2021 yilda bank tizimida nimalar o‘zgaradi?
Prezidentimizning Parlamentga Murojaatnomasida yurtimizda bank tizimini rivojlantirish borasida muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Shuningdek, Markaziy bankka 1 fevralga qadar bank bo‘lmagan kredit tashkilotlari to‘g‘risida qonun loyihasini kiritish vazifasi qo‘yildi.
Xo‘sh, qanday tashkilotlar bank bo‘lmagan tashkilotlar sirasiga kiradi va bu bilan qanday o‘zgarish bo‘ladi?
2020 yil banklar tomonidan ko‘rsatilgan “raqamli banking” xizmatlari hajmi ortdi. Xususan, viloyatimizda ajratilgan “onlayn” kreditlar hajmi 20 milliard so‘mdan, mobil ilovalar orqali joylashtirilgan depozitlar hajmi 70 milliard so‘mdan, mobil ilovalar orqali ko‘rsatilgan xalqaro pul o‘tkazmalari 500 ming AQSh dollaridan oshdi. Avtomatlashgan valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali 3,3 million AQSh dollari sotilib, 400 ming AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ xarid qilindi. Ammo bu raqamlar umumiy portfel va xizmatlar hajmida juda ham kichik ulushni tashkil etadi. Shundan kelib chiqib, 2021 yilda viloyatda bank xizmatlari ko‘rsatishda axborot texnologiyalari, raqamli banking texnologiyalarini keng joriy etish orqali masofaviy xizmatlar ko‘lamini oshirish eng ustivor vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Bundan tashqari, Murojaatnomada “Sanoatqurilishbank”, “Asakabank”, “Ipotekabank”, “Aloqabank”, “Turonbank” hamda “Qishloqqurilishbank”ni xususiylashtirishga tayyorlash, kamida bitta yirik bankdagi davlat ulushi strategik investorlarga to‘liq sotilishi belgilandi. Viloyatimizda ham ushbu banklarning 9 ta filiali mavjud.
Bank sohasidagi hozirgi holat tahlili davlat ishtirokidagi banklarda menejment va tavakkalchiliklarni boshqarish sifatining yetarli emasligi, ular iqtisodiy yangilanishlar va jamiyat ehtiyojlariga mos ravishda rivojlana olmayotganligini ko‘rsatmoqda.
Moliya muassasalarini xususiylashtirish, davlat ulushining strategik investorlarga sotilishi ularning iqtisodiyotda moliyaviy vositachilikning yuqori darajasiga chiqishiga, boshqaruvning zamonaviy standart va usullari joriy etilishiga zamin yaratadi, raqobatbardoshligini va moliyaviy barqarorligini ta’minlaydi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Murojaatnomada Markaziy bankka 1 fevralga qadar bank bo‘lmagan kredit tashkilotlari to‘g‘risida qonun loyihasini kiritish vazifasi qo‘yildi. Bank bo‘lmagan kredit tashkilotlariga mikromoliya hamda mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, ipotekani qayta moliyalashtirish, shuningdek, faktoring tashkilotlari kiradi.
Bugungi kunda respublikamizda 63 ta mikrokredit tashkiloti, 64 lombard faoliyat ko‘rsatadi va ularning aksariyati poytaxtda joylashgan. Viloyatimizda esa 1 ta mikrokredit tashkiloti, 2 ta lombard ish olib bormoqda. Bu esa moliyaviy xizmatlar iste’molchilarida tanlov imkoniyati darajasi pastligini, ya’ni bu bozorda asosiy ishtirokchilar tijorat banklari ekanligini bildiradi.
Viloyatdagi mazkur 3 ta nobank kredit tashkilotining portfel qoldig‘i 1 269 nafar qarzdor bo‘yicha 4,2 milliard so‘m, tijorat banklarining jismoniy shaxslar bo‘yicha portfeli qoldig‘i 219 ming nafardan ortiq qarzdor bo‘yicha 4,5 trillion so‘mdan ko‘p ekanligi qiyoslash uchun ma’lumot bo‘la oladi. Bu boradagi qonunning qabul qilinishi esa huquqiy shart-sharoitlarni mustahkamlash bilan birgalikda moliya bozorida raqobatning, moliyaviy xizmatlar ommabopligi va sifatining oshishida muhim ahamiyat kasb etadi.
2021 yilda “Mikrokreditbank” tomonidan aholini, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish bo‘yicha yangi biznes modeli ishlab chiqiladi. Unda aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, mikrokredit olgan tadbirkorlarga maslahat va ko‘mak berish, bank mijozlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun xaridorlar topish va bozorlarni kengaytirishda ko‘maklashishga e’tibor qaratiladi.
Xalq banki tomonidan joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, biznesga oid namunaviy rejalarini ishlab chiqish va kredit olishda ularga amaliy yordam ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etiladi.
Viloyatimizda “Mikrokreditbank”ning 7 ta filiali, 8 ta bank xizmatlari markazlari va minibanklari, Xalq bankining 20 ta filiali, 10 ta bank xizmatlari markazi va minibanklari faoliyat yuritmoqda. 2021 yilda hududlarda ushbu banklarning raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi bank infratuzilma tarmoqlari tashkil etiladi.
Sherzod Suvonqulov,
Markaziy bankning Samarqand viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari.