Dunyo voqealari qisqa satrlarda: Rossiyada saylovlar qachon e’lon qilinadi? Shimoliy Koreya ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshi "Oq uy"ni rasmga oldi. Oltin narxi eng yuqori darajada
🔻 Rossiya Federatsiya Kengashi 13 dekabrdagi yig‘ilishida kelasi yilning mart oyida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan prezidentlik saylovlarini e’lon qiladi.
🔻 Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Ukrainaga qarshi “yana uch ming munosib chechen askari"ni yuboradi. “Oliy Bosh qo‘mondonimiz Vladimir Putin tomonidan qo‘yilgan vazifalarni hal qilish uchun biz hech qanday kuch va vositalarimizni ayamaymiz”, deb yozdi Qodirov. Ular allaqachon Rossiya Mudofaa vazirligi va Rossiya Milliy gvardiyasining yangi bo‘linmalari tarkibida xizmat qilishni boshladi.
🔻 Sankt-Peterburgdan ikki baravar katta bo‘lgan bahaybat aysberg Tinch okeanining janubiy qismida bemalol suzib yuribdi. Antarktidadan 1986 yilda uzilgan va 30 yildan ortiq vaqt davomida to‘xtab qolgan dunyodagi eng katta aysberg Tinch okeanidagi tiniq suvda paydo bo‘ldi va tez orada qulashi mumkin.
🔻 Tramp Argentinaning yangi prezidenti inauguratsiyasida ishtirok etishdan bosh tortdi. U saylovoldi tashviqoti tadbirlari bilan band bo‘ladi.
🔻 Rossiyada noqonuniy migrantlarga mashina haydash va guvohnoma olish taqiqlanishi mumkin. Ular haydovchilik guvohnomasini ololmaydi, mashina boshqarolmaydi, pul ko‘chira olmaydi.
🔻 G‘azo sektoridagi pauza tugaganidan so‘ng Isroil armiyasi yanada shiddatli janglarni davom ettiradi va butun anklav bo‘ylab harakat qiladi. Bu haqda Isroil mudofaa vaziri "Givati" brigadasi askarlari bilan uchrashuvda ma’lum qilgan.
🔻 Kim Chen In Shimoliy Koreya yaqinda uchirilgan ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshi tomonidan olingan Oq uy suratlarini mamnun bo‘lib tomosha qildi. Razvedka sun’iy yo‘ldoshi AQShning eng muhim davlat muassasalari, jumladan, AQShning bir qator davlat muassasalari, Oq uy va Pentagonni suratlarini olishga muvaffaq bo‘lgan.
🔻 Oltin narxi olti oy ichida eng yuqori ko‘rsatkichga yetib, 2 ming dollarlik chegaradan o‘tdi. Bu 2023 yil may oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Oltin narxining shunday davom etishi AQSh dollari kursining pasayishi, shuningdek, investorlarning Federal rezerv stavkalarini oshirmasligiga ishonchi bilan bog‘liq.
🔻 Shotlandiya hukumati XVI-XVIII asrlarda jodugarlikda ayblangan ayollarni oqlaydigan qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlamadi. Jodugar ovi qurbonlari vafotidan keyin reabilitatsiya qilish bo‘yicha tegishli tashabbus parlament a’zosi Natali Don tomonidan ilgari surilgan edi. Biroq Vazirlar Mahkamasi ushbu masala bo‘yicha qarorni keyinga qoldirishga qaror qilgan. Shotlandiyada 1563-1736 yillarda “Jodugarlik to‘g‘risida”gi qonun bo‘yicha to‘rt mingga yaqin ayol qiynoqqa solingan va hukm qilingan.
🔻 Amerikalik bolalar Rojdestvoda qanday sovg‘alarni orzu qilishlari ma’lum bo‘ldi. Amerika kompyuter va dasturiy ta’minot assotsiatsiyasi so‘roviga ko‘ra, videoo‘yinlar, tegishli mahsulot va xizmatlar AQSh bolalar va o‘smirlar orasida eng ko‘p orzu qilingan Rojdestvo sovg‘alaridir. Eng ko‘p orzu qilingan sovg‘a, bu - raqamli obuna bo‘lgan. O‘yin bilan bog‘liq sovg‘alar hatto ota-onalar orasida pul, sovg‘a kartalari, texnologiya, elektronika va kitoblarga qaraganda yuqori pog‘onaga ko‘tarilgan.
G.Xoldorova tayyorladi.