Ayollik sha’niga dog‘ yoxud farzandfurushlar qismati

Zulfizar Mahanova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 2017 yilning oktyabr oyida jomboylik S.Valiyev bilan shar’iy nikoh asosida tur­mush qurgan. Yosh oila Samarqand shahrida ijarada yashab kelgan. 2018 yilning fevral oyida o‘zaro oilaviy janjal sababli Zulfizar voyaga yetmagan farzandi Fazliddinni olib uydan chiqib ketadi va alohida yashay boshlaydi.

Zulfizar tovuq fermasida ishlayotganda bu yerdagilarga 2018 yil 31 iyulda tug‘ilgan yolg‘iz farzandi Fazliddinni sotish maqsadi borligini aytadi.

Kunlarning birida o‘zi­ni Temur deb tanishtirgan yigit Zulfizarga qo‘ng‘iroq qiladi va bolasini sotish niyati bor-yo‘qligini so‘raydi.

Zulfizardan rozilik haqidagi javobni eshitgach, Temur uni Qo‘shrabot tumaniga olib boradi.

Zulfizar bolasini sotib oladigan oilani ko‘rsatishni so‘raydi. Shunda uning oldiga o‘zlarini Aziz va Nigora deb tanishtirgan er-xotin keladi.

Ular Zulfizarga turmush qurganiga o‘n yil bo‘lgani, bi­roq haligacha farzand ko‘rishmagani sababli Fazliddinni sotib olib, yaxshi tarbiyalashni aytishadi va «Buloqboshi» mahallasidagi namunali uylardan birini ko‘rsatishadi. Ulardan 400 AQSh dollari va 950 ming so‘m pulni olib, Fazliddinni qoldirib ketayotganida Z.Mahanova jinoyat ustida qo‘lga olinadi...

***

Oqdaryolik Xurshida Ravshanova 2014 yilda A.Soliyev bilan turmush qurib, 2018 yilda o‘g‘il farzandli bo‘ladi. Biroq farzand oila rishtasini mustahkamlamadi. Xurshida bilan Alisher ajrashishdi.

Shundan so‘ng Xurshida shar’iy­ nikoh asosida S.Qurbonov bilan turmush quradi.

Xurshida Kattaqo‘rg‘on shahridagi oshxonada ishlab yurgan vaq­tida yaxshi oila topilsa, o‘g‘­lini ularga topshirishini ma’lum qiladi. Tez orada o‘zini Hilola deb tanishtirgan bir ayol ukasi bilan Xurshidaning oldiga kelib, o‘g‘lini sotib olishini aytadi.

Xurshida o‘g‘lini 1,5 ming AQSh dollari va 10 million so‘mga sotayotganda qo‘lga olindi.

Sud farzandfurush Z.Mahanovaga 5 yilu 6 oy, X.Ravshanovaga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Ilyos Doniyorov,

jinoyat ishlari bo‘yicha Oqdaryo tumani sudi raisi.