Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand OTMda nechta xorijlik talaba tahsil olyapti?

Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalari xorij o‘quv yurtlari bilan shartnoma imzolab, o‘zaro tajriba almashib kelmoqda. Keyingi yillarda bunday hamkorlik kelishuvlari ijobiy samara beryapti. Jahon tajribasiga tayangan holda dunyo standartlariga mos, yetuk kadrlar tayyorlash bugungi kunning talabi sanaladi. Oliy ta’lim muassasalari bu borada qanday ishlarni amalga oshirdi?

Samarqand davlat universiteti 90 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik shartnomalari imzolagan. Shuningdek, AQSh, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Isroil, Xitoy kabi davlatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘sh diplom («Double degree») berish kelishuvi mavjud.

2019-2020 o‘quv yili boshlanganidan buyon universitet o‘quv jarayonlariga 15 nafardan ziyod xorijiy professor-o‘qituvchi, olim, mutaxassislar jalb etilgan.

O‘z navbatida, universitetning 30 dan ortiq professor-o‘qituvchilari joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida xorijiy oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirish, talabalarga ma’ruza o‘qish va xalqaro konferensiyalarda qatnashish uchun yuborilgan.

Qobiliyatli, bilimli talabalar ushbu o‘quv yilida xorijiy oliy ta’lim muassasalariga magistraturaga o‘qishga qabul qilingan.

2019-2020 o‘quv yilida universitetda 4 nafar tojikistonlik va 1 nafar rossiyalik talaba tahsil olyapti. Shuningdek, 4 nafar afg‘onistonlik talaba magistratura bosqichida o‘qimoqda.

- O‘zbekistonda xorijlik talaba va o‘qituvchilar uchun zamonaviy shart-sharoitga ega bepul turar-joylar yaratilganini tasavvur ham qilmagandim, - deydi afg‘onistonlik magistr Cholpan Zabihullah. – O‘zbekistonliklarni bejiz mehmondo‘st, bag‘rikeng deyishmas ekan.

- Universitetda xorijlik talabalar uchun alohida, o‘qituvchilar uchun alohida turar-joy ajratilgan. Turar-joylar zamonaviy jihozlangan va bepul beriladi, - deydi xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Otabek Umarov.     

Bundan tashqari, yangi o‘quv yilida universitetda xalqaro ta’lim dasturi fakulteti o‘z faoliyatini boshladi. 180 nafar yoshlar bakalavr va 34 nafar talaba magistraturaga qabul qilindi. 15 nafar talaba esa xalqaro almashinuv dasturida ishtirok etmoqda.

***

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti bugun dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidagi 82 ta nufuzli oliy ta’lim muassasasi bilan ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, ular bilan shartnoma, bitim va memorandumlar imzolagan.

2019 yilning 9 oyi mobaynida institut professor-o‘qituvchilaridan 23 nafari, talaba, magistrant va katta ilmiy xodimlarning 53 nafari xorijiy davlatlarda bo‘ldi. Almashinuv dasturi bo‘yicha dunyoning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida o‘quv va malaka amaliyotini o‘tab keldi. Shuningdek, 9 nafar xorijlik professor ma’ruza va seminar darslarini olib borish uchun institutga tashrif buyurdi.

2019 yil 1-3 sentyabr kunlari Grodno davlat agrar universiteti vakillari S.Yurgel, A.Bidnaya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tashkil etilgan qo‘shma fakultetga talabalarni qabul qilish va o‘quv dasturini yaratish maqsadida institutga tashrif buyurdi.

***

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti 2018-2019 o‘quv yilida Yevropa, Amerika, Avstraliya va Janubiy-sharqiy Osiyoning 14 dan ortiq ilg‘or oliy ta’lim muassasalari  bilan hamkorlik memorandumlari tuzgan.

Universitet mamlakat tarixida birinchi bo‘lib, qo‘sh diplom («Double degree»)  dasturi  bo‘yicha  hamkorlikda  talabalarni  o‘qitishni  yo‘lga  qo‘ydi. Hozirgi paytda talabalarni uch diplom («Triple degree») dasturi bo‘yicha o‘qitish loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Yaqinda bu borada xorijiy universitetlar bilan kelishuvlarga erishildi.

Universitet jahonning 13 ta ilg‘or oliy ta’lim muassasalarida hamkorlarga ega bo‘lib, ular orasida Guylin turizm universiteti (Xitoy), Surakartadagi Saxid politexnika instituti, Guanadarmadagi turizm va mehmondorchilik menejmenti instituti (Indoneziya), Parij turizm  akademiyasi (Fransiya) bor.

Universitetda 3 nafar xorijlik talaba tahsil olmoqda. Ularning ikki nafari Tojikistondan, bir nafari Qozog‘istondan. Shuningdek, Turkiya, Kanada, Qozog‘iston, Germaniya, Bolgariyadan kelgan xorijlik professor-o‘qituvchilar talabalarga dars bermoqda.

Universitetning faol talabalari har yili yozda xorijda amaliyot o‘taydi. Masalan, joriy yil yozida 10 nafar talaba Italiyada, 15 nafari Indoneziyada, bir nafari Turkiyada va bir nafari Germaniyada amaliyot o‘tadi. 2019-2020 o‘quv yilida talabalar Janubiy Koreya, Xitoy, Italiya, Germaniyada amaliyot o‘taydi.

***

Samarqand davlat meditsina instituti xalqaro hamkorlik va akademik almashinuvda ishtirok etadigan barcha sheriklarning teng huquqliligi prinsipiga asoslanib, davlat va xalqaro tashkilotlar, chet el universitetlari va ilmiy markazlari bilan 60 dan ortiq hamkorlik shartnomalari tuzgan. Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika va MDH mamlakatlari universitetlari bilan sheriklik aloqalarini rivojlantirmoqda.

Institutda ayni paytda 35 nafar xorijlik talaba davolash fakultetida tahsil olmoqda. Ularning 30 nafari Janubiy Koreya, 4 nafari Rossiya, bir nafari Tojikistondan kelgan.

Institut professor-o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalari bilan xalqaro konferensiyalarda qatnashib, chet el oliy ta’lim muassasalarida talabalarga dars berib kelmoqda. Masalan, 7-15 sentyabr kunlari professor A.Mamadaliyev va Ph.D kursi assistenti M.Aliyev Pekin shahrida ilmiy-xizmat safarida bo‘ldi.

Joriy yilning 18-19 oktyabr kunlari I.S.Turgenov nomidagi Orlov davlat universiteti delegatsiyasi institutga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida universitetning strategik rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi A.Budarina, tibbiyot instituti direktori I.Snimщikova, universitet klinikasi direktori A.Medvedovlar institut faoliyati va yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Oliy ta’lim muassasalarining chet elliklar bilan hamkorlikda olib borayotgan ishlari va kelgusidagi rejalari bir maqsadga qaratilgan. Bu ham bo‘lsa, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatli kadrlarni tayyorlashdan iborat.

Xurshida ERNAZAROVA.