Banklarning kapitali bir yilda 1,9 barobarga ko‘paygan
2019 yil 1 iyuldan boshlab tijorat banklarining Markaziy bankda rezerv shakllantiriladigan majburiyatlari milliy valyutadagi depozitlar uchun 4 foiz hamda chet el valyutasidagi depozitlar uchun 14 foiz miqdorida belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inflyasion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan inflyasiya darajasini 2021 yilda 10 foizgacha pasaytirish hamda 2023 yilda 5 foizlik doimiy maqsadli ko‘rsatkichga erishish belgilangan.
Banklarning kapitallashuv darajasini oshirish borasida ko‘rilgan choralar natijasida ularning umumiy kapitali 2019 yil davomida qariyb 1,9 barobarga ko‘payib, 2020 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, 51 trillion so‘mni tashkil etgan.
Banklar resurs bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida esa jalb qilingan depozitlar umumiy hajmi hisobot yilining boshiga nisbatan 1,3 barobarga oshib, yil yakunida 91 trillion so‘m bo‘lishiga erishilgan.
Bu esa bank tizimining moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari ijobiy darajada shakllanishiga va banklar kapitalining yetarlilik darajasi ko‘rsatkichi risklarni hisobga olgan holdagi aktivlarga nisbatan 23,5 foizni (minimal talab 13 foiz) tashkil etgan.
Bank tizimi likvidliligi ko‘rsatkichlari ham ijobiy shakllangan bo‘lib, likvidlilikni qoplash me’yori 208,5 foizni (minimal talab 100 foiz), sof barqaror moliyalashtirish me’yori 112,8 foizni (minimal talab 100 foiz) hamda yuqori likvidli aktivlarning jami aktivlarga nisbati 11,3 foizni (minimal talab 10 foiz) tashkil etgan.
Markaziy bank boshqaruv raisining Oliy Majlis Senatiga hisobotidan.