Chingizxon nega o‘z qabrini sir tutishni buyurgan?

Mo‘g‘uliston. Oxiri ko‘rinmaydigan mo‘g‘ul cho‘llari o‘zida bitmas-tuganmas afsona va haqiqatlarni yashirib yotibdi. Na bir yo‘l, na bir bino ko‘rinadi, faqat boshingiz uzra tubsiz osmon, ora-sirada mo‘g‘ul cho‘ponlarining yumaloq o‘tovlari, yilqi uyuri, echkilar podasiga duch kelasiz. Bu poyonsiz sahrolarni ot ustida bosib o‘tishni tasavvur qilish qiyin, ammo bu – dunyoni otda yurib bo‘ysundirgan jangchi, Chingizxonning yurti. Ana shu cheksiz cho‘llar insoniyat tarixidagi eng yirik imperiyaning asoschisi, butun dunyoni zir titratgan, hatto o‘limidan so‘ng ham tarixchilarning muhim e’tiborida bo‘lgan sarkarda, mo‘g‘ullarning buyuk qahramoni Chingizxonni dunyoga keltirgan. Chingizxonning hayoti tarixi qon to‘kishlar, bosqinlar, muhabbat va qasosga to‘la. Ammo bu tarix. Jumboqlarga ko‘milgan afsonalar, farazlar, taxminlar esa sarkardaning o‘limidan so‘ng boshlandi. Nega haligacha Chingizxonning qabri topilmagan? Sarkarda nima uchun o‘z qabrini sir saqlashni xohlagan? Vafotiga sabab nima? Keling, shu kabi savollarga javob qidiramiz.

Afsonalarda aytilishicha, jon berayotganida Chingizxon o‘zi dafn etiladigan joyni qattiq sir saqlashni buyurgan. Qayg‘udagi jangchilar sarkardaning jonsiz tanasini olib ketisharkan, yo‘llaridan chiqqan guvohlarni qilichdan o‘tkazishgan. Chingizxonni dafn etishgandan so‘ng biror bir iz qoldirmaslik uchun uning qabri ustidan minglab otlarni qo‘yib yuborishgan. Mo‘g‘ul xronikalari va sayohatchi Marko Poloning yozuvlariga ko‘ra, Chingizxonning tobutini yasagan barcha qullar maxsus jangchilar tomonidan o‘ldirilgan. Vazifa bajarib bo‘lingach, jangchilarning o‘zi ham qatl etilgan. Xonning jasadi solingan tobut Gobi cho‘li orqali belgilangan joyga qarab olib ketilar ekan, Chingizxonning o‘limidan xabar topgan kishi borki, omon qoldirilmagan.

Oradan 800 yil o‘tibdiki, hech kim Chingizxonning qabrini topolmadi. Xalqaro ekspeditsiyalar tarixiy yozuvlarga tayanib sag‘anani topishga urinib ko‘rishdi, mahalliy landshaft, hatto koinotdan olingan suratlarni o‘rganib chiqishdi. Chingizxon dafn etilgan joyni aniqlash niyatida National Geographic sun’iy yo‘ldosh orqali olingan suratlardan foydalandi. Biroq natija yo‘q. Bu qidiruv ishlari bilan odatda xorijlik mutaxassislar shug‘ullandi, mo‘g‘ullarning o‘zlari esa xonning qabri topilishini istamaydi. Nega? Bunga bir nechta sabablar bor. Mo‘g‘ullar hozirgacha o‘zlarining buyuk ajdodlariga chuqur ehtirom ko‘rsatishadi. Chingizxon bugun ham mo‘g‘ullar uchun kuch-qudrat timsoli. Mo‘g‘ul xalqi qadimgi an’analarga hurmat bilan qaraydi. Buyuk xonning qabri ochilishi - uning so‘nggi xohishiga qarshi borish degani. Yana ko‘pchilik Chingizxonning qabri topilsa va ochilsa, halokatli urush boshlanishiga ishonadi. Samarqandda buyuk lashkarboshi Amir Temurning qabri ochilganidan so‘ng Ikkinchi jahon urushi boshlanganini misol qilib ko‘rsatadilar.

Nega ko‘chmanchi qabilalar o‘z qabrlarini bunchalik qattiq qo‘riqlashgan? Gap shundaki, mahalliy qabilalar orasida dushman qabrini vayron qilish odati bo‘lgan. Vafot etgan kishining ruhi bu dunyoga qaytishi va avlodlari ko‘rinishida qayta tug‘ilishi mumkinligiga ishonishgan. Albatta, qabrda yotgan odamning barcha suyuklari but holda bo‘lsa. Shu bois qabrlar toptalishiga yo‘l qo‘yishmagan. Ayrim shomonlar bu borada juda ehtiyotkor bo‘lishgan – o‘lgandan so‘ng yana bu dunyoga qaytish uchun butun umri davomida har bir soch tolasi, tirnoqlari va tishlarini yig‘ib yurgan va vafot etganda ularni o‘zi bilan qabrga qo‘yishni vasiyat qilgan.

Albatta, qadimgi odatga ko‘ra, xonlarni shunchaki dafn etishmagan, ularning qabriga qurollar, qimmatbaho va marosim odatlari bilan bog‘liq buyumlarni ham qo‘shib ko‘mishgan. Chingizxonning qabri ham imperiyaning turli burchaklaridan keltirilgan xazinalar bilan to‘la deb hisoblashadi. Xorijliklarning sirli sag‘anaga qiziqishi sabablaridan biri ham shudir balki. Arxeologlar uchun esa bu dunyo miqyosidagi ulkan topilma bo‘lar edi.

Ulug‘ xonning so‘nggi xohishidan tashqari, qidiruv ishlariga oddiy to‘siqlar ham xalal beradi. Mo‘g‘uliston hududi juda yirik va kam o‘zlashtirilgan. Bu joylardan qadimgi sag‘anani qidirib topish oson ish emas. Doktor Dimajava Erdenebatar Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahri universitetida arxeologiya fakultetini boshqaradi. U afsonaviy sag‘anani qidirish bo‘yicha birinchi yapon-mo‘g‘ul qo‘shma ekspeditsiyasida qatnashgan. Qidiruv ishlarini Chingizxon tug‘ilgan Xentiy viloyati atrofida boshlashga qaror qilishgan. Xuddi shu vaqtda, ya’ni 1990 yil mamlakatda demokratik inqilob yuz berdi va yangi mo‘g‘ul hukumati ekspeditsiya ishini to‘xtatdi. 2001 yilda olim markaziy Mo‘g‘uliston hududidagi qazishma ishlarida qatnashdi. Bu qabriston 2 ming yillik tarixga ega, xunnu ko‘chmanchi qabilasining sulolaviy qabristoni edi. Olim xunnu qabilasi mo‘g‘ullarning qadim ajdodlari deb hisoblaydi. Shundan taxmin qilish mumkinki, mo‘g‘ullarning dafn an’analari ham o‘xshash bo‘lgan. Xunnu shohlarini ustidan kvadrat shaklidagi toshlar terilgan 20 metr chuqurlikdagi yerosti zallariga dafn qilishgan. Birgina sag‘anani qazish uchun olimlar 10 yil yoz bo‘yi ishlashgan. Agar Chingizxon ham xunnu an’analariga ko‘ra ko‘milgan bo‘lsa, aniq mo‘ljalni bilmagan holda uning qabrini topish mushkul, deyarli imkonsiz. Chunki bunday qabrni yashirish oson – ustidagi toshlar olib tashlansa kifoya. Yerosti zali 20 metr chuqurlikka yashirilgan bo‘lsa, cheksiz mo‘g‘ul sahrolarida uni qidirib topish imkonsiz ish.  

Afsonalardan biriga ko‘ra, Chingizxon Ulan-Bator shahridan 160 km olisdagi Burxan-Xaldun tog‘larida dafn etilgan. Bu mo‘g‘ullar uchun muqaddas tog‘. Chingizxon yoshligida xuddi shu tog‘ cho‘qqisida dushmandan yashiringan va keyinchalik bu yerga qaytishga ont ichgan. Biroq olimlar qabrning shu yerdaligi borasida bir to‘xtamga kelishgani yo‘q. Xonning sag‘anasini qidirishda olimlar tarixiy qo‘lyozmalarga tayanishadi. Chingizxon ko‘milgan joy ustidan minglab otliqlar yurib o‘tganligi ko‘pgina afsonalarda aytiladi, bu esa u tog‘ cho‘qqisi emas, balki vodiy yoki sahro ekanligini bildiradi.

Manbalarda Chingizxon og‘ir xastalikka chalingan va yoshi 70 ga yaqinlashgan bo‘lsa-da, navbatdagi jangga yo‘l olib, g‘animlar qarshiligini yenggani, biroq to‘liq g‘alabagacha yashay olmagani aytiladi. 1227 yilning 25 avgustida xon vafot etadi. Xonning o‘limini hech kim kutmagandi, u xuddi yoshligidagidek egar ustida turib, qo‘shinni boshqargan. Chingizxonning o‘limi aynan qanday sodir bo‘lgani haqida ham aniq ma’lumotlar yo‘q. Ammo jang payti yaralangani, yoki o‘ldirilgani haqida ham manba yo‘q. O‘limidan so‘ng Chingizxonning jasadi Mo‘g‘ulistonga qaytariladi. Manbalardan birida xonning jasadi u tug‘ilgan joylarga, hozirgi Xentey viloyati hududida, Onon daryosi yaqinida dafn etilgan deyiladi. Hech kim topolmasligi uchun qabr ustidan daryo o‘zani yotqizilgan. Tarixchi Rashididdin ham mo‘g‘ul xoni dafn etilgan joy Burxan-Xaldun tog‘larida bo‘lishi mumkinligini yozadi, chunki bu joylar begonalar uchun yopiq bo‘lgan va ruxsatsiz o‘tishga uringan kishi qatl etilgan. Uning yozishicha, bir kuni Chingizxon Onon daryosi bo‘ylarida ov qilib yurar ekan, shu joydan ko‘zga tashlangan qiyalik xonning e’tiborini tortadi. Xon qandaydir quvonch va chuqur ruhiy sokinlikni his etadi. Shunda u yonidagilarga, «Bu joy mening qabrim uchun mos ekan… Eslab qolinglar va belgi qo‘ying», deydi.  Qidiruv ekspeditsiyasi a’zosi va Urumchidagi tarixiy muzey rahbari, professor San Xuning ta’kidlashicha, afsonaviy lashkarboshining sag‘anasini Xitoy hududidan, mo‘g‘ul-xitoy chegarasi yaqinidagi Oltoy tog‘lari etaklaridan qidirish zarur.

Chingizxon qabrining qattiq sir tutilishini tarixchilar mo‘g‘ullarning madaniy an’analariga bog‘laydilar. Bu an’analar Buyuk Mo‘g‘ul imperiyasida bo‘lgan missionerlar tomonidan batafsil tasvirlab berilgan. Mo‘g‘ullar «marhumning sayohati»ga xalaqit berish mumkin emas, deb hisoblashgan. Shuning uchun ular marhumlar qabrini ko‘zdan yashirishgan. Mo‘g‘ullar bosqinidan so‘ng Rus o‘lkasida yot o‘lka kishilarining qabrlari juda kam topilgani ham shu bilan izohlanadi. Mo‘g‘ullar marhum qarindoshlarini bir necha, hatto yuzlab kilometr yo‘l bosib sahroga olib ketishgan. Ularni dafn qilib, so‘ng o‘sha joyni yaxshilab niqoblashgan – ortiqcha tuproqlarni tekislab, ajriq yotqizib chiqishgan va hatto daraxt, butalar ekib qo‘yishgan. Buyuk lashkarboshi Chingizxon ham mangu uyqusida uni bezovta  qilmasliklari uchun qabri qattiq sir saqlanishini amr qilgandir. Ammo dunyoni zir titratgan mo‘g‘ul sarkardasining qabrini topish istagi hali hanuz ko‘pchilikka tinchlik bermasligi aniq.

Muxlisa Rustamova tayyorladi.