Yurtdoshlarimizning qahramonligi unutilmaydi

Eshonqul Ismoilov 1912 yil Payariq tumanining Kichik turk qishlog‘idagi dehqon oilasida tug‘ilgan. Dastlab sobiq Karl Marks nomidagi kolxoz tabelchisi, brigadir va ferma mudiri, rais muovini vazifalarida ishlagan. 1942 yil tuman harbiy komissariyati tomonidan armiya safiga chaqirilgan. Dastlab Belorussiya frontida, keyin Ukraina frontida fashistlar bilan bo‘lgan shiddatli janglarda qatnashdi.

Urush oxirlarida sovet armiyasi Polshaning Proznan shahrini ozod etishda qatnashib, ko‘rsatgan jasorati uchun gvardiyachi askar E.Ismoilov “Sovet ittifoqi qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan. Bu yerdagi janglarda mardlik ko‘rsatgan jangchi qurshovda qolgan 400 nafarga yaqin yarador askar va ofitserlar davolanayotgan gospitalni ozod etish ishlarida qatnashdi.

Urushdan o‘z yurtiga qaytgan E.Ismoilov G‘allaorol tumanidagi “Qizil kuch” kolxozida mehnat faoliyatini davom ettirdi - ferma mudiri, ombor mudiri, rais muovini, ittifoq qishloq soveti raisi bo‘lib ishladi.

1975 yilda g‘alabaning 30 yilligi Polsha Respublikasida katta tantanalar bilan niishonlandi. Ushbu tadbirlarga Proznan shahri meridan Eshonqul Ismoilovga taklifnoma kelgan. Lekin ayrim sabablar bilan qahramon bu marosimlarga borolmagan. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay Polshadan maxsus vakillar E.Ismoilov xonadoniga kelib, orden va medallarni tantanali topshirishgan.

E.Ismoilov 1990 yilda vafot etdi. U tug‘ilib o‘sgan qishloq maktabi  Eshonqul Ismoilov nomi bilan atalardi. Hozirda qahramonning nabirasi ushbu maktabda direktor sifatida faoliyat yuritmoqda.

Ortiq PARDAYEV.