Bugun xalqaro teatr kuni: taniqli sahna muallimi, "Shuhrat" medali sohibi Ravshan YoRIYeVni eslab...
Iste’dod ariqdan oqadigan suv yoki osmondan yog‘adigan qor emas. Uning qadr-qimmati insonning hayoti bilan teng. Shuning uchun ham iste’dodli kishilar, eng avvalo, o‘zlarini qadrlashi, avaylashi shart. Ammo kuyunchak, talabchan rejissyor Ravshan Yoriyev bilan qariyb o‘n besh yil Kattaqo‘rg‘on teatrida hamkorlik qilib, uning turmushdan, sog‘lig‘idan noliganini eshitmaganman.
U mudom sahna, ijod dardi bilan yashardi. Zero, sahnadagi ijod - uning uchun beradigan, lekin huzur baxsh etadigan sehrli dard. U aktyorni ham, rejissyorni ham har qanday ko‘yga soladi. Bu ijod ishqiga tushdingizmi bas, uni tashlab ketolmaysiz.
- Teatr - men uchun Vatan ichidagi vatandir. Sahna esa - muqaddas makon, - derdi Ravshan. - Ko‘p o‘qimagan, dunyoqarashi tor kishilardan yaxshi artist ham, yaxshi rejissyor ham chiqmaydi. Rejissyorning dunyoqarashi nafaqat aktyornikidan, balki muallif va tomoshabinnikidan ham keng bo‘lishi zarur.
R.Yoriyev 1980 yili Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati institutining rejissyorlik bo‘limiga o‘qishga qabul qilingan. Bungacha u respublika yosh tomoshabinlar teatrida ma’lum muddat ishlab, tajribali aktyor, rejissyorlardan saboq olgandi.
...1985 yil. Yosh rejissyor diplom ishi sifatida taniqli adib O‘lmas Umarbekovning "Kurort" dramasini Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatrida sahnalashtirdi. Bu asar Ravshandagi rejissyorlik qobiliyatini namoyish etdi. U teatr rejissyori diplomini olgach, mehnat faoliyatini bizda davom ettirdi.
- Ravshan aka bolalar dramaturgi sifatida ham nazarga tushgandi, - deya xotirlaydi teatrimizning yetakchi artistlaridan Bekpo‘lat Rustamov. - U 1987 yilda "Tadbirkor olmaxon" pesasini sahnalashtirdi. Ezgulikning yovuzlik ustidan tantanasi haqidagi mazkur ertak-tomosha ustozimning serqirra ijodkor ekanligini, bolalar dramaturgiyasi bo‘yicha ham qalami charxlanib qolganligini isbotlagandi. Keyinchalik men bu rolda 500 marta sahnaga chiqdim.
- Navoiyni, Boburni, Shekspir va Pushkinni, Oybek va Abdulla Qahhorni, Chingiz Aytmatov, Qaysin Quliyev yoki Rabindranat Tagor, xullas, jahon adabiyotini o‘rganmay turib, rejissyor bo‘lish xomxayol, - derdi u gurunglarimizda. O‘zi ham bir nechta dramalar, ssenariylar yozdi, kitob chop etdi.
Ravshan Yoriyev bir necha yil Kattaqo‘rg‘on teatrining bosh rejissyori sifatida ijod qildi, qirqqa yaqin turli janrdagi spektakllarni yuqori saviyada sahnalashtirdi. Jumladan, Ilhom Hasanovning "Biri kam dunyo", Burxon Islomovning "Sarbadorlar", Mustay Karimning "Oy tutilgan tunda", Shavkat Siddiqiyning "Fig‘on", Inoyat Rustamning "Morqoch voqeasi" asarlari asosidagi spektakllar teatr muxlislarining e’tiboriga sazovor bo‘ldi. Mashrab Boboyevning "Qani mening yulduzim" dramasi asosida sahnalashtirilgan spektakl teatrimiz repertuariga fayz kiritdi. Spektakl premerasida qatnashgan Mashrab Boboyev va Sharof Boshbekov drama muallif-rejissyor-aktyorlar hamkorligining samarasi ekanligini qayd etishgandi.
Ravshan yosh tomoshabinlar teatrida iqtidorli aktrisa Mo‘’tabar bilan tanishib, ahdu paymon qilib, oila qurdi. Eri Kattaqo‘rg‘onda ishlaganda Mo‘’tabar Qudratjon, Jasurbek va Gulshanoylarga o‘zi qarab turdi, uy berishgach, Kattaqo‘rg‘onga kelib, birga ishladi.
2001 yili Ravshan Yoriyev Toshkentda "Turon" teatr-studiyasini tashkil etdi.
Iqtidorli shogirdlari bilan truppa tuzib, 6-7 yil davomida Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda respublika viloyatlari bo‘ylab ijodiy safarlar uyushtirdi. Truppa repertuaridagi giyohvandlik, terrorchilik mavzuidagi bir pardali pesalar ming-minglab tomoshabinlarni ogohlikka chorladi.
Ravshan Yoriyev davralarning guli, hazilkash, samimiy inson edi. Spektakllar mashg‘ulotlarida uni ko‘p kuzatganman. Bir choynak choyni stolga qo‘yib, 10-12 soatlab uzluksiz ishlaganini, "Sarbadorlar" dramasining repetitsiyalarini 39-40 daraja isitma bilan o‘tkazganligini kechagidek eslayman.
R.Yoriyev umrining so‘nggi kunlarigacha teatrda, sahnada bo‘ldi. U Shekspirning "Otello"sini sahnalashtirib, bosh rolni o‘zi o‘ynashini rejalab yurardi. Ammo niyatiga yetish arafasida yurak xurujidan vafot etdi, yorug‘ olamda 56 yil yashadi, xolos. Bugun do‘stlari, farzandlari, izdoshlari, sadoqatli rafiqasi Mo‘’tabar opa va sahnadoshlari uning ruhini shod etishyapti.
Abduaziz HOSHIMOV,
Teatr arboblari
uyushmasi a’zosi.