Bugunning o‘qituvchisi. Biz uning saviyasidan nega qoniqmayapmiz?

O‘qituvchi - odamlarga nur, ziyo, go‘zallik baxshida etuvchi INSON. U o‘zining ana shu xislati bilan boshqalar uchun ibrat namunasidir. Shu bois, el-yurtga ma’rifat ulashib, ma’naviyat chashmasidan bahramand etgan o‘qituvchi doimo odamlar izzat-ikromiga sazovor bo‘lib kelgan. Xalqimiz ziyo ulashuvchi odamlarni mulla (ya’ni, ziyoli), ilmu urfon ahlini esa domulla (katta mulla, katta ziyoli) deb atab, ma’rifat ahliga bo‘lgan hurmatini ifoda etgan.

Rivoyat qilishlaricha, bir kishi avval ustoziga, so‘ngra otasiga salom beradi. Buning boisini so‘raganlarida, u "Allohning qudrati ila otam meni dunyoga keltirdi, ustozim esa meni ko‘klarga ko‘tardi", deb javob bergan ekan.

Ulug‘ Sohibqiron bobomiz Amir Temur ustozi Mir Said Barakaning oyoq tomoniga dafn etishlarini vasiyat qilgani ham ustozlarga bo‘lgan hurmat-ehtirom ramzidir. Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning Birinchi Prezidentimiz I.Karimov xotirasiga bo‘lgan munosabati ham ustozga nisbatan hurmatgina emas, balki insoniylikning yuksak namunasidir.

Mamlakatimizda o‘qituvchi va maktabning qadrini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tirmayman. Chunki bu islohotlarni barchamiz bilib, ko‘rib turibmiz. Shuning uchun kamina sohadagi muammolar va ularning yechimi haqida fikrlashmoqchiman.

Bugungi kunda viloyatimizda 1214 umumiy o‘rta ta’lim maktabida 49 mingdan ziyod o‘qituvchi yoshlarga ta’lim beradi. Ularning 82 foizi oliy ma’lumotli, 1,6 foizi oliy toifali, 60 foizdan ko‘prog‘i toifaga ega bo‘lmagan mutaxassis o‘qituvchilardir.

Xalq ta’limi vazirligining sayti (uzedu.uz)da keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimiz miqyosida 450 mingdan ziyod xalq ta’limi xodimlari orasida oliy ma’lumotli o‘qituvchilar soni 371 392 nafar bo‘lib, ularning 2,5 foizini oliy toifalilar tashkil qiladi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, viloyatimizdagi toifasi bor o‘qituvchilar respublika ko‘rsatkichidan kam. Albatta, ushbu holat qoniqarli emas.

To‘g‘ri, viloyatimiz o‘qituvchilari orasida o‘zining mehnati va jonkuyarligi bilan obro‘ topayotganlar ko‘payib bormoqda. Masalan, shu kunga qadar ularning 381 nafari davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Ayniqsa, keyingi uch yilda 18 kishi "O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi", "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi" unvonlari, "Do‘stlik", "Mehnat shuhrati", "Fidokorona xizmatlari uchun", 2-darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordenlari, "Shuhrat" medali bilan taqdirlandi.

Keyingi ikki yilda yurtimizda o‘qituvchi mehnatini qadrlash, ta’limning sifat va samaradorligini oshirish borasidagi qulay shart-sharoitlarning yaratilishi ustoz-muallimlarning ko‘nglini ko‘tardi. Birgina 2018 yilning o‘zida respublikamiz umumta’lim maktablari 16 mingdan ziyod yosh mutaxassislar bilan boyitildi, 13 mingdan ziyod erkak muallimlar maktabga qaytdi.

Davlatimiz rahbarining bir qator farmon va qarorlarida pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, tizimda eng zamonaviy, ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni tatbiq etish muhim vazifa sifatida qo‘yildi.         

Shundan kelib chiqib, bugun qayta tayyorlash va malaka oshirish masalalariga zamon talablariga muvofiq ijodiy va kompleks yondashish ehtiyoji paydo bo‘ldi. Bunday maqsadga pedagogning bilimi va mahoratini oshirish orqali erishish mumkin, albatta. Ushbu jarayon faqatgina ta’limni boshqarish organlarining emas, avvalo pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari faoliyatining asosiy yo‘nalishidir.

Bundan buyon o‘qituvchi ta’lim berishda asosiy e’tiborni darsning sifat va samaradorligiga qaratishi, o‘quvchida fan bo‘yicha bilim, ko‘nikma, malaka va kompetensiyalarni shakllantirib, rivojlantirishda bor mahoratini ishga solishi kerak bo‘ladi. Shunga qarab ish haqining oshirilgan stavkasiga ega bo‘lishi mumkin.

O‘zim ham o‘qituvchiman. 40 yillik tajribamga asoslanib ayta olamanki, hech qaysi davrda o‘qituvchiga bu qadar imkoniyat va imtiyozlar berilgan emas.

Biroq, masalaning boshqa tomoni ham bor: bugun o‘qituvchilar bu g‘amxo‘rlik va e’tiborga javoban o‘z faoliyatida qanday o‘zgarishlar qilyapti? Umuman, o‘qituvchining ayni paytdagi faoliyati, uning bilim va pedagogik mahorat bobidagi saviyasi, ma’naviy qiyofasi, innovatsion o‘zgarishlarga moyilligidan ko‘nglimiz to‘lyaptimi?

Shu kabi savollarga javob topish maqsadida qator kuzatuv, tahlil va so‘rovlar o‘tkazdik.

Xususan, yarim yil mobaynida malaka oshirish kurslariga kelgan muallimlarning bilim, ko‘nikma va malakasini sinovdan o‘tkazganimizda, natija o‘ta pastligi, hatto ayanchli holatda ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ayanchli deb aytishimizga sabab - sinov 11-sinf umumta’lim fanlari hajmida, muallim dars berib kelayotgan o‘quv materiallari asosida o‘tkazildi. Sinovda oliy ma’lumotli tinglovchi-o‘qituvchilar ishtirok etishdi.

Natijaga ko‘ra, ularning atigi 6 foizi "5", 20 foizi "4", 33 foizi "3" baho oldi. 41 foiz tinglovchilarning bilimi qoniqarsiz baholandi!

Endi o‘zingiz xolisanillo ayting: maktab dasturini bilmaydigan o‘qituvchidan nimani kutish mumkin? Oliy ma’lumotli o‘qituvchi diktant yoza olmasa, kelajagimiz bo‘lmish farzandlarimizning taqdirini shunday o‘qituvchiga ishonib topshirish mumkinmi? Bunga qaysi ota-ona rozi bo‘ladi? Axir, bu eng avvalo, kasbga, kelajak avlodga xiyonat emasmi?

Bunday achinarli holat qachon va qanday vujudga keldi? Albatta, buning ob’yektiv va sub’yektiv sabablari ko‘p. Aybni jamiyatdan, boshqaruv tizimidan, bir-birimizdan izlash holati ham yo‘q emas. Lekin, nima bo‘lganda ham, bunga birinchi galda o‘qituvchining o‘zi sababchi emasmi?

Bunday holat yuzaga kelishiga o‘z kasbini jondan sevib, uni hayotining mazmuni, deb biladigan fidoyi o‘qituvchilarning kamayib ketgani, ko‘plab muallimlar o‘z ustida ishlamay qo‘ygani, o‘qituvchilik shunchaki ermakka aylantirib qo‘yilgani, ta’limning boshqaruv organlari va maktab rahbarlari tomonidan nazoratning bo‘shashtirib yuborilgani sabab bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.

Hammamiz guvohi bo‘lganimizdek, 2018 yilning yozida oliy o‘quv yurtlariga qabul sinovlarida abituriyentlar ko‘rsatgan natijalar avvalgi yillardagidan past bo‘ldi. Nega? Chunki qabul jarayonlari adolatli o‘tdi, nohaqliklarga yo‘l qo‘yilmadi. Abituriyent, ya’ni bitiruvchi o‘zida bor bilimni, haqiqiy kuchini ko‘rsatdi - "3" bahoga loyiq natija ko‘rsatgan ko‘pchilik abituriyentlar talaba bo‘ldi. Qolganlar, ya’ni, o‘qishga hujjat topshirmagan yoshlar-chi? Ularning bilim darajasi qanday ekan?

Aslida oliy o‘quv yurtiga kirish jarayonida, ya’ni qabul testlarida abituriyent qayd etgan natija o‘qituvchiga berilgan baho, desak to‘g‘ri bo‘ladi. O‘quvchining bilimini noxolis baholashga chek qo‘yilmas ekan, bunday holat davom etmasligiga kafolat berish qiyin.

Tushunaman, ta’lim tizimi holati mamlakat kelajagini belgilashini hisobga olmay, bu tizimda moliyaviy qisqartirishlar qilib, katta xatoga yo‘l qo‘ydik. Ammo Prezident Sh.Mirziyoyev belgilab bergan strategik yo‘nalishlar bu kamchilikni bosqichma-bosqich tuzatishga imkon yaratadi.

Bosqichma-bosqich deganim bejiz emas. Ta’limdagi nuqtai nazar tez kunda o‘zgaradigan holat emas. Bu masalada "uni qildik", "buni qildik" degan ma’lumotnomalar berishga yo‘l qo‘ymaylik. Muallimga imtiyoz berish barobarida uning mas’uliyatini ham oshirish choralarini ko‘raylik.

Ta’limdagi kamchiliklarni yashirish, xaspo‘shlash nimaga olib kelishini ko‘rdik. Shunday ekan, muammolarni o‘rtaga tashlab, uning yechimiga javob izlaylik.

Ta’lim masalalariga bag‘ishlab joylarda o‘tkazilgan yig‘ilishlarda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ayrim o‘qituvchilarning o‘z fanidan oddiy savollarga javob bera olmaganini, hatto maktab rahbarlarining bilimsizligini g‘oyat o‘rinli tanqid qilgan edi. Viloyat rahbarining kuyunib bildirgan tanqidiy fikrlaridan tegishli xulosa chiqarish maqsadida keng ko‘lamda kuzatuv va tahlillar olib bordik. Keling, ularga asoslanib, bugun o‘qituvchilarimiz faoliyatidagi asosiy kamchiliklar nimalardan iborat ekanligiga e’tibor qarataylik.

Eng katta kamchilik - bu kasbiy kompetentlikning yetishmasligi. Ayrim o‘qituvchilarning kasbiy tayyorgarligi va tajribasi, o‘zini o‘zi anglashi, o‘z kuchi va bilimiga ishonishi, o‘z mutaxassisligini puxta bilishi va shu kabi kasbiy kamolotni belgilab beruvchi xususiyatlarni namoyon qila olmayotgani juda achinarli holatdir.

Ikkinchidan, ko‘plab o‘qituvchilarning o‘z ustida mustaqil ishlashga o‘rganmaganligi, ilg‘or tajribalarni, tizimdagi yangiliklarni o‘rganib, ish faoliyatida qo‘llamasligi ularning zamondan ortda qolishlariga sabab bo‘lmoqda. Muallimlarning o‘z ustida mustaqil ishlashini muvofiqlashtirish tizimi ham yo‘q.

Uchinchidan, o‘qituvchining o‘z ishiga ijodiy yondashmasligi. Ko‘pgina o‘qituvchilar dars mash­g‘ulotlarida yangi, innovatsion metodlarni qo‘llamasligi (aniqrog‘i, qo‘llay olmasligi), zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanmasligi, aksariyat muallimlar esa pedagogik texnologiyalarni besamar qo‘llayotir.

To‘rtinchidan, ko‘pchilik o‘qituvchilar, hatto maktab rahbarlari ham darslarni kompleks tahlil qilishni bilmaydi. Seminar yoki treninglarda ba’zi o‘qituvchilarga darsni tahlil qiling, desangiz "mashg‘ulot menga yoqdi" yoki "menga yoqmadi" deyishdan nariga o‘tolmaydi. Dars metodik jihatdan qanday tashkil etildi, darsning ilmiyligi qanday, yutuq va kamchiliklari nimalardan iborat, dars psixologik talablarga javob beradimi yoki yo‘qmi, mashg‘ulotda qo‘yilgan maqsadga erishildimi - afsuski, bular haqida ko‘p o‘qituvchilar hatto tushunchaga ham ega emas. Bunday o‘qituvchilar mantiqiy fikrlash, tadqiq qilish, hisoblash, o‘lchash, yasash, sinash, kuzatish, solishtirish, xulosa chiqarish, mustaqil qaror qabul qilish kabi pedagogik usullarni bilmaydi.

Beshinchidan, ba’zi o‘qituvchilarning dars ishlanmasi (konspekt) yozish, mashg‘ulotning texnologik xaritasini tuzishni bilmasligi ham ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Aksariyat o‘qituvchilarning konspektida darsning tashkiliy qismi, o‘tilgan mavzuni so‘rash, o‘tilgan mavzuni mustahkamlash, yangi mavzuni tushuntirish, mustahkamlash, o‘quvchilar bilimini baholash, uyga vazifa berish kabi tarkibiy qismlar to‘liq yoritilmaydi.

Oltinchidan, ko‘plab o‘qituvchilarimiz dunyoda bo‘layotgan global o‘zgarishlar, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi tub islohotlar, siyosiy jarayonlarning mazmun-mohiyatini yaxshi bilmasligi, tashqi siyosatdan bexabarligi, bir so‘z bilan aytganda, g‘oyaviy va mafkuraviy saviyaning yetishmasligi ham ularning ijtimoiy mavqeiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yettinchidan, ko‘plab o‘qituvchilarning kompyuter texnologiyalaridan foydalanishni hanuzgacha yetarli darajada o‘zlashtirmaganligi ularning o‘z ustida mustaqil ishlashlariga yana bir to‘siq bo‘lib "xizmat qilayapti". Bugungi kunda har bir muallimning qo‘lida qimmatbaho telefon bor, lekin ular ijtimoiy tarmoqlar, ta’limga oid saytlar va kanallardan foydalanishni bilmaydi. Eng achinarlisi, ular Axborot-ta’lim portali (eduportal.uz), O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi (uzedu.uz), O‘zbekiston Respublikasi jamoat ta’lim axborot tarmog‘i (ziyonet.uz), Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi (multimedia.uz), viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi (sammoi.uz) kabi ta’limga oid saytlar, "Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari", "Ingliz tili o‘qituvchilari", "Ma’rifat", "Ziyokor", "O‘quv kurslari" kabi telegram kanallari faoliyat yuritayotganligi haqida tasavvurga ham ega emas.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan barcha fanlar bo‘yicha zarur metodik qo‘llanma va multimedia ilovalari yaratilib, maktablarda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilarga yetkazib berilmoqda. Afsuski, o‘qituvchilar ushbu multimedia ilovalaridan foydalanmayapti. Disk va metodik qo‘llanmalar o‘qituvchining stoli tortmasida yoki direktorning shkafida chang bosib yotibdi.

Kommunikativ axborotlar bilan ishlash, o‘zini o‘zi rivojlantirish, ijtimoiy faol fuqarolik, milliy va umummadaniy, matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kompetensiyalari nima va ular qanday shakllantirilishi lozimligini bilmaydigan o‘qituvchi bugun ta’lim sifatini ko‘tarishga yordam bera olmaydi. Dars jarayonida bunday kompetensiyalarni shakllantirish uchun qanday pedagogik usullardan foydalanish kerak - buni o‘qituvchi nafaqat bilishi, balki amalda bajarishi zarur. Axir, bunday kompetensiyalar o‘qituvchining o‘zida shakllanmagan bo‘lsa, ularni qanday qilib o‘quvchilarida shakllantirishi mumkin?

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga murojaatnomasida ta’kidlaganidek, bugun odamlarning ongi, tafakkuri o‘zgarishi kerak, bugungidek yashashga va ishlashga ertaga haqqimiz yo‘q. Shiddatli zamonda bugungi bilim va tajribamiz ertagayoq eskiradi. Bugun muallim ongi va shuurida o‘zgarishlar qilmasa, yangilanishlardan ortda qolsa jamoa orasida keraksiz insonga aylanib qolishi hech gap emas. Zamondan ortda qolgan ustozdan kim ham o‘rganishni xohlaydi?

Ta’lim sohasida "Dars - muqaddas", degan tamoyil bor. Darsga tayyorgarlik ko‘rmasdan kirish - jinoyatga qo‘l urish bilan barobar. Pedagog mashg‘ulotga har jihatdan tayyorgarlik ko‘rishi, har bir darsni mas’uliyatni chuqur anglagan holda o‘tkazishi kerak.

Yuqorida qayd qilingan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf qilish uchun o‘qituvchi nima qilishi kerak?

Buning yagona yo‘li - o‘z ustida ishlash, vassalom. Boshqa yo‘li yo‘q!

O‘qituvchining doimiy ravishda kasbiy malakasini oshirib borishi bugun davr taqozosiga aylandi. Lekin malaka oshirish jarayoni - bu o‘qituvchining barcha nuqsonlardan xalos bo‘lishi degani emas. Qars - ikki qo‘ldan, deydilar. O‘z ustida tinmay ishlamas, o‘zini qiynashni istamas ekan, o‘qituvchi nuqsonlardan qutula olmaydi.

Ma’lumki, o‘qituvchi besh yilda bir marta malakasini oshiradi: bir oy mobaynida 144 soat hajmida malaka oshirish kursida shug‘ullanadi. Bu yetarli emas, albatta. Eng avvalo, maktabning o‘zi malaka va mahoratni oshirish o‘chog‘i bo‘lishi kerak. U yerda darslarga kirish va kuzatish, tahlil qilish, yangi innovatsion usullarni keng joriy qilish, o‘zaro tajriba almashish, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish, ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish ishlari tashkil etilishi zarur, bir so‘z bilan aytganda, maktabda hayot qaynashi kerak.   

Bugun malaka oshirish jarayoni ham shaklan, ham mazmunan o‘zgacha qiyofa kasb etishi lozim. Malakasini oshirish barobarida o‘qituvchi pedagogik mahoratini oshiribgina qolmay, balki mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlarining mazmun-mohiyatini chuqur bilishi, tafakkuri, mushohada va nutq madaniyatini oshirishga ham jiddiy e’tibor qaratishi zarur. Chunki ta’limning ikki muhim ko‘rsatkichi - sifat va samaradorlik aynan o‘qituvchining mahoratiga bog‘liq.

Malaka oshirish kursiga kelgan o‘qituvchi metodik mukammallikka erishish barobarida g‘oyaviy va ruhiy tayyorgarligini oshirishi, tafakkurini, ijodkorlik xususiyatlarini boyitishi lozim. Viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi o‘z faoliyatini aynan shu yo‘nalishga qaratmoqda.

Hozirgi kunda markazga har oyda o‘rtacha 900 nafar tinglovchi malaka oshirish kursiga keladi. Tinglovchilar ixtiyorida 48 ta o‘quv auditoriyasi, 4 ta o‘quv laboratoriyasi, 210 o‘rinli tinglovchilar turar joyi, 3 ta sport zali va maydoni, 3 ta majlislar va konferensiya zali, amfiteatr, axborot-resurs markazi va 3 ta oshxona mavjud. Shuningdek, o‘quv jarayonini samarali tashkil qilish maqsadida 342 ta kompyuter, 38 ta videoproyektor va 6 ta elektron doskadan foydalanilmoqda.

Hududiy markazda 122 nafar pedagog kadrlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan 70 nafari asosiy shtat birligida, 52 nafari soatbay va o‘rindoshlik asosida ishlab keladi. Markazning ilmiy salohiyati 48,1 foizni tashkil etadi.

Markaz viloyatimiz maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari, oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik o‘rnatgan. Tinglovchilarning ko‘chma mashg‘ulotlarini oliy ta’lim muassasasining tegishli kafedralarida o‘tkazish hamda kafedralardagi o‘quv, ilmiy laboratoriyalardan foydalanib dars o‘tish amaliyoti shakllangan. Hamkorlik ishlarini kengaytirish yuzasidan doimiy faoliyat yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish maqsadida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti, respublikadagi barcha hududiy markazlar bilan ham hamkorlik shartnomalari tuzilgan.

Muhim ishlarimizdan biri - ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish, professor-o‘qituvchilar salohiyatidan unumli foydalanish hamda viloyat o‘qituvchilarini metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida "Pedagogik innovatsiyalar markazi" faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Unda o‘qituvchilarga uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida o‘quv-metodik materiallarni tizimli yaratish, viloyatdagi reytingi past bo‘lgan maktablarga borib, mahorat darslari, seminarlar va boshqa tadbirlar o‘tkazish amaliyoti keng joriy etilmoqda.

Markaz professor-o‘qituvchilarining ilmiy tadqiqot faoliyatini kuchaytirish, ularning turli doiradagi grant tanlovlarida ishtirokini ta’minlash, viloyatdagi ilg‘or o‘qituvchilarni aniqlab, ularning tajribalarini ommalashtirish ishlarini yanada jonlantirishga e’tibor qaratmoqdamiz.

O‘qituvchining ilmiy tadqiqot ishlariga o‘rganishi uning o‘z ustida ishlashida muhim omildir. Agar u davriy nashrlarga maqolalar yozib tursa, loyihalar, grantlarda ishtirok etsa, ilmiy anjumanlarda ma’ruza qilsa, uning mahorati oshib boradi.

Davriy nashrlarga obuna masalasida ham fikr bildirish joiz. Bu masalani boshqacha talqin etayotgan, uni majburiylikka yo‘yayotgan o‘qituvchilar ham bor. Majburiy obunaga barham berilgani yaxshi, albatta. Lekin har bir o‘qituvchi kasbiy faoliyati uchun zarur bo‘lgan nashrlarga obuna bo‘lsa, buning nimasi yomon? Bizningcha, "Ma’rifat", "Zarafshon" gazetalari, xalq ta’limi bilan bog‘liq jurnallarga obuna bo‘lgan o‘qituvchi bundan faqat yutadi, mahorati ortib boradi.

Bugun maktablarda monitoring va uzluksiz metodik xizmatni jonlantirish kerak. Yosh, endigina pedagoglik faoliyatiga kirib kelgan mutaxassislarga uslubiy yordam ko‘rsatish, shu maqsadda "Ustoz - shogird" maktablari faoliyatini tashkil etishga e’tiborni kuchaytirish, ushbu yo‘nalishda yuzakilikka uzil-kesil barham berish zarur.

O‘z ustida muntazam ishlaydigan o‘qituvchilarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, "Eng faol o‘qituvchi" tanlovini tashkil qilish, uning tajribasini maktabda keng ommalashtirish ishlarini yo‘lga qo‘yish lozim.

Bugun o‘qituvchidan talab etilayotgan yana bir narsa - u o‘z kasbining ustasi bo‘lishi bilan birgalikda o‘zining turmush tarzi bilan ham boshqalarga ibrat bo‘lishi kerak. O‘zining mahalla-ko‘ydagi obro‘-e’tibori, muomala madaniyati, oilasiga g‘amxo‘rligi, bolalar tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashuvi, or-nomusi, go‘zal xulq-atvori bilan o‘zi yashayotgan qishloqda, insonlar orasida namuna bo‘lsin.

Tarbiyada eng ta’sirchan omil - bu shaxsiy ibrat, namuna. Shu ma’noda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, "O‘qituvchi va murabbiylar biz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsolidir". Bir so‘z bilan aytsak, ma’naviyatning tom ma’noda andozasi bo‘lishi lozim.

Saidahmad USMONOV,

viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazi direktori,

pedagogika fanlari nomzodi.