Yurtimizda epilepsiya kasalligi jarrohlik usulida davolanmoqda
Hozir dunyoda 3,4 milliard kishi nevrologik kasalliklardan aziyat chekmoqda. Bu — Yer yuzi aholisining 43 foizi degani. Ana shu qatlam orasida epilepsiya tashxisi qo‘yilgan bemorlar ham bor.
Xususan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, ayni kunda sayyoramiz bo‘yicha 50 milliondan ortiq kishi ushbu dard bilan yashamoqda. Achinarlisi, keyingi davrda ular soni yiliga 5 million nafarga ortyapti.
Xo‘sh, bu qanday omillar bilan bog‘liq? Xastalikning yaqqol alomatlari qaysilar? Yurtimizda ushbu patologiyani davolash bo‘yicha qanday yutuqlarga erishilmoqda?
Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori G‘ayrat KARIYeV shu haqda ma’lumot berdi.
— Epilepsiya – bosh miyaning surunkali kasalligi, — deydi mutaxassis. — U xalq orasida tutqanoq, quyonchiq, deb ham ataladi. Xastalik 70 foiz holatda 20 yoshgacha bo‘lgan davrda rivojlanadi.
Bu, dunyoda endemik kasalliklar xavfi ortishi, yo‘l-transport hodisalari va tug‘ilish chog‘idagi jarohatlar ko‘payishi, tibbiy infratuzilma, arzon hamda malakali tibbiy yordam yetishmasligi kabi qator omillar bilan bog‘liq.
Qolaversa, stress, uyqusizlik, jismoniy faollik kamligi, miyada qon tomir anomaliyalari, yuqori isitma kasalliklari, qonda shakar miqdorining haddan tashqari pasayishi, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, metabolik buzilishlar, turli infeksiyalar ham xastalikning paydo bo‘lishiga turtki bo‘ladi.
Epilepsiyaning eng yorqin alomati — tutqanoq. Odatda, bu ikki so‘z xalq orasida bir ma’noda qo‘llanilsa-da, aslida bir tushunchani anglatmaydi. Epilepsiya takroriy va o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladigan tutilishlar bilan kechadi. Bir bor tutqanoq bo‘lgan odamga epilepsiya tashxisi qo‘yilmaydi.
Bundan tashqari, mazkur patologiya xuruj qilganda xushni yo‘qotish, baqirish, mushaklarning beixtiyor qisqarishi, og‘izdan ko‘pik va g‘alati ta’m kelishi, tishlarni siqish, tilni tishlash, ichak va siydik pufagi ustidan nazoratni yo‘qotish, kayfiyatning keskin o‘zgarishi, qo‘l-oyoqlar qaltirashi, nafas olish qiyinlashuvi, kipriklarni tez-tez pirpiratish, bir nuqtaga tikilib qolish kabi simptomlar qayd etiladi.
Ushbu kasallik go‘daklikdan to keksa yoshga qadar, har qanday davrda paydo bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, epilepsiya xurujlarining oldini olsa bo‘ladi. Bundan tashqari, 70 foiz bemorlar tutqanoqqa qarshi dorilar yordamida to‘g‘ri muolaja olib, bu darddan xoli yashashlari mumkin.
Hozir markazimizda ana shu kasallikni jarrohlik yo‘li bilan, ilg‘or usullar asosida samarali muolaja qilish yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa qo‘shni davlatlardan ham murojaatlar soni oshishiga xizmat qilyapti, deya xabar beradi SSV matbuot xizmati.