Biz qayerda xato qildik?
Mustaqillik yillari arafasida qishlog‘imizdan bir yigit Rossiya davlatida harbiy xizmatni o‘tab qaytdi. Ko‘p o‘tmay u ortiga qaytib ketdi. So‘ngra ukasini, jiyanini chaqirdi. Birin-ketin qishloq yigitlari Rossiyaga ishlash uchun keta boshladi. O‘z navbatida ishga ketgan yigitlardan mo‘may pul kela boshlagach, xorijga ishga ketadiganlar soni ortdi. Bu holat deyarli barcha hududlarda kuzatildi. O‘sha paytlari ishsizlikdan qutulishning yagona yo‘li shu edi, go‘yo.
Bir kuni qishloqqa borsam, matematika o‘qituvchisi bo‘lgan rahmatli opam “Maktab o‘quvchilari o‘qimay qo‘ydi, hatto ba’zilari muallim nega biz o‘qishimiz kerak? Bizni Rossiya boqyapti-ku, men ham maktabni bitirsam ketaman. Baribir hech qayerda o‘qimayman, deyapti”, dedi xomush bo‘lib. “Darsga qiziqmagan o‘quvchiga shunchaki dars o‘tib kelish juda og‘ir”, dedi.
Haqiqatda o‘sha yillari ta’limga e’tibor ancha susaygan, o‘qituvchining ham obro‘si tushgandi. Sababi, o‘qituvchilar ham maktabni tashlab, Rossiyaga keta boshladi. Ba’zi maktablarda erkak o‘qituvchilar qolmadi hisob. Bu ham yetmagandek muallimlar paxta terimiga jalb etilar, ta’lim sifati hech kimni qiziqtirmasdi. Natijada o‘quvchilar o‘qimay, o‘qituvchilar o‘z ustida ishlamay qo‘ydi. Oqibatda yildan yilga abituriyentlarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ballari pasayib ketdi. Eng yomon ko‘rsatkich joriy yilda qayd etildi. Davlat test markazining ma’lumotiga ko‘ra, 51,2 foiz abituriyent 56,7 ball ham to‘play olmadi. 56,7 ball — bu to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori 189 ballning 30 foizi, ya’ni 2 baho ham emas.
Buni oddiy misol orqali tushuntirib beraman. Yaqinda ona tilidan repetitorlik guruhiga maktabni bitirgan yigit kelibdi.
- Qaysi yo‘nalishga o‘qishga kirmoqchisan? – deb so‘rabdi o‘qituvchi.
- Rostini aytsam, men ingliz tilini o‘rganmoqchiman. Ammo o‘qituvchim menga sen ot, sifat, son, fe’l nimaligini bilmasang, ingliz tilini o‘rgatolmayman. Avval ona tilini o‘rganib kel, dedi. Shuning uchun ona tilini o‘rganishga keldim, aslida menga ona tili kerak emasdi, - debdi.
Tasavvur qilyapsizmi, yigit maktabni bitirguniga qadar ona tili fanidan oddiy bilimlarga ega bo‘lmagan. 56,7 ball to‘play olmaganlarning bilimi va dunyoqarashi taxminan shunday.
Bugun ta’lim sifatini ko‘tarish uchun xorijiy tajribalarga tayanishga harakat qilyapmiz, xuddi avvaldan bizda tajriba yo‘qdek. Unda ota-bobolarimiz qanday qilib yetti yoshida “Qur’on”ni yod olishgan? Chunki ko‘pchilik olimlarning onalari ilk saboqni uyida o‘rgatib qo‘yishgan.
Soliq to‘lamaydigan tadbirkorlik bormi?
Keyingi yillarda ota-onalar ham farzandining bilimi bilan qiziqmay qo‘ydi, ularga faqat pul topish kerakligi uqtirildi. Natijada, yoshlar bilim olib, kasb egallashni emas, faqat pul topishga qiziqdi. Hozir ham ayrimlar bolasiga shunday tarbiya beryapti. Biz farzandlarimizga boshqa xalqlar kabi “Sen Vatan uchun xizmat qilishing kerak”, “O‘z kasbingning yetuk mutaxassisi bo‘lib, jamiyatga yordaming tegishi kerak”, “Asl maqsading odamlarning og‘irini yengil qilish bo‘lsin”, deb tarbiya bermayapmiz.
Hozirgi yoshlar bilan gaplashsangiz, aksariyatining dardi pul topish. Hatto oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar ham diplom olgach, yaxshi maoshli ish topishni, aks holda chet elga ketishini aytyapti. To‘g‘ri, inson yaxshi yashashni istaydi, buning uchun uy-joy, mashina olishga harakat qiladi. Xo‘sh, undan keyin-chi? Hamma shart-sharoitini qilib olgach, qo‘lida biron kasbi bo‘lmasa nima qiladi?
Yaqinda bir taksi haydovchisi xorijdan ishlab qaytgani, o‘n besh yil davomida oilasi uchun hamma shart-sharoitini qilgani, bankda 20 ming dollar puli borligi, ammo qanday tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni bilmayotganini aytib qoldi. Maslahat so‘ragandi, o‘zimcha bir-ikki xil tadbirkorlikni aytib ko‘rdim.
- Yo‘q, bularning hech qaysi to‘g‘ri kelmaydi, chunki soliq to‘lashim kerak. Davlatga soliq to‘lashni xohlamayman, - dedi.
- Har bir tadbirkor davlatga soliq to‘laydi-ku, - dedim unga.
- Men shunday tadbirkorlik bilan shug‘ullanishim kerakki, davlat mendan hech qanday soliq olmasin, hech kimga pul berishni istamayman, - dedi u.
Vatanni sevmaydigan kishigina mana shunday fikrlaydi. Bu haydovchi na maktabda o‘qigan, na vatanparvarlikni o‘rgangan, endi esa topgan pulini qanday sarflashni bilmayapti. Hamma narsaga bilim kerakligini shu yoshga kirib ham anglamabdi.
Turkiyada vatanparvarlik beshikdan boshlanar ekan. Ular go‘dakning beshigiga vatan bayrog‘ini ilib qo‘yarkan. Ular farzandlarini “Sen turkning bolasisan, vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilishing kerak”, deb tarbiyalarkan. Shuning uchun ham oddiy taksi haydovchisi ham bir kunda qancha pul topganiga qarab, davlatga soliq to‘larkan. Soliqdan qochish vatanga xiyonat deb qaralarkan. Afsuski, bizda buning teskarisi oddiy holdek qabul qilinadi.
Bizda pul yo‘qmi yoki qanoat?
Imom Buxoriyga onasi quyidagicha nasihat qilgan ekan:
- O‘g‘lim, ustozingizni ilmidan, taqvosidan va uning go‘zal odobidan ta’lim oling. Quloqlaringiz ustoz og‘zidan chiqayotgan darsni tinglasa, ko‘zlaringiz uning odobi, og‘ir vazminligi, odamlarga bo‘lgan muomalasini kuzatib saboq olsin. Bugun o‘qigan bir varag‘ingiz sizni yaxshi tomonga o‘zgartirsa, ikkinchi varag‘ini ochib o‘qing. Agar birinchi varaq sizning iymoningizni, taqvoyingizni va odobingizni ziyoda qilmasa, aslo ikkinchi varaqqa o‘ta ko‘rmang. Foydasi kam, ziyoni ko‘p bo‘lur.
Har qanday buyuk inson ortida buyuk ayol bo‘ladi, degani shu. Bizning bugungi onalarimiz ham farzandiga shunday nasihat qilyaptimi? Agar Imom Buxoriyning onasi ham “O‘g‘lim, sen pul topishing kerak, bilim olishing shart emas”, deganida u kim bo‘lardi? Bobolarimiz ilm olish uchun xorijga chiqqan bo‘lsa, bolalarimiz pul topish uchun chet elga ketyapti. Amerika orzusida bo‘lganlar uy-joy, mashinasini sotib, yetmaganiga qarz olib, qing‘ir yo‘llar orqali sehrli diyorga yetib olishga harakat qilyapti. Aslida bizda pul yo‘qmi yoki qanoat?
Rahbarlar pedagogika darsi o‘tmaganmi?
Oliy ta’lim muassasalaridan birida pedagogika fanidan dars bo‘layotgan ekan. O‘qituvchi:
- Pedagogikada hech kim, hatto ta’lim muassasasi rahbari ham darsni buzishga haqqi yo‘q. Agar maktab direktorining biror gapi bo‘lsa, avval eshikni taqillatib, so‘ngra kirishga izn so‘raydi, - debdi.
- Domla, nega dekanimiz faqat darsimizning o‘rtasida kirib keladi, ammo eshikni taqillatmaydi? – debdi talabalardan biri.
O‘qituvchi uning gapini eshitmaganlikka olib, darsni davom ettiribdi. Shu payt xonaga dekan o‘rinbosari kirib kelibdi.
- Ertadan kontrakt pullarini to‘lamagan talabalar darsga kiritilmaydi, - debdi salom-aliksiz.
Talabalar kulib yuborishdan zo‘rg‘a o‘zlarini tiyibdi, o‘qituvchi esa o‘tayotgan darsidan izza bo‘libdi.
Endi o‘zingiz o‘ylang, oliy ta’lim muassasalarida amal qilinmaydigan pedagogik qonun-qoidalarga maktabda kim amal qiladi?
Vaqtida kitob o‘qib qo‘ygan muallim...
Bolaligimda oddiy kolxozchi ayollar ham kitob o‘qirdi. “Saodat”, “Fan va turmush”, “Yoshlik” kabi jurnallarga obuna bo‘lardi. Paxta dalalarida tushlikda kitob o‘qiganlarini ko‘rganman. Kolxozchi ayollar o‘zaro o‘qigan kitoblaridan bahs qilardi. Hozir-chi?
Hatto o‘zini ziyoli sanaydigan ayollar davrasida ham ilm majlisi deyarli kuzatilmaydi. Kimdir qaynonasi, kimdir kelinini yomonlaydi, nari borsa so‘nggi moda haqida suhbatlashiladi.
Bir kuni tahririyatga adabiyot fani o‘qituvchisi maqola olib keldi.
- Bolalaringizni qanday qilib kitob o‘qishga qiziqtirasiz? – deb so‘radim. Maqsadim – mutaxassis tajribasini olish edi.
- To‘g‘risi, bolalarim kitob o‘qimaydi, - dedi u. – Kitob o‘qi desam, nega o‘zingiz kitob o‘qimaysiz, deyishadi. Men vaqtida kitob o‘qib qo‘yganman, deyman bolalarimga, - dedi g‘urur bilan.
Ayolning gapidan hang-mang bo‘lib qoldim. Farzandiga kitob o‘qitolmagan o‘qituvchi o‘quvchilarini qanday qilib kitobga mehr qo‘ydira oladi? Avval kitob o‘qishni o‘zidan boshlashi kerak emasmi?
***
Kitob o‘qimas ekanmiz, korrupsiyaning oldi hech qachon olinmaydi, rahbarlar fuqarolarning muammosini hal etishni emas, murojaatni tezroq yopishni o‘ylaydi. Kitob o‘qimas ekanmiz, soha mutaxassislari hisobot uchun faqat statistik ma’lumotlar tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Kitob o‘qimas ekanmiz, konstitutsiyaviy huquqimiz nimadan iboratligini bilmaymiz, hech qayerda haq-huquqimizni talab qilolmaymiz. Kitob o‘qimas ekanmiz, byurokratik boshqaruvdan nariga o‘tolmaymiz.
Yo‘llarimizning abgorligi ham, uylarimizning sifatsiz qurilayotgani, zo‘r mutaxassislarning chet eldan olib kelib ishlatayotganimiz, og‘ir kasallarimiz xorijda davolanayotgani, xullas, barcha muammomizga sabab kitob o‘qimaganimiz. Eng achinarlisi, farzandlarimizga Vatanni sevdirolmas, kitob o‘qitolmas ekanmiz, hatto ta’lim olish uchun xorijga ketayotgan yoshlarimiz ham o‘sha yurtda muhojir bo‘lib qolishni orzu qilaveradi...
Xurshida Ernazarova.