Zerikarli dars - o‘quvchining fikrlashini, intilishini cheklaydi
Umume’tirof etilgan tamoyillarga ko‘ra, adabiyot faqat pedagogik maqsadlarga xizmat qiluvchi fan bo‘libgina qolmay, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qitiladigan boshqa fanlar singari o‘quvchilarga birinchi navbatda bilim berishi, ya’ni ko‘p asrli o‘zbek adabiyoti tarixi va hozirgi adabiy jarayonning asosiy yo‘nalishi – yetakchi yozuvchilar va ular ijodi bilan, ularning asarlarida o‘z ifodasini topgan xalq va mamlakat tarixi bilan tanishtirishi, adabiyotning fan sifatidagi o‘ziga xos tomonlari va nazariy masalalari haqida tasavvur berishi lozim.
Umumta’lim maktabini bitirib chiqqan o‘quvchi o‘zbek adabiyotining eng qadimgi davridan hozirgi davriga qadar bosib o‘tgan yo‘li haqida, atoqli yozuvchilarning hayoti va ijodi to‘g‘risida muayyan bilimga ega bo‘lishi kerak.
Matnni sharhlab o‘rganish uning mohiyatiga yetishni ta’minlaydi. O‘quvchining mustaqil fikrlashga va bilim olishga bo‘lgan intilishini cheklaydigan narsalar - dars jarayonidagi bir xillik hisoblanadi. Buning oldini olish uchun adabiyot darslarida bolalar bilan asar haqida suhbatlashishni bilish, ularning javoblaridan savollar topa olish va bu savollar yordamida o‘quvchini asar mohiyatiga olib kirish, undagi hayot haqiqati haqida ongli ravishda, to‘la ishonch bilan ma’lum xulosalarga kelishiga ko‘maklashish juda muhim. O‘qituvchi o‘quvchilarda sodir bo‘layotgan aqliy taraqqiyotni kuzatib borishi, baholashi va rag‘batlantirib turishi lozim. O‘qituvchi o‘rganilayotgan badiiy asar yuzasidan o‘quvchilarning o‘zlariga xulosa chiqarish imkonini bersa, birinchidan, ularning ijodiy tafakkuri rivojlanadi, ikkinchidan, fikrlar teranligi ta’minlanadi.
Bugungi ta’limda badiiy matnni o‘rganish, uni baholay olish, tahlil qilish bilan bog‘liq bo‘shliqni to‘ldirish uchun o‘quvchilarning tayyor holda olingan bilimlarni eslab qolishiga bo‘lgan o‘qituvchi e’tiborini, uning ruhiyatida mavjud bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish shart.
Metodist olim B.To‘xliyev ta’kidlaganidek, “Adabiyot o‘qituvchisining asosiy vazifasi o‘quvchiga yozuvchi ko‘zda tutgan badiiy olam eshiklarini ochib ko‘rsatishdan iborat. Badiiy olam deyilgan qutlug‘ qasrning muborak va muqaddas ostonasiga olib kelingan o‘quvchi bu qasrning cheksiz osmonidagi rangin yulduzlaridan hayrat tuyg‘ularini yuqtirishi, ulardan olam va odam sirlarini o‘rganishning sehrli kalitlarini topishi darkor”.
Bugungi kun maktabining oldida dolzarb masala bo‘lib turgan jihat, o‘quvchilarning ta’lim jarayonidagi mustaqil va ijodiy faolligini oshirish, bilimlarni mustaqil egallashga, o‘z ilmiy dunyoqarashini kengaytirishga tayyorlash muammosi turibdi. Maktab adabiy ta’limi jarayoni o‘quvchining bilimlarni ongli ravishda o‘zlashtirishini, o‘rganilayotgan masala mohiyatiga kirib borishini tashkil etishi lozim.
O‘rganilgan badiiy asar bo‘yicha savollar tuzish, didaktik tahlil qilish, asar obrazlariga muammoli tavsif berish, mustaqil o‘rganilgan asarlar yuzasidan qayta hikoya qilib berishga tayyorlanish kabilar o‘qish savodxonligini samarali tashkil etish ishlari sirasiga kiradi.
O‘rganilgan badiiy asar yoki undan olingan parcha asosida mulohaza – insho yozish, o‘qituvchi bergan savollarga kengaytirilgan javoblar tayyorlash, badiiy obrazlarga muammoli tavsif berish kabilardan ko‘zlangan maqsad o‘qish savodxonligi va matnni tushunishni ta’minlaydi. O‘qilgan asarga mustaqil ravishda munosabat bildirish ko‘nikmalarini hosil qilish, taassurot, shaxsiy kuzatishlar asosida insho yozish, reja tuzish va materiallar tanlashni o‘rganish tegishli bilim, ko‘nikma va malakaga ega bo‘lishga olib keladi. Bu ishlarning samarali tarzda amalga oshirilishi esa hozirgi davr talabi bilan chamabarchas bog‘liq.
Savol va topshiriqlar o‘quvchida bilimga erishish yuzasidan qo‘shimcha ko‘nikmalarni shakllantirish, uni mustaqil fikrlashga o‘rgatishga qaratilgan bo‘lmog‘i zarur. Zero, mavzular yuzasidan tuzilgan savol va topshiriqlarda badiiy-estetik didni shakllantirish bilan bir qatorda, vatanparvarlik ruhini tarbiyalash masalasi ham aks etgan.
Ma’lumki, savollar evristik, suhbat metodlarini qo‘llash hamda uy vazifalarini so‘rashning asosiy quroli sanaladi. Ular bolaning aqliy faoliyatini oshiradi.
Metodik adabiyotlarda alohida ko‘rsatilganidek, savol va topshiriqlarning o‘rganilgan, standart shakllardan boshqacha, o‘zgargan holda qo‘yilishi katta ahamiyat kasb etadi. Bunday vaziyatlarda o‘quvchining tafakkuri mustaqil tarzda ishlay boshlaydi. Negaki, uning oldiga javob berishni talab qiladigan vazifa qo‘yiladi.
Maktab davrining har bir bosqichida beriladigan materiallar ko‘lami chuqur tahllillardan so‘ng darsliklarda o‘z aksini topadi. Shu jihatdan qaraganda, o‘quvchilarda kelajakka ishonch, intilish, odamlar bilan qiziqish, atrof-muhitga tanqidiy nuqtai nazar bilan qarashning kuchayishi shakllana boshlaydi. Binobarin, mazkur davrda ular tomonidan o‘qilgan asarlar kelajakda bolaning shaxs sifatida shakllanishiga turtki beradi.
Husan BERDIYEV,
Zulxumor AShUROVA.