Bu yil maktabga boradigan bolalarga qo‘shimcha mashg‘ulotlar qanday tashkil etiladi?
- Nabiram bog‘chaning tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchisi, bu yil birinchi sinfga boradi. Karantin sabab hozir uyda. Meni o‘ylantirgani, uni maktabga tayyorlash qay tartibda tashkil etiladi?
Xolida Mirzayeva,
Bulung‘ur tumani.
- Koronavirus pandemiyasi sabab bugun bog‘chalarimiz faoliyati vaqtinchalik to‘xtagan bo‘lsa-da, tarbiyalanuvchilar doimiy e’tiborimizda. Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda “Bolajon” telekanali tomonidan tayyorlangan dasturlar namoyish etilib, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasining “Ota-onalar va pedagoglar hamkorligi” hamda har bir tumanlarda tashkil etilgan telegram guruhlari tomonidan masofaviy mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda viloyatimizda 61 ming 265 nafar 6 yoshli bolalar maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olingan. Ularning 13 ming 330 nafari maktabgacha ta’lim tashkilotlarining to‘liq kunli maktabga tayyorlov guruhlariga, 24 ming 20 nafari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotidagi qisqa muddatli guruhlarga, 577 nafari nodavlat, 733 nafari davlat-xususiy sheriklikdagi hamda 3 ming 357 nafari oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanadi.
Ularni maktabga sifatli tayyorlash maqsadida maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan davlat bog‘chalarida tarbiyalanuvchi 6-7 yoshli bolalarga mo‘ljallangan ish daftari tarqatildi. Mazkur ish daftari yozuv qobiliyatini rivojlantirish qo‘llanmasi hisoblanib, u 6-7 yoshli bolalarda keng doiradagi mantiqiy tasniflash, tahlil, sintez, taqqoslash, kuzatuvchanlik, xulosa chiqarishni shakllantirish, yozish, 1 dan 20 gacha bo‘lgan hisobda matematik amallarni bajarish, o‘qish ko‘nikmasi va savodxonlikni oshirish, ijodiy faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlarni o‘z ichiga oladi. Bolalar berilgan topshiriqlarni kattalar yordamida yoki mustaqil tarzda bajarishi mumkin.
Shuningdek, «Bolajon» kanali orqali berib borilayotgan 6 yoshlilar uchun «Aqlvoy» ko‘rsatuvlari davlat dasturi asosida tayyorlangan bo‘lib, u bolalarning atrof olamni o‘rganish va ta’lim olish, o‘qish, ijodiy mantiqiy qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan.
Savolga Samarqand viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari D.Azizova javob berdi.