Yopiq bozorlar qurish vaqti kelmadimi yoki bozorlarda nima gap?

Anomal sovuq tufayli hududlarda aholiga kundalik ehtiyoj mollari yetkazilishi imkoniyatlari kamaydi, bozorlarda qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxlarida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi.

Har yili kuz mavsumida dehqon bozorlari va savdo tashkilotlari tomonidan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining zaxirasi yaratiladi. Hozirgi kunda viloyatimizdagi dehqon bozorlari zaxiraga jamg‘arilgan mahsulotlarini savdoga chiqarish orqali narx-navo barqarorligini ta’minlash va aholi ehtiyojini qondirish maqsad qilingan.

Viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2022-2023 yil qish-bahor mavsumi uchun (yanvar-may oylari) kartoshka, sabzi, piyoz va guruch mahsulotlaridan 3640 tonna zaxira jamg‘arilgan. 2023 yil 10 yanvardan ushbu mahsulotlar belgilangan jadval asosida viloyatimizdagi 50 ta dehqon bozorida savdoga chiqarilmoqda.

Samarqand shahridagi bozorlarda ham yaratilgan zaxira hisobidan narx-navo barqarorligi ta’minlanmoqda.

«Temiryo‘l dehqon bozori»da 80 tonna kartoshka, 40 tonna sabzi zaxirasi yaratilgan. Qolgan mahsulotlar uyushma zaxirasidan keltirilib, bozordan 20-30 foizgacha arzon narxda savdoga chiqarilmoqda. Bozor ma’muriyati bayram yarmarkasiga kelgan fermerlar bilan hamkorlikni davom ettirib, kuniga 2 tonnagacha go‘sht keltirib, kilogramini 60 ming so‘mdan sotmoqda.

«Marmar dehqon bozori»da zaxira belgilanmagan ekan, bozorda sotuvchiyu xaridor ham barmoq bilan sanoqli. Qolaversa, bozorning barcha kirish yo‘llari vaqtida qordan tozalanmagani bois yo‘laklarda muzlamalar hosil bo‘lgan. Rastalarning sovuqligi va kechasi mahsulotni joylash uchun xonalar yo‘qligidan savdodagi mahsulotlar muzlab, sifati yaroqsiz holga kelgan.    

-  Bozorda 222 ta savdo nuqtasi mavjud, lekin bir necha yildan buyon bu yerga xaridorlar kelishi kamaygan, - deydi «Marmar dehqon bozori» MChJ raisi Hotam Jo‘rayev. – Faqat bayram yarmarkalari paytida biroz xaridorlar ko‘paydi, keyin yana avvalgi holat. Yil boshidan buyon sotuvchilar ham yo‘q edi, bugun bir nechta sotuvchi keldi. Obodonlashtirish boshqarmasi va bozor xodimlari birgalikda atrofni muzlamalardan tozalashdi, ichki hududga qum va tuz sepdik, lekin bozor chuqurlikda bo‘lganligi uchun erigan suv bozor ichida yana muzlama hosil qilyapti.

Anomal sovuq har yili kuzatilmaydi, lekin qish har yili keladi. Odamlar supermarketdan ko‘ra bozorlardan tanlab, tortishib xarid qilishni xush ko‘rishadi. Shunday ekan Samarqandda ham poytaxtdagi singari yopiq, bozorlar qurish payti kelgandir. Yoki yoz fasli kelib bu kunlar unut bo‘lishini kutamizmi?

O‘ktam Xudoyberdiyev,

Baxtiyor Mustanov.