Abituriyent test sinovlaridan o‘tolmasa ham o‘qishi mumkin
✍– Viloyatimizdagi oliygohlardan biriga o‘zim qiziqqan yo‘nalish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tdim. Test sinovlarida past ball to‘plasam qo‘shimcha tanlagan ikkita yo‘nalishimga kirish imkoniyati qanday bo‘ladi?
F.Xonkeldiyev,
Payariq tumani.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 may “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida, 2019-2020 o‘quv yili qabulidan boshlab abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalarining test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bir xil bo‘lgan uchtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etish huquqi berildi.
Test sinovlari natijalari bo‘yicha tanlovlarni o‘tkazishning umumiy tartibi quyidagicha amalga oshiriladi:
Abituriyentning to‘plagan ballari u tanlagan birinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishga yetarlicha bo‘lgan taqdirda, uning test sinovi natijalari ushbu oliy ta’lim muassasasi ta’lim yo‘nalishida e’lon qilinadi va u tanlagan ikkinchi va uchinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi;
Abituriyentning to‘plagan ballari u tanlagan birinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishga yetarlicha bo‘lmay, u tanlagan ikkinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishga yetarlicha bo‘lgan taqdirda, uning test sinovi natijalari ushbu ikkinchi ta’lim yo‘nalishida e’lon qilinadi. Bunda abituriyent tanlagan uchinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi;
Abituriyentning to‘plagan ballari u tanlagan birinchi va ikkinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishga yetarlicha bo‘lmay, u tanlagan uchinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishga yetarli bo‘lsa, uning test sinovi natijalari faqat ushbu uchinchi ta’lim yo‘nalishida e’lon qilinadi.
Abituriyentning to‘plagan ballari u tanlagan birinchi, ikkinchi va uchinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishga yetarlicha bo‘lsa, uning test sinovi natijalari birinchi ta’lim yo‘nalishida e’lon qilinadi.
Abituriyentning to‘plagan ballari u tanlagan birinchi, ikkinchi va uchinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishga yetarlicha bo‘lmagan taqdirda, u tanlagan birinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oshirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinish imkoniyati yaratiladi. Bunda uning test sinovi natijalari birinchi ta’lim yo‘nalishida e’lon qilinadi.
Abituriyentlarga shuni eslatib o‘tamizki, abituriyentning test sinovida to‘plagan ballari haqidagi ma’lumotni test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasini test sinovlarini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy dtm.uz veb-saytida e’lon qilinadi.
Nosir Eshonqulov,
Davlat test markazining Samarqand viloyat bo‘limi rahbari.