Bugun Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni
Yillar osha ushbu kun 100 dan ortiq mamlakatda nishonlanib, ekologik muammolarni yechishda yordam berishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, ushbu kunda barcha xalqlar birlashib, atrof-muhitni muhofaza qilishga, ona-Yerimizni asrab qolishga o‘z hissasini qo‘shish imkoniga ega bo‘ladilar.
Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1972 yil Stokgolmda bo‘lib o‘tgan “Insoniyat muhiti” mavzusidagi konferensiyada joriy etilgan.
Ushbu sana quyidagi jihatlari bilan muhim:
- insoniyat farovonligi, atrof-muhit sog‘lomligi, iqtisodiyot samaradorligi, yerimizda mavjud bo‘lgan tabiiy resurslarni oqilona boshqarishimiz, ulardan tejamkorona foydalana olishimizga bog‘liq;
- hozirgi kunda Yer sharidagi ko‘plab ekotizimlarning zaxiralari deyarli butunlay tugab, ortiga qaytarib bo‘lmaydigan salbiy jarayonlarga yuz tutgan. Buning ustiga butun dunyoda aholining o‘sib borishi, iqtisodiy rivojlanish kabi omillar mazkur muammoning yanada chigallanishiga olib kelyapti;
- 2050 yilga kelib dunyo aholisining soni 9,6 milliardga yetib qolishini inobatga olganda, tabiiy resurslarning hozirgi sur’at va hajmlarda iste’mol qilishimizni, mahsulot ishlab chiqarishimizni davom etaversak, kelajakda bizga hozirgi Yer sharimizning kattaligidagi yana uchta Yer shari kerak bo‘ladi.
Mazkur sana nafaqat ona-yer tuhfalarini qadrlash, Yerda mavjud bo‘lgan boy biologik xilma-xillikni asrash kunidir. Ushbu kunda biz barchamiz ona-Yerni qanday qilib muhofaza qilishimiz, uning tabiatini qanday asrashimiz, dolzarb bo‘lib qolgan ekologik muammolarni qanday yechishimiz mumkinligi to‘g‘risida chuqur o‘ylashimiz, Yer sharini yanada go‘zalroq, sog‘lomroq qilish yo‘llarini izlashimiz lozim.
BMT ushbu sanani qay tarzda nishonlaydi?
Mazkur sanani nishonlash bilan bog‘liq keng ko‘lamdagi tadbirlarni muayyan bir shior ostida yoki mavzuda o‘tkazish vazifasi har yili alohida bir mamlakatga yuklatilib, shu mamlakatda 5 iyun kuni to‘g‘ri keladigan hafta davomida xalqaro ko‘rgazma tashkil etiladi.
Mazkur sanani nishonlashda butun dunyo bo‘ylab 70 ta mamlakatda millionlab odamlar ishtirokida keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkaziladi. Har yili keksa va yosh faollar turli ko‘rgazmalar, atrof-muhitni tozalash ishlari, hasharlar, konsertlar, OAV ishtirokidagi bir qator tadbirlar, turli tanlov va musobaqalar tashkil etadilar.