Yurakni o‘ynatuvchi narxlar
Samarqandga kelgan mehmonlar bu yerdagi o‘rtacha bir mehmonxonada yashab, juda yaxshi sharoitlarga ega bo‘lganini, xizmat ko‘rsatilishidan ko‘ngli to‘lganini aytib qolishdi. Qiziqib, mehmonxona narxini so‘radim. Ular kuniga 200 ming so‘m ekan, narxi hayron qoldirdi, sharoiti juda yaxshi edi, nonushtasi ham ajoyib ekan, deb takror-takror aytishdi. Shahrimizda mehmonxonalar tarmog‘i yaxshi rivojlanganidan xabarim bor, ammo ularning narxi bilan unchalik qiziqib ko‘rmagan ekanman.
Lekin gap bugun mehmonlarga xizmat ko‘rsatayotgan mehmonxonalar haqida emas. Bu narxni eshitgach, nega bizdagi shifoxonalarning ham narxi shunday, degan savol bilan qiziqa boshladim. Xususiy tibbiy klinikalarniku, qo‘yavering, lekin ixtisoslashgan tibbiy markazlar, yetakchi shifoxonalarda yotib davolanish narxlari nimaning hisobiga bunchalik qimmat ekan?
- Yaqinda viloyat kardiologiya shifoxonasida davolanib chiqdim, - deydi Samarqand shahrilik Rohat Shokirova. – Davolanish, joy, ovqatlanish bilan o‘n kunga olti million so‘mga yaqin mablag‘ to‘ladim. Ba’zi tekshiruvlar uchun alohida to‘lov bor yana.
Demak, kuniga ushbu shifoxonada davolanib chiqish o‘rtacha 600 ming so‘mdan tushmoqda. To‘g‘ri, yurak kasalliklarining dori-darmonlari qimmat ekanini bilamiz. Lekin bu murakkab bo‘lmagan, o‘rtacha holatdagi bemorning davolanishi. Sal og‘irroq holatdagi bemorlar qancha to‘lashini tasavvur qilavering.
Shu sabab bo‘ldiyu boshqa shifoxonalar narxlari bilan ham qiziqib ko‘rdik. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida faqat joy va ovqatlanish bir kishiga o‘rtacha 170 mingdan boshlanib, 250 ming so‘mgacha ekan. Dori-darmon uchun alohida mablag‘ to‘lanadi. Turli diagnostik tekshiruvlarning bu yerdagi narxlarini ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, shifoxona har doim gavjum. Tabiiyki, odamlar salomatligini tajribali shifokorga ishonishni istaydi. Ammo bugun oddiy profilaktik davolanish ham 10 million so‘mga tushayotgani “vaqtida davolaning, kasallikni o‘tkazib yubormang” degan tavsiyaga biroz teskari emasmikan, degan xayolga borasan-da.
Darvoqe, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan ba’zi xususiy shifoxonalar narxlari bilan ham qiziqib ko‘rdik. E’tiborli tomoni, ularning ba’zilarida narxlar davolanish, to‘rt mahal ovqatlanish va juda yaxshi sharoitlari bilan o‘n kun uchun 4 million so‘m atrofida. Viloyatimizdagi eng qimmat sanaladigan ba’zi xususiy klinikalardagina bir kunlik joy haqi 520 ming so‘m (bu narxning ichiga to‘rt mahal ovqatlanish, vanna sochiqlari, kiyim-kechak, gigena vositalari kiradi).
Darvoqe, biz narxlarni solishtirayotganda bir xil yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan klinikalarni tanlashga harakat qildik.
To‘g‘ri, shahar aholisi o‘z shifoxonasida, tumanlarda ham shunday tibbiyot birlashmalari qoshida faoliyat ko‘rsatuvchi markaziy shifoxonalarda o‘sha hudud aholisi bepul joy va xizmat bilan ta’minlangan holda davolanish imkoniga ega.
Eng yomoni, qaysi tibbiyot muassasasiga bormang, odam ko‘p, demakki bemor ham.
Gulruh MO‘MINOVA.