AQSh 2030 yilgacha atmosferaga chiqaradigan zararli gazlarning yarmidan ko‘pini qisqartirishga va’da berdi
Amerikada iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan ikki kunlik sammit bo‘lib o‘tmoqda. Uni AQSh prezidenti Jo Bayden ochdi. Bu Amerika yangi ma’muriyati tomonidan 22 aprelda nishonlanadigan Xalqaro Yer kuniga to‘g‘ri keladigan birinchi yirik xalqaro tadbirdir. Unda 40 ta mamlakat rahbarlari ishtirok etdi.
Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar 2030 yilga kelib atmosferaga chiqaradigan zararli gazlarning yarmidan ko‘pini qisqartirish va 2050 yilga kelib nolga tenglashtirish majburiyatini oldi.
"Yevropa dunyodagi birinchi iqlim jihatdan neytral qit’a bo‘lishni xohlaydi, ammo iqlimni saqlab qolish uchun bizga tinchlik kerak. Barcha yirik tashkilot va korxonalar mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishlari va o‘tish davrini hamma uchun ochiq imkoniyatlar davriga aylantirishi kerak. Keling, iqlim uchun yangi global etalonni o‘rnataylik. 2030 yilgacha chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha majburiyat va qo‘shma harakatlar ustida birgalikda ishlaylik. Bu bizni 2050 yilga kelib chiqindilarni nolga yetkazish bo‘yicha yakuniy maqsadga yaqinlashtiradi. Bu bizning sayyoramizga juda zarur", deya Yevropa Ittifoqi pozitsiyasini taqdim etdi Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen.
Xitoy rahbari Si Szinpin XXR ko‘pgina rivojlangan davlatlarga qaraganda uglerod neytralligini tezroq qo‘lga kiritish uchun 2026 yildan boshlab ko‘mir iste’molini qisqartirishni boshlashni va’da berdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa jahon hamjamiyatini zararli chiqindilarni monitoring qilish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga va har qanday dunyoviy ziddiyatli muammolarni hal qilish uchun davlatlarning o‘zaro ta’sirini faollashtirishga chaqirdi.
Amerika tomonidan qabul qilingan majburiyatlar Qo‘shma Shtatlar prezident Donald Tramp rahbarligi davrida to‘xtagan iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash global sa’y-harakatlarga qaytganligini anglatadi. Hozirgi ma’muriyat 2015 yilda Prezident Barak Obama Parijning iqlim to‘g‘risidagi bitimini imzolaganda va’da qilgan qisqartirishni deyarli ikki baravarga oshirdi.