Adovat muhimmi, adolat yoki sobiq praporщik nimadan norozi?
Sarlavhani o‘qiboq harbiylardan birining shikoyatidir-da, degan o‘y xayolingizdan o‘tgan bo‘lishi tabiiy. Darhaqiqat, shunday. Biroq muammo bir yoki ikki emas, naqd 22 yillik tarixga ega.
Birgina shuning o‘ziyoq da’vogar qaysidir darajada haq, degan gumonlarga sabab bo‘ladi. Negaki, aksariyat hollarda ikkinchi tomon da’vo muddati o‘tishi uchun ataylab, ha ataylab (bu holat qonunchilikda qasddan, deb tavsiflanadi) «qorlar yog‘ishi va izlar bosilishi»ga harakat qiladi.
Arizachi, ya’ni sobiq praporщik Ilhom Musayevning iddaosicha ham shunday bo‘lgan. Va endi ko‘plab holatlarga aniqlik kiritishning iloji qolmagan. Shunday bo‘lsa-da, sinchkov surishtiruvchi uchun bu katta qiyinchilik tug‘dirmaydi. «Biroq qani o‘shanday mas’uliyatli, vijdonli, arizachiga qayishadigan odam», deydi I.Musayev yig‘lamoqdan beri bo‘lib.
Rost, murojaatni tinglagan har qanday odam I.Musayevning taqdiriga achinib ketadi. Arizasini o‘rgangan idoralarning xo‘jako‘rsinga ish tutganidan hafsalasi pir bo‘ladi.
- Yigirma yildan ortiq arizabozlik, sarsongarchilik ortidan sog‘lig‘imni yo‘qotdim, oilamdan ajradim, - deydi I.Musayev. – Endi oltmish bir yoshimda so‘qqabosh bo‘lib, xizmatim evaziga berilgan uyni xususiylashtirolmasdan, eng kam pensiya bilan kun kechirishga majbur bo‘lmoqdaman.
To‘g‘ri, bir zamonlar Mudofaa vazirligi va uning quyi tizimlaridan biror axborot olish, ularga muayyan masala yuzasidan murojaat qilish befoyda edi. Vatanni himoya qiluvchi idora o‘zini ham shu qadar himoya qilar ediki, bu “qo‘rg‘on”ga mo‘ralab ham bo‘lmasdi. Biroq keyingi ikki yildagi ochiqlik sari qo‘yilayotgan qadamlar, hatto ushbu tizimdagi oshkoralik sababli umid bilan viloyat hokimi qabuliga kirdim. Ammo Mudofaa vazirligining viloyatlardagi tizimlarida hamon eskicha ish uslubi, byurokratiya, qog‘ozbozlik hukm surayotganiga to‘liq ishonch hosil qildim.
I.Musayevning bildirishicha, harbiy xizmatni o‘taganligi uchun pensiya tayinlash masalasini ko‘rib chiqish va harbiy xizmatni o‘tash davrida berilgan, hozirda yashab kelayotgan uyini unga xususiylashtirib berishni so‘rab viloyat hokimiga murojaat qilgan. Tabiiyki, viloyat hokimi murojaatni tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqish va qonun doirasida hal qilish uchun viloyat mudofaa ishlari boshqarmasiga yo‘llagan.
O‘rganmagan emas, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, murojaatni o‘rgangan. Qaysiki, uni «yopish» uchun o‘rgangan. Negaki, murojaatchi, 1986 yilning 29 mart kunidan 1994 yilning 27 yanvar kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida harbiy xizmatni o‘tagan. 1994 yil 12 sentyabrdan 1996 yil 16 oktyabrga qadar Tojikiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat qilgan. Ya’ni, kalendar hisobida 11 yilu 6 oy, imtiyozli qo‘shib hisoblaganda 13 yil xizmat qilgan. Amaldagi tartibga ko‘ra, 20 yildan kam muddat harbiy xizmat qilganligi uchun unga pensiya tayinlanmaydi.
Bu raqamlar yoki ma’lumot I.Musayevning o‘ziga ham kunday ravshan. Biroq u 1994 yilning 27 yanvarida nohaq ishdan bo‘shatilgan. Mana shu haqiqatni yuzaga chiqarmoqchi. Shuncha yillik umri shuning uchun barbod bo‘ldi-ku. Yo‘q, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasidagi mas’ullar bu masala bizning vakolatimizga kirmaydi sudga murojaat qiling yoki harbiy prokuraturaga borganingiz ma’qul, demadi. Go‘yo bu haqda gap-so‘z bo‘lmaganday shunchaki, qonundan ko‘chirma olishdi va yuqorida qayd qilingan I.Musayevning o‘ziga-da ayon bo‘lgan haqiqatni bayon qilib, javob xati berishdi, xolos.
Tamom, masala shu bilan yopildi. To‘g‘ri, voqelikning boshqa tafsilotlari ham bor. Umumiy olganda, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi mas’ul xodimi murojaatchi bilan suhbatda «Yordam qilamiz”, deb “qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirdi» hamda bir enlik javob xati bilan «baloni ko‘zdan yo‘qotishdi».
I.Musayevning bildirishicha o‘sha - 1994 yil 27 yanvarda ishdan bo‘shatishganda bu haqda tinimsiz turli darajadagi qo‘mondonlik va boshqa idoralarga shikoyat arizalar yozavergan. Oqibatda sobiq boshlig‘i (aslida adovat aynan shu mulozim bilan yuz bergan, uning tarixi bir kitob bo‘lgulik), ya’ni Samarqand garnizoni tankchilar qismi komandiri Rafael Yanov uni Tojikiston Respublikasiga ko‘ngillilar safida fuqarolar urushini bartaraf etishda yordam berish uchun xizmatga borishga ko‘ndirgan.
- Men xizmatdan bo‘shatilganman, haqiqatda nomunosib bo‘lsam, unda qanday Tojikistonga yuborishdi, - deydi I.Musayev. – 20 yildan ziyod vaqt davomida bu masalani o‘rganadigan odam topilmadi. Aslida meni qaytib kelmasligimni rejalashtirib, Tojikistonga fuqarolar urushiga yuborishgan. Shundan keyin R.Yanov turmush o‘rtog‘im va bolalarimni o‘sha paytda menga berilgan uch xonali kvartiradan chiqarib, ikki xonalisiga o‘tkazgan. Men qaytib kelganimdan keyin ularga «sichqonning ini ming tanga bo‘lib qoldi». Biroq har safar uning adovati g‘olib chiqib kelmoqda. «O‘ynashmagin arbob bilan …», degan maqolning naqadar to‘g‘ri ekanligiga o‘z taqdirim misolida guvoh bo‘lib turibman.
Ha, murojaatning qisqacha tafsiloti shunday. Lekin haqiqat borki, Ilhom Musayev 11 yildan ko‘proq harbiy bo‘lib ishladi, vatan osoyishtaligi uchun xizmat qildi. Yigirma besh yildan beri xizmat uyida yashab kelmoqda. Endi aytingchi, nahotki shu uyni xususiylashtirishga ruxsat berish adolatsizlik bo‘lsa? Yana bir gap: 11 yilu 6 oy harbiy bo‘lib ishlagan sobiq praporщik eng kam miqdordagi pensiya olayapti. Qani bu yerda mantiq? I.Musayevning «Qornimgamas, qadrimga yig‘layman», deganicha bor. Shunday emasmi?
O‘ylaymizki, bu masalani tegishli huquq-tartibot organlari jiddiy o‘rganib, adovat emas, adolat tantana qilishini ta’minlashadi.
Yo.Gadoyev.