Yaponiyada nega o‘qituvchilar bayrami nishonlanmaydi?
Bir kuni yaponiyalik hamkasbim Yamomotodan so‘radim:
- Sizlarda o‘qituvchilar kuni qachon?
Biroz hayron qolgan Yamomoto javob berdi:
- Bizda hech qanday o‘qituvchilar bayrami yo‘q.
O‘shanda ishongim kelmagandi. Axir qanday qilib, iqtisodiyot, fan, texnika taraqqiy etgan mamlakatda o‘qituvchilarning qadri yo‘q?
Bir kuni Yamomoto meni mehmonga taklif qildi. Uyi biroz uzoq bo‘lgani uchun metroda borishimizga to‘g‘ri keldi. Ayni tig‘iz payt, jamoat transportlari to‘la – tiqilinchda zo‘rg‘a ketyapmiz. Shu payt bir qariya menga imo qildi va joy bo‘shatib, o‘tirishimni so‘radi. Har qancha xijolat bo‘lsam ham, u qat’iy turib oldi va men o‘tirishga majbur bo‘ldim. Metrodan chiqishda do‘stimdan qariyaning nega bunday qilganini so‘radim.
- U sening taqib olgan narsangdan o‘qituvchi ekaniningni bildi va ushbu kasbga hurmati yuzasidan joy berdi, – dedi Yamomoto.
Men uning uyiga birinchi marta borayotganim uchun biror sovg‘a olmoqchi bo‘ldim va niyatimni hamrohimga aytdim. U yo‘limizda o‘qituvchilar uchun do‘kon borligini va imtiyozli narxlarda u yerdan xarid qilish mumkinligini aytdi. Hayronligim yana oshdi.
- Imtiyozlar faqat o‘qituvchilar uchunmi? – so‘radim undan.
- O‘qituvchi bizda eng hurmatli kasb egasi. Tadbirkorlar do‘konlariga o‘qituvchi kirsa, faxrlanishadi.
Yaponiyada bir muddat yashab, u yerda o‘qituvchilarning naqadar izzatda ekanini ko‘rdim. Metroda ular uchun alohida o‘rindiqlar, ko‘chalarda maxsus imtiyozli do‘konlar ishlaydi. O‘qituvchi transport chiptalari uchun navbatda turmaydi. Shuning uchun Yaponiyada o‘qituvchilar bayrami nishonlanmaydi, ular uchun har bir kunning o‘zi bayram.
Bizning o‘qituvchilarga ham shunday e’tibor beriladigan kunlar kelishini niyat qilar ekanman, bir fikr qiynaydi. Ya’ni, bizda davlat tomonidan alohida qo‘llab-quvvatlanishi kerak bo‘lgan yo‘nalish - keyingi yillarda faqat ta’lim tizimi va pedagog bo‘lib qolyapti. Natijaga kelganda esa...
Yoki hech eshitganmisiz, “prokuror, sud, hokim va boshqa amaldorlarga e’tiborli bo‘laylik, artistlarni qo‘llab-quvvatlaylik”, degan gaplarni?
Alisher XOLBOYeV.