahamiyatlisi, mamlakatimizda 2019 yildan boshlab soliq tizimini soddalashtirish va soliq yukini yengillashtirish boshlandi.
2019 yilda yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan soliqlar soddalashtirilgan va kamaytirilgan holda belgilandi. Solishtirish uchun jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq daromadga nisbatan differensiyalashgan bo‘lib, 2018 yilda eng kam ish haqining (EKIH) 1 baravarigacha -0 foiz, 1-5 baravarigacha -7,5 foiz, 5-10 baravarigacha -16,5 foiz, 10 barobardan yuqorisi -22,5 foiz miqdorida olinar edi. Yangi soliq tizimida esa jismoniy shaxslar daromadlariga 12 foizlik yagona soliq stavkasi belgilandi.
Bu bilan xodimlar daromad solig‘i stavkasi kamaytirildi va ular qo‘shimcha daromadga ega bo‘ldilar.
Ikkinchidan, xodimlar avvalgi tizimdagi differensiyalashgan soliqlar hisob-kitobi qiyinligi sababli daromadining solig‘ini aniq bilmasdi. Endi yagona soliq stavkasi bo‘yicha hisobchisiz ham xodim ish haqining soliq va daromadlarini aniq hisoblay oladi.
Uchinchidan, sub’yektlar buxgalteriyasida differensiyalashgan soliq stavkasi bo‘yicha soliqlarni hisoblash murakkab edi. Yagona soliq stavkasining joriy etilishi sub’yektlar uchun buxgalteriya hisob-kitoblarini yuritishda ham muammolarni bartaraf etadi. Hisob-kitoblarga qaraganda, soliq yukining kamaytirilishi va sug‘urta badalining bekor qilinishi natijasida 2019 yilda aholi daromadlari qo‘shimcha 4,6 trillion so‘mga oshadi. Sug‘urta badallarining bekor qilinishi hisobiga viloyatimiz aholisi ixtiyorida 297,9 milliard so‘m mablag‘ qolishi kutilmoqda.
2019 yilda yuridik shaxslar uchun ham soliq yuki kamaytirilib, ulardan olinadigan foyda solig‘i stavkasi amaldagi 14 dan 12 foizga, tijorat banklari daromadidan olinadigan soliq stavkasi 22 dan 20 foizga pasaytirildi. Natijada viloyatimizda faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslarning sof foydasi 5,3 milliard so‘mga oshib, davlat maqsadli jamg‘armalariga yuridik shaxslarning tushumidan undiriladigan majburiy ajratmalarning bekor qilinishi natijasida tadbirkorlarning ixtiyorida qoladigan foydasi 30 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etadi.
Endilikda yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i faqat ko‘chmas mulk bo‘yicha hisoblanib, uning stavkasi amaldagi 5 foizdan 2 foizga tushirildi. Bu o‘z navbatida faoliyat yuritayotgan sub’yektlarning qo‘shimcha daromad olishiga imkon yaratadi.
Shu bilan birga, birinchi marta 2019-2021 yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari prognozi ishlab chiqildi. Unda ushbu yillarga oid soliq byudjet siyosatining strategiyasi asosida davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining asosiy parametrlari ko‘rsatilgan. Zero, 2019-2021 yillarda iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning yuqori sur’atlar bilan rivojlanishini ta’minlaydi. Pirovard natijada aholi turmush darajasi yanada yaxshilanadi.
Umar XUDOYBERDIYEV, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti dotsenti.