@zarafshonbot ’ga murojaat: Toyloqda sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi suvning sifatini tekshira olmaydimi?
Sifatsiz suv iste’moli qancha kasalliklarga sabab bo‘lishi haqida gapirib o‘tirish ortiqcha. Shunisi aniqki, hech bo‘lmasa o‘zimiz doimiy ichadigan suvning sifati haqida bilishimiz shart. Ayniqsa, ayrim tumanlarda hozir ham hovlilarda 6-10 metrdan suv tortadigan bosma kranlardan foydalanilishini hisobga olsak, suvning tarkibiga shubha yanada ortadi.
Toyloq tumanida yashayman. O‘zim ham bosma krandan foydalanaman. Chunki biz yashaydigan hududda ichimlik suv tarmog‘i yo‘q. Shu sababdan sifatini suvdan namuna olib, tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limiga topshirgandik. Suv iste’molga yaroqli chiqsa-ku yaxshi. Agar sifatsiz bo‘lsa boshqa chora ko‘rishga majburmiz.
Ammo muammo hozircha suvda ham emas ekan. Avvalo, tumanda shu suvning sifatli yoki yo‘qligini aniqlay olish masalasi ham muammoga o‘xshaydi. Chunki qariyb bir yarim oyki, ana shu biz topshirgan suv tarkibi bo‘yicha javob yo‘q.
Suvdan namuna olgan xodimlar o‘zlari bog‘lanib natijani aytishini ma’lum qilgandi. Yo‘q. Hatto tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi bosh vrachiga ham bir necha marta bog‘landik. Qanday qilib namuna javobini olish mumkinligini so‘radik. Va’da ham oldik. Baribir natija yo‘q.
Endi qator savollar tug‘ilmoqda. Hozirgi vaqtda ichimlik suv tarmog‘i bormagan hududlardagi vaziyat bilan, avvalo, shu bo‘limning o‘zi xavotir olishi kerakmasmidi? Aholi qanaqa suv ichyapti, kasallik orttirmayaptimi, degan savollar mutasaddilarni qiynashi kerakmasmi?
Xo‘p, bu savollar ularni qiynamas ekan, aholining o‘zi murojaat qilganda nahotki suvning tarkibini aniqlab berish imkonsiz? O‘zi tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limida loaqal suvning tarkibini aniqlashning imkoni bormi? Agar imkoni bo‘lmasa allaqachon sohaga xususiy tadbirkorlarni jalb qilish, tumanlarda ham xususiy laboratoriyalar ochish lozim. Chunki bu bo‘limga ishonib qolgan odam, aftidan, oylar davomida ham kutib yuraveradi. Muammo faqat men yoki 2-3 nafar fuqaroniki emas. Shu sababdan bunga jiddiyroq qarash, sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi mutasaddilariga ham buni tushuntirish kerak. Xolbuki, shusiz ham, eng avvalo, masalani ular yaxshi tushunishlari kerak edi.