Birinchi o‘qituvchida qanday xislatlar bo‘lishi kerak?
Bola ilk saboqni uni tushunadigan, u bilan tillasha oladigan o‘qituvchidan olsa, darslarni tez o‘zlashtiradi. Buni bilgan ayrim ota-onalar bolasining birinchi o‘qituvchisi bilimli va o‘quvchilarni yaxshi ko‘radigan bo‘lishini istaydi. Sababi, maktabga ilk qadam qo‘ygan bolaning bilimi mustahkam poydevorga ega bo‘lishi lozim.
Endigina bog‘chadan maktabga, bilim olishga kelgan o‘quvchiga o‘qituvchi qanday muomala qilishi kerak? Uning beg‘ubor dunyosiga ilm nurini yetkazib bera olishi uchun o‘qituvchidan nimalar talab etiladi? Sinfda qoloq o‘quvchi bo‘lmasligi uchun muallim qanday yo‘l tutishi lozim? Ushbu savollarga 33 yillik ish tajribasiga ega, Samar¬qand shahar 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Sojida Qosimovaning javoblari e’tiborimizni tortdi.
- O‘qituvchi o‘quvchi bilan tillasha olishi, buning uchun bolalarni o‘z bolasidek sevishi kerak, - deydi Sojida opa. - To‘g‘ri, hamma bola ham darslarni to‘liq o‘zlashtira olmaydi. Bunday o‘quvchi bilan dars tugagandan so‘ng alohida shug‘ullanaman. Ba’zi o‘quvchilar boshqalar oldida bilganini ayta olmaydi, tortinadi. Shuning uchun ular bilan ko‘proq shug‘ullanish zarur. Ammo ayrim o‘qituvchilar bunga hafsala qilmaydi. Natijada tortinchoq o‘quvchi bilganini ham aytolmasdan, qoloq bo‘lib qoladi.
Ayrim ota-onalar bolasini erkalab, qo‘liga ehtiyojidan ortiqcha pul beradi. Shundan so‘ng bola pulni qayerga sarflashni o‘ylay boshlaydi. Avvaliga do‘konga kirib ul-bul sotib oladi. Keyin esa internet-kafelarga boradi. Asta-sekin o‘qishga bo‘lgan ishtiyoq o‘rnini boshqa narsalar egallaydi. Shuning uchun maktabga ko‘p pul olib keladigan o‘quvchilarimning ota-onalari bilan alohida gaplashaman, buning oqibati yaxshi bo‘lmasligini tushuntiraman.
Sojida opaning bolaligi Qo‘shrabot tumanining Jo‘sh qishlog‘ida o‘tgan. Maktabda matematika o‘qituvchisi bolalarga chin dildan dars berib, fanni qiziqarli tarzda yetkazib bergani sababli Sojida opa matematika o‘qituvchisi bo‘lishni orzu qildi. U maktabni bitirgach, Samarqand davlat universitetining matematika fakultetida o‘qidi.
Universitetni bitirib, ilk faoliyatini boshlagan kezlari qishloq maktabida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi yetishmasdi. Shu sababli Sojida opa boshlang‘ich sinflarga ham dars berishiga to‘g‘ri keldi. Keyinchalik butunlay boshlang‘ich sinflarni o‘qita boshladi.
- Poydevori mustahkam uy qulamaydi, - deya fikrlarini davom ettiradi Sojida opa. - Bilim ham xuddi shunday, bolaga ilk ta’limni yetkazib berish boshlang‘ich sinf o‘qituvchisidan katta mahorat talab etadi. U kasbini astoydil sevishi, izlanishi kerak. O‘qituvchilarga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik ularning o‘z ustida ishlashiga zamin yaratdi. Shu sababli bugungi kun o‘qituvchilari astoydil mehnat qilmoqda. Bu yaqin yillarda o‘z samarasini beradi.
Sojida opa oilada besh nafar farzandni bilimli, oqil qilib tarbiyaladi. Opaning farzandlari ham oliy ma’lumotli, tanlagan kasbining yetuk mutaxassislari. Mahallada havas qiladigan, namuna bo‘ladigan oila.
- Bolalarimning tarbiyasida turmush o‘rtog‘imning hissasi katta bo‘ldi, - deydi opa. - Biz sinfdosh edik, bir-birimizni yoqtirib turmush qurdik. Hayotda yelkadosh bo‘ldik. Rahmatli turmush o‘rtog‘im yolg‘on gapirganni, nopisand qilganni yoqtirmasdi. Bolalarga bilim olish bilan birga mehnat qilishni ham o‘rgatdi.
Yaxshi bilim egallagan va mehnatda toblangan inson hayotda aslo qoqilmaydi. Men o‘quvchilarim ongiga mana shu aqidani singdirishga harakat qilaman.
Xurshida ERNAZAROVA.