Din va millat qayg‘usi: “Biz ulardan kammizmi?”

Yuqoridagi maqoladan so‘ng Behbudiyning niyatlari anglashiladi. Demak, «din va millatni saqlash» uchun barcha choralarni ko‘rish kerak. Bunga Behbudiyning “Millatlar qanday taraqqiy etarlar” maqolasida muayyan ma’noda javob berilgan.

Publitsist, avvalo, mavjud hollarni tasvirlaydi, taraqqiyotga yuz tutgan boshqa millatlarga e’tibor beradi va xulosa chiqaradi.

“Bugun islohi maktab, madrasa, ya’ni islohi millatg‘a qo‘shish qilinmasa, bir asr so‘ngra diyonat barbod bo‘lur va aning javobi mas’uliyati bugungilarg‘a qolur. Bu mas’uliyatdan qutulmoq uchun millatni diniy ilm va dunyoviy ilm-fanlar o‘qumoq uchun targ‘ib qilmoq kerakdur. Diniy ilm va fanlarning o‘rni maktab va madrasadadur”.

“Ehtiyoji millat” maqolasida ham bu fikrlar ochiq aytilgan edi: “Boshqa millatlarg‘a qaralsa, ko‘rilurki, muntazam maktablari bor va ul maktabda diniy ilm ustinda dunyoviy ilm va fanlar ham o‘qilur, chunki dunyog‘a turmoq uchun dunyoviy ilm va fan lozimdur”. Agar shu lozim narsalarni yo‘lg‘a qo‘ymasak, holimiz bundan-da xarob bo‘ladi, ya’ni “zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqa millatlarg‘a poymol bulur”.

Aslini olganda, bular siyosiy fikrlar sirasiga kiradi. Biroq u ma’rifiy qarashlar bilan ifodalangan. U barchani ilmga chorlaydi, ayniqsa, bolalarga nisbatan alohida e’tiborda bo‘ladi.

Demak, ozod bo‘lishdan avval millat orasida davlatni boshqaradigan siyosatchi, zamonaviy savdogar, huquqshunos, vrach, arxitektorlar kerak. Ularni birov tarbiyalab bermaydi. Shuning uchun Behbudiy ham harakatni maktabdan boshlaydi. O‘zi ham 1905 yili Samarqand chekkasidagi Kaftarxona qishlog‘ida maktab ochadi.

Uning 1906 yili ta’lim-tarbiyaga, ayniqsa, jadid maktablarining tartiblariga bag‘ishlangan ko‘pgina maqolalarini o‘qishimiz mumkin. “Turkiston viloyatining gazeti” (“TVG”)ning 27-28-sonlarida davomli qilib berilgan “Jadid maktablarining imtihoni” maqolasi fikrimiz dalilidir. Unda Behbudiy jadid maktablarida o‘g‘lini o‘qitishni niyat qilgan otalar uchun maktabning o‘qitish tizimi, xususan, imtihonlarini tushuntiradi. Bu maqola g‘oyasi haqiqatan ham yaxshi umidlar bilan yo‘g‘rilgandi. Behbudiyning to‘lqinlanib yozgan fikrlarini tasdiqlash uchun 1906 yili rus tilida chiqqan “Samarkand’” gazetasining 20 may (37-)sonida Almatov tomonidan yozilgan “Samarqand shahridagi jadidlar maktabi” sarlavhali maqolani ko‘rsatish mumkin.

Muallif uch-to‘rt yillik bilimni bola bir yildayoq egallashi mumkinligi va buning uchun muxbir oldida o‘quvchilar imtihon qilinganligi, natija esa kutilgandan ham ziyoda chiqqanligini hayrat bilan tasvirlaydi.

Behbudiyning maorifga bag‘ishlangan maqolalari “TVG” bilan birgalikda “Tujjor” gazetasida ham chop etilgan. Ayniqsa, “Tujjor”ning 1907 yil 10-11-sonlaridagi “Islohi tahsil” maqolasida eski tartibdagi maktablarning islohi tezlashtirilishi, buning uchun ulamolarning harakati sezilmayotganidan kuyinib yozadi. “TVG”ning 1907 yil 97-sonida chop etilgan “Farg‘ona xotiralari” maqolasi ham maorif, ta’lim-tarbiya ishlariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ham Turkistonning barcha viloyatlaridagi ta’lim borasidagi ahvol tahlil qilinadi. “TVG”ning 85-sonida chop etilgan “Buxoroda usuli jadid” maqolasi ham ta’lim mavzuida yozilgan.

1908-1909 yillari Behbudiy kutubxona tuzish uchun juda katta ishlarni amalga oshirganligini bilamiz. Bu haqda u ko‘p maqolalar yozib qoldirganki, bularni ham biz “TVG” sahifalarida o‘qishimiz mumkin. Masalan, gazetaning 1908 yil 58-sonidagi “Samarqand kutubxona jamiyati”, 62-, 63-, 65-sonlaridagi “Qonun”, 1909 yil 4-sonidagi “Kutubxona”, “Oyina” jurnalining 1914 yil 27-sonidagi “Behbudiya kutubxonasi” maqolalarida kutubxonaning ahamiyati haqida fikr yuritadi va o‘zi kattagina kutubxona ochib, xalqni o‘qish, izlanishga chorlaydi.

O‘zgalar orasida teng yashash uchun ularning siyosiy, ilmiy ahvolini bilib turmoq, buning uchun esa tilni bilmoq lozim bo‘ladi. Shuning uchun Behbudiy til o‘rganish masalasiga alohida to‘xtaladi. Uning “TVG”da yozgan “Munozara” haqinda” maqolasi qisman rus tilini o‘rganishga qaratilgandir.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning mahorati namoyon bo‘lgan maqolalaridan yana biri “Munozara” haqinda” (“TVG”, 1911 yil 29 sentyabr) deb nomlangan. Bu maqola boshida, “TVG” tartibiga ko‘ra, ruschada yozilgan tushuntirishdayoq uning “rus tilini o‘rganishning foydalari” to‘g‘risida ekanligi anglashiladi. Yuzaki qaraganda, bu bilan Behbudiy ruscha o‘qimoqni targ‘ib qilyapti, degan fikr ham xayoldan o‘tishi mumkin. Aslida-chi?

Avvalo, nega aynan rus tilining targ‘ibi birinchi planga ko‘tarilganini davr senzurasi bilan murosaga kelish maqsadida qilingan deb tushunish kerak. Chunki o‘sha yillari barcha mahalliy maktablarda rus tili, Rossiya jug‘rofiyasi, tarixini keng o‘rganish talabi qo‘yilgandi. Fikrimizni 1909 yilning 13 martida Turkiston general-gubernatorligi devonining 3-bo‘limi tomonidan xalq maorifi noziriga yuborilgan o‘ta maxfiy ko‘rsatmasiga binoan rus tilini maktablarda keng tatbiq etish, keyin o‘quvchilarga Rossiya tarixini, jug‘rofiyasini ham o‘rganish “taklifi” kiritilgandi.

Bu ta’sir gazetalarda yoziladigan maqolalarda ham aks etishi kerak ediki, rus tili yoki Rossiya jug‘rofiyasining zaruratini alqamay yozilgan maqolalar mustabid tuzumning kuychisi bo‘lmish “TVG”da umuman chop etilmasdi. Qolaversa, Behbudiy Buxorodagi ma’rifiy ahvolni, bid’atning kuchayib ketganligini, jadid maktablarini ochishga ruxsat yo‘qligini va shu bahonada yuragidagi dardlarini aytib oladi.

Qalam ahliga ma’lumki, har bir yozilmish maqoladan aniq bir maqsad bo‘ladi. Deylik, u ma’rifat mavzuida bo‘lsin. Maqsadni bayon etishda shu mavzuga monand faktlar yig‘ilgan bo‘ladi va, eng asosiysi, bu faktlar uni yozish uchun turtki bo‘lishi mumkin. Behbudiy bu turtkini quyidagicha izohlaydi:

“Usuli jadid maktablarini naf’ligi va fununi zamoniyya tahsilining buxoriylar uchun lozimi to‘g‘risinda Farangiy afandi ila mudarrisi Buxoriy janoblarini arolarida bo‘lgan bahs va suhbat “Munozara” isminda bir risola shaklinda forsiy tilig‘a tab’ va nashr bulubdur. Bizda ko‘zdan kechirdikki, haqiqatdan buxoriylar uchun naf’dur... va ammo, bizni fikrimizcha, Buxoro uchun eng muhimini — Farangiy afandi faromush etibdurlar va avvali eng muhim jihat buxoriylarni o‘qumoq va rus madaniyatidan naf’ birodar bo‘lmoqg‘a targ‘ib etmoqdin iborat edi” (TVG», 1911 yil 29 sentyabr).

Yuqorida aytganimizdek, “TVG” mustabid hukumatning nashri bo‘lib, undan boshqa obro‘liroq nashr yo‘q edi. Biroq Behbudiy ziyolilarga ko‘nglidagi gaplarini aytishi kerak edi. Bunday paytlarda Behbudiy doim yo‘l topa olgan, ya’ni ayni fursatda ham forsiy tilda chiqqan bu kitobda buxoroliklarning boshqa davlatlarga borib o‘qishlari lozimligi, lekin ular tilga olgan mamlakatlar orasida Rossiya, jumladan, Turkiston hududidagi ilmgohlarda ham o‘qishlari lozimligini aytib, ruscha o‘qimoqlarini targ‘ib qiladi. Bunda shuncha mehnat sarflab kitob chiqargan muallif — Fitratni ham qoralab tashlamaydi.

“Xayr, balki Farangiy afandi faromush etmay, ehtimolki, buxoriylarni taajjublari qo‘zg‘olmasun va “Munozara” risolasidin umid etilgan manfaati ma’naviyya favt (yo‘qotish — H.S.) bo‘lmasun, ruscha o‘qimoq bahsidin ko‘z yumgandir deb zann (taxmin, gumon — H.S.) qilarmiz va alan Farangiy afandini natija ma’lumotlariga nazaran o‘ruscha o‘qumoqg‘a tarafdordur. Istidol (xulosa - H.S.) qilinadur va har bir ko‘zi ochuq kishida buxoriylarni ruscha o‘qumoqlari to‘g‘risinda muxtasar bir oz yozmoqni biz munda kerak bilduk” (TVG», 1911 yil 29 sentyabr).

Behbudiy tijorat ishlari uchun rus tili kerak bo‘lishini, tijorat ishlarini taraqqiy qildirish mumkinligini, temiryo‘l, telegraf, pochta, bank, dorixona, vrach va ko‘pgina zamonaviy qulayliklardan foydalanish uchun ruschani bilish lozimligini ta’kidlaydi:

“Russiya ila tijorati bor buxoriy va Buxoroni har bir hukmdorlarini ruschag‘a bor ehtiyojini har kimdin ul buxoriylarni o‘zlari iqror edarlar.

Kishi yo‘qligidan alan Buxoro hukumatini xizmatidaki tarjimonlar kafkaziy va turkistoniylardan iboratdur”.

Muallif Turkistonning barcha dardlaridan, hududidagi ahvolidan xabardor zukko maqolanavis sifatida qalam tebratadi. Muammoni juda nozik jihatlari bilan ochib beradi.

“Nasoro va majusiy davlatini aytmay qo‘yduk. Bul vaqt Usmonli islom davlati katta maktablarig‘a ruscha o‘qitadur va Russiyag‘a talaba yuboradur. Turk qarindoshlarimizning har biri Russiya musulmonlarini ruscha o‘qumog‘iga tashviq etarlar, hatto Istanbul Shayxul islomi hazratlari Russiya musulmonlarini o‘qumoqiga buyuradurlar. Chunonchi, o‘tkan sana Samarqand hojilaridin ikki nafar mudarris Shayxul islom e’tiborlarini xizmatlarig‘a musharraf bo‘lub ekanlarki, usuli jadid va ruschani lozumidin bayon etub, turkistoniylarga ruscha o‘qumoqni tashviq etmoqg‘a buyurubdurlar” (O‘sha gazeta, o‘sha son).

Publitsist maqola ta’sirini orttirish uchun turli usullarni qo‘llashga harakat qiladi. Boshqa xalqlarning amalga oshirayotgan ibratli ishlarini ko‘rsatib, “Biz ulardan kammizmi?” degan savol bilan yurt hukmdorlariga murojaat qiladi:

“Misrdin, Shom va Arabistondin, Istanbuldin va Erondin Russiya maktablarig‘a talaba kelganda, Buxorodin na uchun talaba kelmaydur? Buni sababi buxoriylarni g‘aflati va zamondin xabarsizligi deyurlar” (O‘sha gazeta, o‘sha son).

Tabiiyki, bu gaplar hatto tanbal vujudga ham ta’sir etmay qolmaydi. Publitsist Buxoro bid’atchi hukmron tabaqalarga yana bir bor ta’kid bilan murojaat qiladi:

“Xo‘b, Buxoroda usuli jadidni qo‘ymaganlaridek, ruschani-da ulamo qo‘ymadilar, deduk. Oy, shogirdlarni Samarqandg‘a, Turkistong‘a va yo doxili Russiyag‘a na uchun yubormaydur?” (TVG», 1911 yil 29 sentyabr).

Tabiiyki, bid’atchilar “Biz Buxoroda dini islomning buzilib ketishining oldini olyapmiz”, deyishardi. Lekin, Behbudiy Buxorodagi nobop hayotning fojiasini ochib tashlaydi:

“Samarqandda Buxorodin gado, o‘g‘ri, qimoriy, javonbacha kelar, hatto deyurlarki, fohishalar ham kelur. Bularga ulamo bir shay demas va xabardor bo‘lmas".

Gap siyosiy mavzuga yaqinlashishi bilan Behbudiy, odatdagidek, o‘z fikrini bildiradi: “Biz siyosiy kishi emas va alan bul to‘g‘ridaki fikrimizni ochiq suratda yozarduk”. Avvalgi tajribadan ma’lumki, (“Ta’rix va jug‘rofiya”, “Tavzeh”) Behbudiyga “siyosatga aralashma” degan talab qo‘yilgan. Behbudiy siyosiy kishi emasmiz, deya siyosatga ming istihola bilan yondashgandek bo‘ladi. Aslida esa bu gaplarda ochiq haqiqat bor. Buxoro amirligi, sirtdan qaraganda, mustaqil ko‘rinardi: “Shu qadar bilarmizki, rasman Buxoro hukumati Russiya davlatining himoyasig‘adur. Buxoro, oning bosh hukmroni janobi oliy Amir hazratlarini amoratlari Russiya davlati tarafdin ijro qilinadur. Xorijiya davlatlari, masalan, Eron, Afg‘on va yo Usmonli davlatlari-la Buxoro hukumatini xat va xabar qilmog‘i lozim kelsa, Russiya davlati vositasila muammoni hal qiladur. Buxoro ahli xorijga chiqmoqchi bo‘lsa, Russiya rijoli hukumatini ruxsati lozimdur.

Buxoro uchun boj va pushlina Russiya davlatining ixtiyori ila bo‘lur”.

Qolaversa, ruscha o‘qigan bilan hech kim kofir bo‘lib qolmasligini aytadi: “Bilmoq kerakki, o‘rischa o‘qimoq ila kishi kofir bo‘lmaydur va yo o‘ruslar bizg‘a dinlarini ta’lim qilmaydur”.

Behbudiy Samarqandda yuzdan ko‘proq bola tahsil olayotganini ta’kidlab va shaxsiy ibrat ko‘rsatish maqsadida quyidagilarni yozadi: “... va alarning hech biriga nasoro dinini ta’lim qilmaydur. Samarqand adadiy gimnaziyada bukun o‘ndin ziyoda musulmon bolasi bor. U jumladan biri manim o‘g‘limdur”.

Gimnaziyada nasoro dinini o‘qitarkan, degan mish-mishlarning asossizligini ham aytib, u yerda dindan xoli ilmlar o‘qitilishini yozadi. “G‘ayriruslar ruscha o‘quganda ilmi dunyoviy va hayotg‘a mutaalliq funun o‘quydurlar. Va har bir musulmonda ruscha va yo farangcha shuni o‘qiydur. Buxoroni o‘rta millati uchun avomg‘a so‘ylayinki, turklar, eronilar, biz—turkistoniylar, qozoniy, urunburg‘iy va kafkaziylar ham ruscha o‘qusalar ham kofir bo‘lmaydilar. Buxoriylar ham ruscha o‘qugan ila kofir bo‘lmaydurlar”.

Bu gaplar “Munozara” nomli bir kitob bahonasida yozilgan maqolada ifodalangandir. Bu bilan Behbudiy bir necha maqsadni ko‘zlaydi. Avvalo, kitobning muallifi Fitrat bo‘lganligi va u forschadan o‘zbekchaga Behbudiyning shogirdi Hoji Muin tomonidan tarjima qilinayotgani, yo‘qsa, qitob senzorlardan o‘tmasligini o‘ylab uning muallifi — Turkiyada o‘qib yurgan Fitratni Turkistonga chorlayotgan bo‘lsa, boshqa jihatdan, bunday kitobning mavjudligini va hademay u o‘zbek tilida bosilib chiqishini o‘zbek ziyolilariga bildirib qo‘yadi.

Halim SAIDOV,

filologiya fanlari doktori, professor.

(Davomi bor)