Zarnews.uz dagi chiqish e’tiborsiz qolmadi

“Assalomu alaykum, Zarnews.uz tahririyati xodimlari! Yaqinda saytning bot manziliga Samarqand shahridagi 3-tug‘ruq majmuasida rafiqam bilan yuz bergan holat, ya’ni bizni bu yerda qabul qilishmagani yuzasidan murojaat qilgandim. Ushbu murojaatim e’tibordan chetda qolmay, saytda e’lon qilingach, mazkur tug‘ruqxona mutasaddilari kelib, rafiqam hamda yaqinda tug‘ilgan farzandim holidan xabar olishdi. Tug‘ruqxonadagi boshqa onalarning hayotini o‘ylab, shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lganlari, bugungi kunda ehtiyotkorlik har bir fuqaro uchun juda muhimligini aytishdi. Shifokorlarimizga hurmatni saqlagan holda, bunday holatlar boshqalarda ham yuz bermasligini istab qolamiz», deb yozadi Samarqand tumani Ko‘lbaipoyon mahallasida yashovchi yurtdoshimiz.

O‘z navbatida ikkita maqola yuzasidan ham 3-tug‘ruq majmuasi rahbarlari bizga murojaat qilib, yuzaga kelgan tushunmovchilik ikki tomon ishtirokida muhokama etilib, bartaraf etilganini ma’lum qilishdi va noqulaylik uchun uzr so‘rashdi.

Elektron manzilimiz va tahririyatimizga bo‘layotgan har bir murojaat e’tiborimizda. Biz kimnidir tanqid yoki “yomonotliq” qilish fikridan yiroqmiz. Maqsadimiz – yuzaga kelgan muammoga yechim topish, mutasaddilar e’tiborini qaratish, kelgusida bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik. Va albatta, jamiyatda kechayotgan har bir jarayon jamoatchilik e’tiborida ekanligini eslatishdir.