Samarqandda ishlab chiqarish bilan bog‘liq 2 ta baxtsiz hodisa o‘lim bilan tugagan. Jabrlanganlarga kompensatsiya pullari to‘lanmayapti

2021 yilning 2 yanvaridan 3 yanvarga o‘tar kechasi, soat taxminan 00:00 lar atrofida Samarqand shahar 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabi qozonxonasida ishlab chiqarish bilan bog‘liq baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi. Oqibatda hodisa o‘t yoquvchining o‘limi bilan tugagan.

Bundan tashqari, 13 yanvar kuni chamasi soat 10:00 da Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi ishchisi bilan o‘z xizmat vazifasini bajarish vaqtida o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan.

Hodisa Samarqand shahar, Hujum ko‘chasi, “Samarqand-Singapur” xorijiy korxonasi ro‘parasida “Shaar" tashlama arig‘ining quyi qismida yopiq holatda o‘tgan quvur ichini maishiy chiqindilardan tozalash vaqtida sodir bo‘lgan. Obodonlashtirish boshqarmasi xodimi quvurga kirib, quyi qismida ishlayotgan vaqtda to‘satdan yuqoridan maishiy chiqindi va suv kelib qolishi oqibatida Sh.Pirnazarov suv ostida qolib, voqea joyida halok bo‘lgan.

Har ikki holat bo‘yicha bugungi kunga qadar marhumning oilasiga bir marta bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa to‘lab berilmagan. Shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik tufayli oyma-oy tovon puli nafaqasi tayinlanmagan.

Qayd etish lozimki, Samarqand shahar 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham, Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasida ham ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning xavfliligi yuzasidan attestatsiya (mehnat sharoitlari baholash)dan o‘tkazilmagan.

Kasaba uyushmalari federatsiyasi mehnat inspeksiyasining mehnat huquq va texnik inspektorlari ishlab chiqarish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish choralarini ko‘rmoqda.

Xususan, Samarqand shahrida joylashgan “Samarqandgeologiya” aksiyadorlik jamiyatida Mehnat kodeksining 110, 148-moddasi talablari buzilganligi aniqlangan.

Korxonada mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi muxandisi xonasida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasiga oid kitoblar, qo‘llanmalar, plakatlar, bannerlar, shaxsiy himoya vositalari yo‘q.

Xodimlarni mehnatni muhofaza qilish qoida va me’yorlari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish yuzasidan o‘quv xona tashkil etilmagan. Mehnatni muhofaza qilish yo‘nalishidagi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi komissiya yuqori tashkilot tomonidan o‘qitilmagan va attestatsiyadan o‘tmagan. Haydovchilarni ishga chiqish va kelishda kunlik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tashkil etilmagan.

Jamiyatda mavjud qozonxonada uch nafar xodim ishlaydi. Biroq qozonxonada ishlovchilar xavfsizlik texnikasi qoida va me’yorlari bo‘yicha o‘qitilmagan.

Bulung‘ur tumanida joylashgan “Ozodlik” davlat unitar korxonasida ishchi va xizmatchilari uchun oshxona tashkil etilmagan. Mehnat sharoiti noqulay va zararli ish joylarda band bo‘lgan 3 nafar xodim sut (shunga teng boshqa oziq-ovqatlar) bilan ta’minlanmagan. Har oyning oxirgi juma kuni korxonada “Mehnatni muhofaza qilish kuni” tashkil etilmagan. Mehnatni muhofaza qilish vakillar saylanmagan.

O‘rganishlarda Past Darg‘om tumanida joylashgan “Maroqand” mas’uliyati cheklangan jamiyatida Mehnat kodeksining 34, 110, 148, 161-moddalarining talablari buzilganligi aniqlandi. Jumladan, jamiyatda sanoat xavfsizligi bo‘yicha shtat birligi yo‘q. Mehnatni muhofaza qilish sohasida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi komissiya yuqori turuvchi tashkilot tomonidan attestatsiyadan o‘tkazilmagan.

Mehnat sharoiti noqulay va zararli ish joylarda band bo‘lgan xodimlar har kuni 0,5 litrdan sut (shunga teng boshqa oziq-ovqat mahsulotlari) bilan ta’minlanmagan. Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar mehnatni muhofaza qilish qoida va me’yorlari bo‘yicha o‘qitilmagan.

Narpay tumanida joylashgan Zirabuloq magistral gaz quvurlari boshqarmasida ham mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha saylangan 12 nafar vakil mehnat muhofazasi qoida va me’yorlari bo‘yicha o‘qitilmagan.

Boshqarma oshxonasi faoliyatini yuritish begona shaxslarga berilgan. Avtoxo‘jalik garajida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish aptechkasi tashkil etilmagan.

Qayd qilingan ish beruvchiga kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatma va tavsiyalar berilgan.

Ulug‘bek G‘aniyev,

Usmon Karimov,

Kasaba uyushmalari federatsiyasi mehnat inspeksiyasining mehnat huquq va texnik inspektorlari.