Bolalarni kunduzgi oromgohlarga jalb qilib, ularning vaqtini o‘g‘irlamayapmizmi?

Joriy yilgi yozgi ta’tilda viloyatimizda 56 ta kunduzgi oromgoh faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mavsum yakunigacha ularda navbati bilan 11 ming 370 nafar bolaning dam olishini tashkil etish rejalashtirilgan. Xo‘sh, bu oromgohlarda bolalar vaqtini qanday o‘tkazmoqda?

Ushbu savolga Payariq tumani misolida javob topishga harakat qildik.

Tumandagi 6-umumta’lim maktabida tashkil etilgan “Kelajak” kunduzgi sog‘lomlashtirish oromgohida 200 nafar bola 10 kundan uch navbatda hordiq chiqarishi ko‘zda tutilgan. Hozirda Farovon, Alisher Navoiy, Tohir Shayx, Go‘zal va Mustaqillik mahallalaridan 70 nafar 2 va 3-sinf o‘quvchilari oromgohga qabul qilingan.

- Mashg‘ulotlar samaradorligini oshirish maqsadida bolalarni yoshiga qarab taqsimladik, - deydi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Jasur Mengliyev. – Eng kichiklari birinchi navbatda, kattaroqlari keyingi navbatlarda sog‘lomlashtiriladi. Bundan tashqari, bir navbatdagi bolalar yana 4 guruhga bo‘linib, har biriga rahbar tayinlangan. Umumiy jarayonga 20 nafar tajribali pedagog, psixolog, hamshira va sport murabbiylari jalb qilindi.

Oromgoh 8:30 dan 12:00 ga qadar faoliyat ko‘rsatadi. Bu vaqt ichida guruhlarga bo‘lingan bolajonlar “Sog‘ tanda sog‘lom aql”, “Kitobim – oftobim”, “Bolaligim – poshsholigim”, “Musiqiy psixologik amaliyot”, “Kompyuter savodxonligi” singari qiziqarli mashg‘ulotlarda qatnashadi.

— Albatta, bolalar yozgi ta’tilni o‘z xohishicha, imkon qadar maktabdan, o‘qish-chizishdan yiroqda o‘tkazishga harakat qiladi, - deydi guruh rahbari Charos Tohirova. – Shu sababli avval boshida maktabda tashkil etilgan oromgohga qiziquvchilar kam bo‘ldi. Ammo bir nechta mashg‘ulotdan so‘ng barchaning fikri o‘zgardi. Bunda bizning an’anaviy usullardan voz kechib, sog‘lomlashtirish tadbirlarini bolalarning qiziqishi, istagiga moslaganimiz qo‘l kelmoqda. Bundan nafaqat o‘quvchilar, balki ularning ota-onasi ham xursand.

Navbatdagi manzilimiz tumandagi 71-umumta’lim maktabi qoshida tashkil etilgan “Qaldirg‘och” kunduzgi sog‘lomlashtirish oromgohi bo‘ldi. Ochig‘i, bu yerda biz maktab hovlisida turgan stol tennisidan bo‘lak na bir ko‘rgazma vosita va na biror oila ko‘rdik.

Maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Feruz Tursunov bizni mashg‘ulot o‘tkazilayotgan xonaga boshladi. Xonada 10 nafar bola o‘tiribdi, shundan besh nafari boshlang‘ich, qolgan beshtasi yuqori sinf o‘quvchisi. Mashg‘ulot nomi ham qiziq – “Natural sonlarni bo‘lish va ko‘paytirish”. Dars ertalab soat 9:00 da boshlangan ekan. Biz tushga yaqin borganligimizni inobatga olsak, bolalar matematika “dars”ining o‘zida 2 soatdan buyon o‘tirgan bo‘lib chiqyapti.

Boshqa guruhlarda vaziyat yaxshiroqdir deb o‘yladik. Ammo ma’muriyat kutubxonada o‘tirgan 5 nafar, sport zalida o‘ynayotgan 4 nafar boladan boshqa hech kimni topa olmadi. Holbuki, rejaga asosan oromgohda birinchi navbatda 60 nafar o‘quvchi sog‘lomlashtirilishi kerak. Holatni Feruz Tursunov quyidagicha izohladi:

- Havo juda issiq. Shu sababli bolalar ertaroq kelib, ertaroq ketishyapti. Mashg‘ulotlar vaqti ham ko‘chirilgan.

Xo‘p, mashg‘ulotlar ertaroq boshlanayotgan ekan, reja, dastur bormi? Mashg‘ulotlar turi, nomi qanaqa? Qaysi yoshdagi bolalar jalb qilingan? Bu savollarimiz javobsiz qoldi.

Maqsadimiz qaysidir oromgohdagi kamchiliklarni oshkor qilib, shov-shuv ko‘tarish emas. Qoshida kunduzgi oromgoh tashkil etilgan maktab jamoalari ham o‘quv yilini yaqinda yakunlab, horib-tolib yangi vazifaga kirishdi. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Lekin bolalar bilan ishlashda mas’uliyatsizlik ham ketmaydi. “Qaldirg‘och”dagilar aniqlangan kamchiliklarni qisqa fursatda bartaraf etib, nomigagina emas, haqiqiy mashg‘ulotlarni, sog‘lomlashtiruvchi tadbirlarni boshlaydi, degan umiddamiz.

Shu o‘rinda kishini o‘yga toldiradigan yana bir nechta masalaga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Birinchidan, kunduzgi oromgohlar nomiga “sog‘lomlashtiruvchi” so‘zini qo‘shib ishlatish qanchalar to‘g‘ri? Odatda, sog‘lomlashtirish deganda ko‘z oldimizga tog‘ bag‘rida joylashgan soya-salqin oromgohlar, cho‘milish havzalari, sport majmualari keladi. Kunduzgi oromgoh-chi? Asosan maktablarda tashkil etilgan bu maskanlarda na cho‘milish, na tabiat bag‘rida sayr qilish imkoni bor. Shusiz ham maktabdan zerikkan bolalarni yana maktabga chaqirib, “sog‘lomlashtirib” bo‘ladimi?

Oromgohlarga jalb qilingan xodimlar masalasida. Payariqdagi o‘rganishimiz vaqtida mas’ullar xodimlarga qo‘shimcha oylik to‘lanmasligini, buning o‘rniga, ishlagan kunlari asosiy mehnat ta’tiliga qo‘shib berilishini aytishdi. Bu mehnat qonunchiligiga to‘g‘ri keladimi? Qolaversa, o‘zi ma’nan charchagan o‘qituvchilar bolalarni qanday sog‘lomlashtiradi? Jarayonda kamchilik chiqsa, yana balogardon o‘qituvchimi?

Gapning indallosini aytganda, kunduzgi oromgohlar shunchaki hisobot uchun xizmat qilayotgandek taassurot qoldirdi bizda. Uning o‘rniga bolalarni sport to‘garaklariga jalb qilish, hunarga yo‘naltirish maqsadga muvofiq emasmi? Mas’ullar masalaning bu jihatlarini ham o‘ylab ko‘rsa, yaxshi bo‘lardi. Zero, bolalarning vaqtini, u yozgi ta’tilda bo‘lsa ham, “o‘g‘irlash”ga hech kimning haqi yo‘q.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV,

Asqar BAROTOV.