Yoshlar Rossiyada ishlashga ishtiyoqmandmi?

Bu savolni berishim ta’lim sifati, yoshlarning nega bilim olish, o‘z kasbi bo‘yicha bir joyda muqim ishlash o‘rniga xorijda ishlashni ma’qul ko‘rayotgani haqida.

Ta’lim uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar yaratib berilayotganini inkor qila olmaymiz.. Biroq ba’zi bir kamchiliklar insonni o‘ylantiradi. Ta’lim tizimidagi kamchilik va muammolar o‘quvchilarni sifatli bilim olishiga to‘sqinlik qiladi. Bilamizki, bola maktabga borgandan so‘ng boshlang‘ich ta’limda yaxshi baholarga o‘qiydi. Biroq katta sinfga o‘tgandan so‘ng ko‘pchilik o‘quvchilar o‘qishni tashlab qo‘yadi yoki repetitorlarga qatnay boshlaydi. Sababi nimada ekan-a?

Boshlang‘ich ta’limda o‘quvchilarni qiziqtirish uchun har xil  qiziqarli o‘yinlar,  topishmoqlar  va boshqa qiziqarli tarzda dars o‘tiladi. Masalan, «Zinama –zina» o‘yini orqali bolaning fikrlash doirasi va matematikaga bo‘lgan qiziqishi oshadi. Lekin yuqori sinflarda o‘quvchilarni bunday qiziqtirishga e’tibor yo‘q. Ko‘p o‘qituvchilar bir xil tizim qilib olishgan: 45 daqiqalik darsni hash-pash deguncha tugatishadi. Ya’ni, dars boshlangandan keyin 10 daqiqa yo‘qlamaga sarflanadi. 10 daqiqa o‘quvchilardan dars mashg‘ulotini so‘rash bilan, yana 5 daqiqa o‘quvchilarni tinchlantirish bilan o‘tadi. Bor-yo‘g‘i o‘quvchilarga 20 minut dars mashg‘ulotlarini tushuntirishga ketadi. Ba’zi bir darslar, mavzular borki, soatlab o‘tish kerak. 20 daqiqa yetadimi, degan savol tug‘iladi. Yo‘q, shuning orqasidan repetitor degan ba’zi tadbirkorlarning cho‘ntagi to‘lmoqda. Undan ko‘ra maktabda sifatli ta’lim berilsa shu pulni boshqa narsaga ishlatgan ma’qul emasmi?

Biz ta’lim jarayonida sifatli va qiziqarli ta’lim berishimiz kerak. O‘quvchilarni qiziqtira olsakkina, sifatli kadrlarga ega bo‘lamiz.

O‘quvchilik paytlarimda bir sinfdoshim bo‘lar edi. Katta yoshli bo‘lishiga qaramay o‘z ismini yoza olmasdi. Shu tarzda maktabni bitirdi. Hozirda esa ko‘chada yollanma ishchi bo‘lib ishlab kelmoqda. Maktabda o‘qigan paytda endi darsga, bilim olishga qiziqa boshlaganda o‘qituvchilar «Sen odam bo‘lmaysan, o‘qiyolmaysan» deya kamsitishlaridan yana o‘qimay qo‘ydi. Natijada o‘qishga bo‘lgan oz bo‘lsa-da qiziqishi so‘ndi. O‘qituvchilarning “karomati”ga qarab, hali-hanuz o‘qishdan ko‘ngli sovugan. Hayiqadi. Bunaqa o‘quvchilar yuzlab, minglab topiladi. Ammo bir savol bermoqchiman, nima uchun Rossiyaga ketish yana ko‘paydi?

 Ozgina e’tibor berilsa, bunday o‘quvchilar juda katta kadr bo‘lib yetishadi. Demak, o‘qituvchilar vijdon bilan ishlab, yaxshi ta’lim berishi, eskicha qarashlarni unutishi, Yangi O‘zbekistonga monand ish tutishi zarur. Yurt kelajagi siz-u biz ta’lim berayotgan yoshlar qo‘lida ekanini unutmaylik. Shunda yoshlar Rossiyaga ishlashga ketishdan avval boshqa imkoniyatlarni o‘ylab ko‘rishadi.

Saydulla Rashidov.