Zebinisobegim ko‘chasida yashovchilar nimadan norozi?

Gap Samarqand shahridagi Said mahallasi, Zebinisobegim ko‘chasida yashovchi bir guruh fuqarolarning bu yerda qurilgan uch qavatli uy va uning qurilishi oqibatida kelib chiqqan muammolar bilan bog‘liq shikoyat xati haqida bormoqda. Ushbu mahallada yashovchi Sh.Faxritdinova, Sh.Sultonova, N.Ahtamova, S.Sultonovalar viloyat hokimiga hokimning telegram messenjeri orqali murojaat qilib, 2017 yilda bu yerda tadbirkor Akmal Abrorov qo‘shnilar roziligini  olmasdan, noqonuniy ravishda uch qavatli imorat qurganligi, buning oqibatida mahallaning tinchi buzilgani va ikki tomondagi qo‘shnilarning yashash uylari jiddiy zarar ko‘rganligini yozgan. Muammoni hal qilishda xolisona yondashuvni ta’minlash maqsadida viloyat hokimi taklifi bilan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi tomonidan ishchi guruhi tuzildi va vaziyat joyida o‘rganildi.

MUAMMO NIMADA?

Said mahallasiga borganimizda muammoga sabab bo‘lgan ko‘p qavatli uy buzilayotgan ekan. Bu haqda keyinroq. Dastlab muammoning kelib chiqish sabablariga e’tibor qaratsak.

Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand shahar hokimi (V.Rahimov)ning 2017 yil 30 iyundagi 1100-Q-sonli qaroriga asosan Abrorov Akmal Alisherovichga Samarqand shahar, Zebinisobegim ko‘chasi 58-uydagi 1320,54 kvadrat metr maydonda joylashgan hovli-joy binolarini buzib, yangi loyiha hujjatlari asosida uch qavatli uy-joy binolari sifatida qayta qurishga ruxsat berilgan. Ushbu hujjat asosida A.Abrorov bir yil davomida imoratni qurgan. 2018 yil 5 iyulda Samarqand shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi T.Esirgapov tomonidan "Egalik qilish huquqini belgilash to‘g‘risida" 1210-Q-sonli qaror qabul qilingan va shu hujjat asosida A.Abrorov bu uyga egalik qilgan.

Avvaliga bir oila yashashi uchun hovli-joy qurishni maqsad qilganligini bildirgan A.Abrorov sekin-asta oz emas-ko‘p emas, 38 xonadonga ega  imorat qurgan. Qabul qilingan qaror bunga mos kelmasligi, bunday "ulkan uy" qurilishidan norozi bo‘lgan Zebiniso ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqarolar 58-uyning qonunga zid ravishda qurilganini bildirib, turli idoralarga murojaat qilgan…

XO‘Sh, ODAMLAR NEGA BU UY QURILIShIGA QARShI BO‘LIShDI?

Mahalla faoli Erkin Qosimov:

– Men ko‘p yillar shu mahallaga raislik qilganman. Biz avval boshdan bu yerda ko‘p qavatli uy qurilishiga qarshi chiqqanmiz. Lekin tadbirkor "Qo‘limda shahar hokimligining qarori, mutasaddi idora rahbarlarining ruxsatnomasi bor", deya bizning qarshiligimizga qaramay qurilishni amalga oshirdi. Men salkam o‘ttiz yil qurilish tashkilotlarida ishlaganman. Bir qavatli hovli-joylar orasida ko‘p qavatli uy qurilishi na qonunchiligimizda, na boshqa me’yoriy hujjatlarda bor.

56-xonadonda yashovchi Lola Sultonova:

– Mening uyim shu noqonuniy binoning yonida joylashgan. Bu binoning qurilishi oqibatida uyimning bu yerga tutash xonasi devori yorilib ketdi. Keyin bilsam, yon tomoni poydevori va devor qismi ham jiddiy darz ketibdi. Uyni qurgan A.Abrorovga aytayin desam, qurilish davomida qorasini ko‘rsatmadi: qurayotgan quruvchi esa "Men otvetstvenniy emasman", deydi. Egasi bosh­qa, quruvchisi boshqa, kvartiralarni sotgani qaysi-yu olgani qaysi, hamma ish sirli ravishda kechdi. Lekin javob beradigan odam yo‘q...

Ushbu imoratning chap tomonidagi qo‘shni hovli – 60-xonadonda yashovchi Shohista Faxriddinova shu kuni o‘z yumushi bilan safarda bo‘lganligi bois avval keksa onasi bilan gaplashdik, so‘ng o‘zi bilan telefon orqali bog‘landik.

– Ko‘p qavatli uyning qurilishi oqibatida uyim devorlarining turli joylari yorilib, yashashimiz uchun xavfli holatni yuzaga keltirdi, – dedi Sh.Faxriddinova. – Bundan xavotirga tushib, qurilishni to‘xtatish va ko‘rgan zararimni kim qoplashini talab qilib Samarqand shahar hokimligiga murojaat qilganimda mening dardimni hech kim eshitmadi.

Yaqinda viloyat bosh arxitektori B.Elmurodovga uchrashganimda u "Bu hududdagi bir necha uylar buzilib, o‘rnida "Samarqand siti" tarkibidagi binolar quriladi. A.Abrorovga tegishli bino ham buziladi, sizniki ham. O‘shanda uyingiz baholash komissiyasi a’zolari ishtirokida narxlanib, pul beriladi", dedi. Ammo biror marta uyimiz buzilib, uning o‘rnida "Samarqand siti" loyihasi bo‘yicha binolar qurilishi to‘g‘risida ogohlantirish xati olganimiz yo‘q. Hatto bu yerda qanaqa imorat bo‘lishi haqida ham hech kim ma’lumot bergan emas.

MUAMMOLI UCh QAVATLI BINO BUZILDI

Salkam ikki yildan buyon aholi e’tiroziga sabab bo‘lib kelayotgan 58-uy bo‘yicha sud qarori chiqarilib, unga ko‘ra Samarqand shahar hokimining 1100-Q-sonli va 1210-Q-sonli qarorlari bekor qilinib, uy noqonuniy ravishda qurilgan, deb topildi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 oktyabrdagi Samarqand shahrining sayyohlik potensiali va shaharsozlik konsepsiyasini rivojlantirish bo‘yicha sayyor yig‘ilishi bayoni asosida Samarqand shahar hokimi (F.Rahimov) 2018 yil 1 noyabrda "Samarqand shahrining potensiali va shaharsozlik konsepsiyasini rivojlantirish munosabati bilan turar va noturarjoy bino-inshootlarini buzishga ruxsat berish to‘g‘risida"gi 2093-Q-sonli qaror qabul qildi. Qarorda bir qator turar joylar qatorida Zebinisobegim ko‘chasidagi uylar buzilishi nazarda tutilgan va bu hujjatga asosan mazkur uy hozirgi vaqtda buzilmoqda.

Bu holatga Samarqand shahar bosh arxitektori F.Mardonqulov shunday izoh berdi:

– Bu yerda yashovchi fuqarolar uyning noqonuniy qurilayotgani haqida bizga ham ko‘p murojaat qilishdi. Bunday vaziyatda masala sud orqali hal etilishini aytganmiz va sud hamma tomonni o‘rganib, odilona qaror chiqardi. Shuni ham aytish lozimki, Vazirlar Mahkamasining qarori asosida bu hududda "Samarqand siti" loyihasi asosida mehmonxonalar qurilishi munosabati bilan 2022 yilga qadar Said mahallasining sobiq "Alpomish" zavodiga tutash 12-maktabgacha bo‘lgan 2,58 gektar maydonida joylashgan 119 ta turarjoy va 6 ta noturarjoy binolari ham buzilib, xonadon egalarining xohishiga qarab, boshqa joydan uylariga tenglashtirilgan uy yoki pul mablag‘lari beriladi. Bu haqda aholi shahar hokimligi tomonidan xabardor qilingan.

XONADON EGALARI UYLAR BUZILIShI HAQIDA 6 OY OLDIN BILIShLARI KERAK

Shahar bosh arxitektorining gapidan keyin ikkinchi muammo kelib chiqdi. Surishtiruvimiz davomida Samarqand shahar hokimligi qurilish bo‘limi mutaxassisi F.Istamov bu maydon "Samarqand siti" loyihasi asosida bunyod etiladigan binolar uchun olinishi va bir necha fuqarolar uy-joylari buzilishi haqida ogohlantirilganini aytdi. Biroq Zebinisobegim ko‘chasida yashovchi fuqarolar bu haqda kimlardandir eshitgani, ammo hech bir mutasaddi idora vakili xonadoniga kelib, rasmiy ogohlantirmaganini bildirdi. Buni qanday tushunish mumkin?

Axir Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori asosida qabul qilingan "Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida Nizom"ning 4-bandida davlat va jamoat ehtiyojlari uchun uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlarni, inshootlarni buzish bu jarayon boshlangungacha 6 oydan kechikmay, imzo qo‘ydirib, yozma ravishda har bir yashovchini xabardor qilishi shartligi belgilangan. Nizomning 18-bandiga ko‘ra esa buzilayotgan uy (kvartira) egasining roziligiga ko‘ra tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari tegishli qarorda uylarni topshirishning aniq muddatini ko‘rsatgan holda qurilayotgan uylardan bir oy muddatda turar joy berishi shart.

FUQAROLAR HAMON BEZOVTA

Garchi aholi tinchini o‘g‘irlagan uch qavatli uy buzilgan, buning natijasida muammoga yechim topilgan bo‘lsa-da, ular hamon bezovta. Bu bejiz emas. Birinchidan, buzilgan bu bino o‘rnida yana bir noqonuniy imorat qurilmasligiga kim kafolat beradi? Ikkinchidan, binoning qurilishi sabab 56– va 60-uylarda yashovchi fuqarolarning xonadonlari jiddiy zarar ko‘rgan. Buni kim qoplaydi, bunga kim kompensatsiya to‘laydi?

– Yuqorida aytganimdek, bu hududda bir-bir yarim yildan so‘ng "Samarqand siti" loyihasi asosida zamonaviy mehmonxonalar qurilishiga kirishiladi, – deydi F.Mardonqulov. – Shuning uchun bu yerda hech qanday yangi qurilishga ruxsat berilmaydi.

Xo‘p, shunday bo‘ladi, deylik. Bu yaxshi. Ammo ikkinchi savolga ularning javobi yo‘q.

– Noqonuniy uy qurilishi davomida xonadonim devori yorilgan bo‘lsa, 29 martdagi kuchli yog‘ingarchilik oqibatida yana zarar ko‘rdim, – deydi Sh.Faxriddinova. – Chunki 58-uy buzilishi davomida qurilish chiqindilari vaqtida olib ketilmadi. Oqibatda bino hovlisida katta suv to‘plandi va unga tutash ikkita xonamga suv sizib o‘tib, devor va pollarni ta’mirtalab holatga keltirdi. Shahar bosh arxitektori ham, viloyat bosh arxitektori ham uyingiz buziladi, shunda narx­lanib, haq olasiz, deyishdan nariga o‘tmayapti. Bunga ishonmayman. Chunki Samarqand shahrining bosh rejasi hali tasdiqlanmagan, "Samarqand siti"ning "Alpomish" zavodi o‘rnidagi asosiy qismida haligacha qurilish boshlangani yo‘q. Bu bizning uylar hali-beri buzilmasligidan darak. Qolaversa, viloyat madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, biz yashaydigan Zebinisobegim ko‘chasidagi turar va noturarjoy binolari YuNESKOning butunjahon madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan hududning bufer zonasida joylashgan.

ODAMLAR BILAN OChIQChASIGA GAPLAShISh ShUNChALIK QIYINMI?

Said mahallasida bo‘lib, odamlar bilan suhbatlashib bir xulosaga keldik: Samarqand shahar hokimligi bu yerda ko‘p qavatli uy-joy qurilishiga ruxsat berganida ham, uning buzilishida ham, "Samarqand siti" loyihasi asosida hududda zamonaviy inshootlar barpo etilishi va buning uchun ayrim turarjoy binolari buzilishi mumkinligi haqida ham ochiq-oydin gaplashib olmagan. Kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, deganlaridek aholi nazdida sirli, xufiyona qilingan ishlar, qabul qilingan qarorlar ularning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan.

O‘z-o‘zidan savollar yog‘ilib kelaveradi: hokimlik, qurilish korxonasi rahbari Zebinisobegim ko‘chasidan uy qurayotganida nega aholini xabardor qilmadi, ular bilan ochiq-oydin suhbatlashmadi?

Nega bir qavatli hovli-joylar orasida ko‘p qavatli uy qurishga ruxsat berildi? Aholini norozi qilib, kimdir cho‘ntagini qappaytirsa, bu adolatdan bo‘ladimi? Chunki qurilgan bu uydan kvartira sotib olganlar hammasi bo‘lib bir necha oy yashagan. Uy xususiy mablag‘ hisobidan qurilgan va uni sotganlar yaxshigina pul ishlab olgan. Endi uni buzish davlat mablag‘i hisobidan amalga oshirilmoqda. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, har bir xonadon egasiga turar joyining hajmiga qarab, 30-40 ming dollardan berilgan ekan. Endi bu summani 38 ga ko‘paytiring. Buning ortida yaqqol jinoyat yashirinmaganmi?

Yana savollar "oqib" kelaveradi: 56– va 60-uylarda yashovchi L.Sultonova hamda Z.Faxriddinovalar noqonuniy qurilish va 29 martda bo‘lgan yomg‘irli kundagi holatdan ko‘rgan zararini kim, qanday qoplaydi?

Bu yerda "Samarqand siti" loyihasi bo‘yicha binolar qurilishi to‘g‘risida shahar hokimligi aholini nega xabardor qilmadi? Nega bu yerda qanday imoratlar qad rostlashi haqida ma’lumot bermadi? Samarqand shahar hokimining "Samarqand shahrining potensiali va shaharsozlik konsepsiyasini rivojlantirish munosabati bilan turar va noturarjoy bino-inshootlarini buzishga ruxsat berish to‘g‘risida"gi qarori mohiyatini nega hech kim aholiga tushuntirmayapti?

Aksincha, hokimlik vakillari aholini bir joyga chaqirib, Samarqand turizm shahri, mamlakatimizning ko‘rki ekani, bu yerda Prezidentimiz tashabbusi bilan "Samar­qand siti" bunyod etilayotgani har bir samarqandlik uchun iftixor ekani, zarurligi bois ularning uy-joylari o‘rnida imoratlar barpo etilishi, buning uchun har bir fuqaroga uylari narxida boshqa joydan turarjoy berilishini aytishi kerak edi. Katta ko‘rinishlardagi plakatlarda uning loyihalarini bir emas, bir necha marta taqdim etishi lozim edi. Ana shu taqdimotlar o‘tkazilmaganligi uchun endilikda mutasaddilar uyma-uy yurib, har bir xonadon sohibi bilan individual tarzda gaplashgan holda muammoga yechim topishlariga to‘g‘ri keladi. Chunki biz bilan muloqot qilgan turarjoy egalari o‘z uylarining buzilishiga va bu yerdan boshqa joyga ko‘chib borishga rozi emasliklarini, ularning mulkiga hech kim daxl qila olmasligini ma’lum qildi.

Bu savollarga javobni kim beradi?

Akram HAYDAROV,

Husan ELTOYeV,

"Zarafshon" muxbirlari.