Davlat, jamoat ehtiyojiga olingan mulk uchun, avvalo, mulkdorlarning, keyin deputatlarning roziligi inobatga olinishi zarur

Xalq deputatlari viloyat Kengashining oltmish to‘qqizinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.

Kun tartibida belgilangan masalalar muhokamasiga o‘tishdan avval Kengashning sanoat, transport, qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi O‘.Saidmurodov tomonidan sessiya ishida davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimot materiallarini ko‘rib chiqish va mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazishga hamda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasining olib qo‘yilishiga ruxsat berish to‘g‘risidagi masalalarni muhokama qilish bo‘yicha taklif bildirildi.

Ta’kidlanishicha, davlatimiz rahbari o‘tgan yil aprel oyida viloyatga tashrifi davomida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti uchun 1000 va 1500 o‘rinli ikkita o‘quv binosi qurish tashabbusi bilan chiqqan edi. Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi Universitet xiyoboni, Termiz va Mustaqillik ko‘chalari kesishmasida joylashgan 35 ta turar va noturar joy mulkdorlaridan yer uchastkasini davlat, jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish yuzasidan taqdimot materiallarini ko‘rib chiqish, mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazish lozim.

Shuningdek, Prezidentimizning 2019 yil 2 apreldagi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 2 iyuldagi qarorlari ijrosi doirasida shahardagi Bo‘stonsaroy, Yusuf Hamadoniy, Ulug‘ Tursunov ko‘chalari bilan chegaralangan hududda xalqaro darajadagi mehmonxona va savdo markazi qurilishi munosabati bilan hududdagi 33 ta turar va noturarjoy ob’yektlari mulkdorlaridan yer uchastkasini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun qaytarib olish to‘g‘risida qaror qabul qilish kerak. Bu bo‘yicha barcha mulkdorlar bilan muhokamalar o‘tkazilib, belgilangan tartibda mulkdorlarning roziligi olingan.

Ikkala masala bo‘yicha qaror loyihasi uchun ovoz bergan deputatlar viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarorni hamda sektor rahbarlarining hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha ishlarni tashkil qilish bo‘yicha “yo‘l xarita”larini ham tasdiqladi.

Soliq kodeksining 99-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan soliq to‘lovchilarning soliq to‘lash muddatlarini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, viloyat davlat soliq boshqarmasining murojaati inobatga olinib, Samarqand shahridagi "Samarqand yo‘lovchi trans" DK va “Samarqand new silk road solar” MChJga soliq to‘lash muddatlarini o‘zgartirish bo‘yicha so‘rovi deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasi rahbari M.Turdiyevning sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlari faoliyati, murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan axboroti tinglandi.

Ma’ruzachining ta’kidlashicha, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan murojaatlar soni viloyatning beshta tuman va shahrida kamaygan. Ammo Oqdaryo, Bulung‘ur, Jomboy, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on,  Qo‘shrabot, Narpay, Payariq, Past Darg‘om, Paxtachi, Samarqand tumanlarida murojaatlarning ko‘payganini kuzatish mumkin.

Murojaatlarning 8127 tasi takroriy bo‘lib, hududlar kesimida Samarqand shahrida 1018 tani,  Past Darg‘omda 807 tani, Payariqda 736 tani tashkil etgan.

- Nafaqat Xalq qabulxonalari, balki Prezidentning virtual qabulxonasi va sayyor qabullarda ham takroriy murojaatlar bo‘layotganini kuzatyapmiz, - dedi E.Turdimov. - Masalan, Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro bir yoki ikkita masala yuzasidan 968 marta murojaat qilgan.

Bu kabi masalalarni har bir sektor rahbari, kerak bo‘lsa, deputat muhokama qilishi, murojaatchining shikoyati o‘rinli bo‘lsa, unga yordam berishi, muammosini hal etishi shart. Noo‘rin bo‘lsa, qaror qabul qilib, asoslantirilgan tarzda rad etishi, fuqaroga murojaati yuzasidan tushunchalar berishi lozim.

Viloyat prokurori J.Hotamov viloyat prokuratura organlari tomonidan joriy yilning I yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berar ekan, o‘tkazilgan yer xatlovlariga to‘xtaldi.

- Joriy yilning 6 oyi davomida viloyat bo‘yicha 1127 holatda 363 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi, - dedi prokuror. - Bugungi kunda ushbu yerlarning 212,4 gektari qaytarildi. 638 holatda 17,8 gektar yer maydoniga fuqarolar noqonuniy qurilish qilganligi aniqlanib, 57 holatda 0,6 gektardagi noqonuniy qurilmalar buzdirilgan. O‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarning 200 gektari qishloq xo‘jaligi foydalanuviga qaytarildi.

Savdo va xizmatlar sohasini rivojlantirish, ularda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmini hisobotda to‘liq aks ettirish, ko‘chma savdo faoliyatini tashkil etish, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish holatlari va norasmiy faoliyat ko‘rsatayotgan ishchi va xizmatchilarni rasmiylashtirish (legalizatsiya) masalasi bo‘yicha viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Inog‘omov hisobot berdi.

Boshqarma boshlig‘i xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi uchun Samarqand shahri, Urgut, Ishtixon, Past Darg‘om va Payariq tumanlari davlat soliq inspeksiyalarining 15 nafar mas’ul xodimiga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgani, xususiy sektorda norasmiy yollanma ishchilarni qisqartirish borasida ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, tadbirkorlik sub’yektlarida “konvert” usulida ish haqi berish salmog‘i yuqoriligicha qolayotganiga to‘xtaldi.

Shuningdek, deputatlar viloyatda qurilish sohasida yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i L.Hamidovning hisobotini tingladi. “Toshkent-Samarqand” temir yo‘li bo‘yida joylashgan aholi punktlarining arxitektura qiyofasini yaxshilash va unga tutash hududlarni rejalashtirish loyihalari tasdiqlandi. Viloyat moliya bosh boshqarmasining tegishli xatlariga asosan, xalq deputatlari viloyat Kengashining “Samarqand viloyati mahalliy byudjetining 2021 yildagi kutilayotgan ijrosi hamda 2022 yilgi mahalliy byudjetning belgilangan asosiy parametrlari to‘g‘risida”gi qarori 4-ilovasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish xususidagi so‘rovi ham muhokama qilindi.

Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan Kengashning qarorlari qabul qilindi.