Yangi yilga yana PUL yig‘amizmi?
Har yili Yangi yil bayrami arafasida ayrim maktablarda pul yig‘ish tadbiri boshlanadi. Avvaliga bolalarga sovg‘a uchun, keyin o‘qituvchisiga ota-onalar tomonidan pul yig‘iladi.
Oldinlari bu tadbir biroz qiyinroq edi, ammo keyingi yillarda telegram paydo bo‘ldi-yu, har bir sinf ota-onalari o‘zlari uchun gruppa tashkil etdi. Ana shu gruppada ota-onalar har bir bayram bormi, o‘qituvchining tug‘ilgan kunimi, o‘zaro maslahatlashib, pul yig‘ishadi.
To‘g‘ri, besh qo‘l baravar emas, hamma ota-ona ham sinf fondi, maktab fondidan ortib yana bayramga pul berishga qurbi yetmaydi. Ammo bunday ota-onalar ko‘p o‘tmay xato qilganini sezib, indamay kelishilgan pulni beradigan bo‘ladi. Sababi, ota-onalar tomonidan tuzilgan komissiya qaysi bolaning ota-onasi pul bermasa, o‘shaning ismini o‘qituvchisi, ya’ni sinf rahbariga yozib beradi. Shundan so‘ng o‘qituvchi o‘zini “hurmat qilmagan” ota-onaning farzandiga qo‘pol muomalada bo‘la boshlaydi, hatto o‘quvchining baholari ham negadir pasayib ketadi. Qarabsizki, ota-ona farzandi uchun qiynalsa ham pul topib beradigan bo‘ladi.
- Boshida mana shu "yig‘-yig‘"lar uchun ancha kurashdim, pul bermadim, - deydi onalardan biri. - Farzandim Samarqand shahridagi 33-maktabga boradi. Qarasam, pul bermasam, o‘qituvchisi bolamga e’tibor bermay qo‘ydi. Majbur bo‘lib, bayramlarda pul beradigan bo‘ldim. Mana, masalan, yangi o‘quv yilidan buyon "yig‘-yig‘"larning keti uzilgani yo‘q. Avvaliga “O‘qituvchi va murabbiylar kuni”ga, keyin sinf fondi, maktab fondi uchun pul yig‘dik. Yaqinda 50 ming so‘mdan Yangi yil bayramiga bolalarga sovg‘a olish uchun pul yig‘dik. O‘qituvchisiga endi alohida yig‘ar ekanmiz.
Surishtiruvimizdan shu xulosaga keldikki, Samarqand shahrida bayramlarga 50 ming so‘mdan pul yig‘ilsa, tuman maktablarida 25-30 ming so‘mdan yig‘ilar ekan. Ota-onalarning qattiq iltimosiga ko‘ra, ularning ism-familiyasini keltirmadik.
Bizni quvontirgani ayrim maktablarda umuman pul yig‘ish tadbiri to‘xtatilgan emish. Buni ham ota-onalar aytishdi. Masalan, Samarqand shahridagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ota-onalar tashabbus qilsa ham, hech qanday pul yig‘ilmas ekan. Biz ushbu maktabning direktori kim ekanini bilmaymiz, ammo kim bo‘lgan taqdirda ham pul yig‘ishni to‘xtatish imkoni bor ekan-ku! Nega boshqa maktab direktorlari bunday noqonuniy ishlarga yo‘l ochib, ko‘rib-ko‘rmaslikka oladi? Xo‘sh, bu yilgi Yangi yilga yana pul yig‘amizmi?
Xurshida Ernazarova.