Chet tillar institutiga moliyaviy mustaqillik berildi. Nima o‘zgaradi?

2022 yil 1 yanvardan respublikamizdagi 35 ta yetakchi davlat oliy ta’lim muassasasiga moliyaviy mustaqillik berildi. Shunday OTMlardan biri Samarqand davlat chet tillar institutidir. Xo‘sh, moliyaviy mustaqillik nima degani? Bu oliy ta’lim muassasalariga qanday erkinlik beradi, qanday mas’uliyat va vazifalar yuklaydi? Institut rektori Ilhom To‘xtasinov bilan bo‘lgan suhbatimiz shu haqda.

- Ilhom Madaminovich, ikki yil avval Samarqand davlat chet tillar instituti o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan edi. Endi institutga moliyaviy mustaqillik berilmoqda. Bu nima degani?

- Prezidentimizning 2021 yil 24 dekabrdagi qarorida moliyaviy mustaqillik, akademik mustaqillik va tashkiliy mustaqillik degan masala qo‘yilgan. Bunda oliy ta’lim muassasasi pullarni maqsadsiz sarflay olmaydi. Hamma masalalar oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Moddiy texnik bazani mustahkamlash, professor-o‘qituvchilarni rag‘batlantirish, har bir xodimni qo‘llab-quvvatlash, bu bizning vazifamiz. Moliyaviy mustaqillik farqini aytadigan bo‘lsak, bizda masalan, talabalar soni 11 ming nafardan oshdi. Besh yil oldin talabalar 2 ming nafar edi. O‘tgan yili kvotamiz ikki baravarga ko‘paydi. 2021-2022 o‘quv yilida institutimizga 3200 ta kvota berildi. Kvotalarni belgilash institutga yuklatilgan.

Shuningdek, o‘quv reja, o‘quv dastur, malaka talablarini tasdiqlashni o‘zimiz belgilaymiz. Bunda xorijiy oliy ta’lim muassasalarining tajribasidan kelib chiqib, mos keladiganini tatbiq etamiz. Akademik mustaqil bo‘lgan oliy ta’lim muassasalariga o‘quv jarayonini mustaqil belgilash imkoniyati berilyapti.

O‘quv davomiyligini belgilash ham o‘zimizga yuklatilyapti. Masalan, magistratura bizda 2 yil, Amerikada 1 yil. Biz ertaga magistrlarga 1 yillik magistraturni tatbiq etmoqchimiz. Doktoranturaga talab yuqori, ammo to‘lov-shartnoma asosida o‘qitilmaydi. Biz kontrakt asosida doktoraturaga o‘qishni joriy etmoqchimiz. Akademik mustaqillikda qo‘shimcha magistratura ta’limining sirtqi, kechki, masofaviy tizimini joriy etish, qo‘sh malaka berish imkoniyatlari berilyapti.

Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik mobillik yaratilyapti. Bu nima degani? Masalan, siz toshkentliksiz, Samarqandda o‘qiyapsiz. Beshta ta’lim yo‘nalishini belgilab, Samarqandga o‘qishga kirdingiz, ammo bu yerda o‘qish uchun sharoitingiz yo‘q. Bunday holatda Toshkentda joylashgan oliy ta’lim muassasasi bilan Samarqanddagi oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida akademik mobillik bo‘yicha kelishuv bo‘ladi. Biz Toshkentdan kelgan talabani olti oy yoki bir yilda Toshkentga jo‘natib, ota-onasi bag‘rida o‘qishini davom ettirishga sharoit yaratib beramiz. Bu ham talabalar uchun yaxshi imkoniyat.

Shuningdek, oliy ta’lim muassasalariga grif asosida o‘zlari darsliklar yaratish imkoni berilyapti. Biz vasiylik kengashi bilan kelishgan holda o‘zimizga kerakli darsliklarni ishlab chiqib, chop etamiz. 

- Institut o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgach, ikki yil davomida qanday ishlar amalga oshirildi?

- Chekka hududlardagi kollejlarimiz ta’mirtalab bo‘lib qolgan edi, ularni ta’mirladik. Bundan tashqari, axborot resurs markazimizga ehtiyoj juda katta edi, to‘rt qavatli yangi axborot resurs markazi qurishni boshladik. Shuningdek, bizga biriktirilgan Samarqand shahar Gagarin ko‘chasida joylashgan kollej binosida bugungi kunda 2,5 ming nafardan ortiq talaba o‘qiyapti. U yerdagi binolar ta’mirtalab ahvolda edi. Biz vasiylik kengashi bilan kelishgan holda mablag‘ ajratib, 600 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv binosini 1000 o‘ringa moslashtirdik. Bugun-erta ochilish marosimiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

Bundan tashqari, talabalarning turar joyga ehtiyojidan kelib chiqib, 600 o‘rinli talabalar turar joyini ikki qavatli zamonaviy krovatlar bilan 870 o‘ringa aylantirdik. Talabalar turar joyida internetdan foydalanish uchun wi-fi, besh tashabbus bo‘yicha musiqa asboblari keltirdik, kutubxona tashkil etdik, shuningdek, sport bilan shug‘ullanishlari uchun imkoniyatlar yaratib beryapmiz. Gagarin ko‘chasidagi talabalar turar joyida ham ta’mirlash ishlarini boshlaganmiz. 

O‘tgan yili ijtimoiy muhofazaga muhtoj 67 nafar talabamizning kontrakt pulini to‘lab berdik. 2020-2021 o‘quv yilining oxirida 39 nafar talabaning bir yillik kontraktini to‘ladik.

O‘z tashabbusimiz bilan iqtidorli, yetakchi talabalar, shuningdek, yetim, “Temir”, “Ayollar” daftaridagi talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 348 nafariga yangi o‘quv yilidan 2 baravardan 3 baravargacha stipendiyalar to‘lab berdik. Bu pullarni moddiy yordam sifatida ajratdik. Moliyaviy mustaqillik berilgach, bunday imkoniyatlarga ega bo‘ldik.

- Institutning 11 ming nafar talabasiga 800 o‘rinli talabalar turar joyi kamlik qiladi, albatta. Endi institut o‘z mablag‘lari hisobidan yotoqxona, o‘quv binolari qurish imkoniga ega bo‘ladimi?

- Albatta. Ayni paytda davlat-xususiy sheriklik asosida 600 o‘rinli yangi talabalar turar joyi qurish ishlari boshlangan. O‘quv binolariga ham ehtiyojimiz juda katta. Shu sababli yangi hududimizda 1500 o‘rinli o‘quv binosini qurishni rejalashtiryapmiz. Bunga 40 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflanadi. 

- Institutda kvotalar oshgach, o‘qituvchilarga talab ham oshishi tabiiy. Bugun institutda salohiyatli o‘qituvchilar yetarlimi?

- Salohiyatli o‘qituvchi... Bugun bu juda nozik masala bo‘lib qoldi. Nega deganda, talabalar soni oshgan sayin salohiyat tushib boradi. Buni men ochiqchasiga aytishim mumkin. Bizga oson bo‘lmayapti ham. Negaki, oliy ta’lim muassasalari reytingi salohiyat bilan o‘lchanadi. Talabalarni xorijiy tillarni o‘rganishi uchun amaliyotchi o‘qituvchilar kerak. Xorijdan keladigan professor-o‘qituvchilarning tajribasiga tayanib qolyapmiz. To‘g‘ri, olimlar va salohiyatli o‘qituvchilarga ehtiyojimiz bor. Eng katta muammomiz talabalarga salohiyatli o‘qituvchilarning yetishmasligi. Bulardan kelib chiqib, biz oldimizga reja qo‘yganmiz. Birinchi navbatda magistraturada tahsil olmoqchi bo‘lgan iqtidorli talabalar sonini ko‘paytiryapmiz. Pedagogika sohasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan magistrlarni ustoz-shogird an’anasiga muvofiq tayyorlab, o‘zimizda olib qolishni rejalashtiryapmiz.

Moliyaviy mustaqillikka erishgach, bizda o‘qituvchilarni faqat 1 stavkada emas, 1,5 stavkagacha ishga olish huquqi mavjud. Negaki, o‘qituvchilar soni qancha ko‘p bo‘lsa, salohiyat shuncha pasayib ketadi. Shuningdek, fanlarni optimallashtirishga harakat qilyapmiz. Biz o‘qigan paytimizda 60-75 tagacha fanlar o‘qitilgan bo‘lsa, bugungi kunda 22-35 tagacha o‘qitilyapti. O‘quv dasturida mutaxassislik fanlari qolyapti, nomutaxassislik fanlari chiqib ketyapti. Biz o‘quv dasturlarimizda amaliyotni ko‘paytirishga harakat qilyapmiz.

- Endi talabalarning to‘lov-kontrakt pullarini ham o‘zlaringiz belgilaysizmi?

- Talabalarni to‘lov-kontrakt mablag‘lari, to‘lov-kontrakt shartnomalarini o‘zimiz mustaqil belgilash huquqiga egamiz. Masalan, davlat tomonidan bugungi kunda byudjetda o‘qiydigan bir nafar talabaga 14-15 million so‘m pul sarf bo‘ladi. Bizda kontraktda o‘qiydigan talabaga 6 400 000 dan 7 200 000 so‘mgacha to‘lov belgilangan. Bundan tashqari, kontrakt miqdorini oshirish yoki tushirish o‘zimizning ixtiyorimizda. Lekin bunda ham ma’lum me’yorlar belgilangan. Sifatli mutaxassis tayyorlash uchun xorijdan o‘qituvchilarni jalb qilmoqchimiz. O‘zimizning yangi avlod adabiyotlarini yaratmoqchimiz. Chet eldan keladigan o‘qituvchi bizni oyligimizga ishlamaydi. Shuning uchun uning maoshini ko‘tarib berishimiz kerak. Yoki o‘qituvchining sifatli dars berishi uchun unga ustama to‘lashimiz kerak bo‘ladi.

Bugungi kunda Fransiya, Amerika, Turkiya, Yaponiya, Koreya, Germaniya, Misr kabi davlatlardan 18 nafar professor-o‘qituvchi jalb etilgan. Ular talabalarga saboq berish bilan birga o‘qituvchilarning malakasini oshirishga yordam bermoqda.

Hali qiladigan ishlarimiz talay. Prezidentimizning qarorlari asosida, Samarqand davlat chet tillar institutining konsepsiyasini, chora-tadbirlar rejasini yaratamiz. Uni 2022 yilda bosqichma-bosqich joriy etish va amalga oshirishga jamoamiz bilan harakat qilamiz. 

Xurshida Ernazarova suhbatlashdi.