Yangi uylar egalariga berildi. Ammo nega tabiiy gaz ta’minotidan darak yo‘q?
2019 yilda Samarqand shahridagi Qorasuv massividan ko‘p qavatli xususiy uylar qad ko‘tardi. "AGROMIR BUILDINGS" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilayotgan 12 va 16 qavatli uylarning ayrimlari 2019 yilning dekabr oyi oxirida o‘z egalariga topshirildi.
Ayni kunlarda ushbu yangi xonadon sohiblari uylariga birin-ketin ko‘chib o‘tishmoqda. Ammo hanuzgacha uylarga tabiiy gaz berilmayapti. Odamlar muz qotgan uyda yashashga majbur bo‘lishmoqda. Sababi, ushbu xususiy uylar aholiga 18 foizli kredit asosida sotilgan. Kredit to‘lovi esa bank bilan mijoz o‘rtasida ipoteka to‘g‘risida shartnoma tuzilgan kunning ertasidan hisoblangan.
Shuning uchun ham fuqarolar xususiy uylarga tezroq ko‘chib o‘tish harakatida bo‘lmoqda. Axir ijarada tursa, kreditga qo‘shib ijara pulini ham to‘lashi kerak.
Aslida xususiy uy olayotganlarning asosiy qismi ko‘p qavatli arzon uy-joylarga yillab navbatda turib, oxir-oqibat navbati kelmasligini tushunib yetgach, qimmat bo‘lsa-da, xususiy uyga xaridor bo‘lishgan.
Ko‘p qavatli uyda 5-10 kundan buyon qaltirab o‘tirgan fuqarolarning dardini eshitadigan rahbar yo‘q. Ne umidlarda zamonaviy uyga ko‘chib o‘tganlar hali gaz uskunasida ovqat pishirolgan emas. Bu hol qachongacha davom etadi?
X.ERNAZAROVA.