1 oktyabrdan boshlab quyosh va shamol elektr stansiyalarini xarid qilganlik uchun kompensatsiya to‘lanadi
2022 yil 1 oktyabrdan boshlab:
- jismoniy shaxslar mamlakatda ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyalari va quyosh suv isitgichlarini 3 yil mobaynida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sotib olishlari mumkin;
- shunga o‘xshash qurilmalarni o‘rnatgan va ularning qiymatini to‘liq to‘lagan shaxslarning xarajatlarining bir qismi Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiya tejash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Kompensatsiya miqdori qurilmaning quvvatidan kelib chiqqan holda BHMning 5 baravaridan 50 baravarini tashkil etadi.
Mazkur amaliyot joriy yid 9 sentyabrda e’lon qilingan “Energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun: ushbu maqsadlar uchun 2022 yil yakuniga qadar davlat byudjetidan ushbu Jamg‘armaga 100 mlrd so‘m yo‘naltirish topshirilgan.
- mahalliy ishlab chiqaruvchilardan, shuningdek mahalliy chakana savdo ob’yektlarida, shu jumladan elektron tijorat orqali qurilmalarni yetkazib beradigan va o‘rnatadigan korxonalardan qurilmalar sotib olinganida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi yoki yakuniy chakana narxdan kompensatsiya miqdori chegirib tashlanadi.
Shuningdek:
- hududlardagi 34 mingdan ortiq ob’yektlarda, shu jumladan 619 “Yangi O‘zbekiston” massivlarida va viloyatlardagi 28 mingdan ortiq uy xo‘jaliklarida muqobil energiya manbalarini joriy yetish;
- vazirliklar va idoralar tarkibidagi 6 mingdan ortiq ob’yektlarda muqobil energiya manbalari ulushini 30 foizga yetkazish (2023 yil yakunlari bo‘yicha);
- “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni mahalliy byudjetlar hisobidan qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari bilan ta’minlash (2022 yilda ehtiyojmand oilalarning 20%, 2023 yilda 80%);
- qurilmalar egalari (jismoniy va yuridik shaxslar) tomonidan quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini sotish imkoniyati (faqat "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ va davlat tomonidan vakolat berilgan organga bunday energiyani sotib olishga ruxsat berilgan, bunda elektr energiyasini xarid qilish kamida o‘n yil muddat davomida amalga oshiriladi);
- asosiy faoliyati quyosh, shamol elektr stansiyalari va kichik GES ishlab chiqarish va o‘rnatish bo‘lgan yuridik shaxslar, shu jumladan 2025 yilgacha tashkil etilgan yangi yuridik shaxslar tadbirkorlik sub’yektlari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan kundan boshlab 3 yil davomida foyda solig‘i va mol-mulk solig‘ini belgilangan stavkalarning 50 foizi miqdorida to‘laydilar.
Bundan tashqari, 2023 yil 1 yanvardan boshlab:
- mahalliy issiqlik ta’minoti tizimlariga ulangan barcha (davlat va xususiy) yangi va rekonstruksiya qilingan ijtimoiy ob’yektlarni, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini, ko‘p qavatli uylarni, shuningdek maydoni 1 000 m2 dan ortiq bo‘lgan barcha savdo markazlarini loyihalashtirish va ishga tushirishda issiq suv hajmining kamida 25%i quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish orqali qoplanishini ta’minlash lozim;
- loyiha hujjatlarida qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini o‘rnatish ko‘zda tutilmagan holda qurilish ishlarini boshlash taqiqlanadi;
- issiq suvdan foydalanish rejalashtirilgan, biroq quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatilishi nazarda tutilmagan yangi bino va inshootlarni (yakka tartibdagi uy-joy bundan mustasno) foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi;
- energiya tejaydigan va qayta tiklanadigan energiya manbalarining joriy etilishi ijtimoiy soha vakillari va boshqa byudjet tashkilotlari rahbarlari va xodimlarining KPI ni shakllantirishda hisobga olinadi.
Shuningdek, Farmonda quyidagilar nazarda tutilgan:
- 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ va davlat tomonidan vakolat berilgan organ quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan GESda ishlab chiqilgan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish;
- quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan GESlarni qurish loyihalari tashabbuskorlari orasida g‘olibni aniqlash "Ye-AUKSION" savdo maydonchasida o‘tkaziladigan, xarid qilish tariflarini pasaytirishga qaratilgan auksion orqali amalga oshiriladi;
- bunday auksion savdosining umumiy davomiyligi 30 ish kunidan oshmaydigan tartib o‘rnatiladi, bunda auksionda bir nafar ishtirokchi qatnashgan bo‘lsa ham u o‘tkazilgan hisoblanadi;
- Energetika vazirligiga mikro va kichik GES qurish uchun yer uchastkalari ajratiladi va keyinchalik ushbu maydonlar uzoq muddatli ijara asosida auksion g‘olibiga topshiriladi. Bunda yer uchastkasini olib qo‘yish va ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar ijaraga oluvchi tomonidan qoplanadi. Shuningdek, ijraga oluvchi ushbu yer uchastkasining soliq to‘lovchisi deb hisoblanadi.
Hujjat bilan 5 MVt gacha quvvatga ega mikro GESlarni qurish bo‘yicha hududlar kesimidagi 200 ta loyihalar ro‘yxati va ushbu GESlarni qurish bo‘yicha biznes-loyihalarni moliyalashtirish uchun xususiy investorlarni jalb qilish sxemasi tasdiqlanmoqda.
Sobir Nurberdiyev.