Dunyo voqealari qisqa satrlarda: Tel-Aviv aeroporti yopildi, Eron Yaqin Sharqdagi urushga aralashishi mumkin, Ekvadorda eng yosh prezident saylandi, Putin AQShni ogohlantirdi
🔻 Tel-Avivdagi "Ben-Gurion" xalqaro aeroporti raketa hujumiga uchradi. Parvozlar to‘xtatilgan.
🔻 Netanyaxu HAMASni yo‘q qilish va’dasida qat’iy, G‘azodagi gumanitar vaziyat o‘ta og‘ir. Isroil qo‘shinlari G‘azo sektori chegaralari yaqinida to‘planishda davom etmoqda.
🔻 Eron rasmiylari HAMAS va Isroil o‘rtasidagi vaziyat yanada keskinlashishini istamasa-da, biroq Isroil armiyasi G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiyani boshlasa, vaziyatga aralashishga majbur ekanligini ma’lum qildi.
🔻 Isroil-Falastin mojarosida qurbonlar soni ortib bormoqda: Isroildan halok bo‘lganlar soni 1400 kishiga yetdi, G‘azo sektorida halok bo‘lgan falastinliklar soni 2,7 mingdan oshdi. Falastin-Isroil mojarosining kuchayishi natijasida 30 AQSh fuqarosi halok bo‘lgani aytilmoqda.
🔻 Kecha Afg‘oniston g‘arbidagi Hirot viloyatida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan, 125 kishi jarohatlangan. Shuningdek, Eronning Xuziston provinsiyasida ham 5,3 magnitudali zilzila ro‘y bergan.
🔻 Ekvadordagi prezidentlik saylovlarida mamlakat tarixidagi eng yosh prezident saylandi. Saylovda “Milliy demokratik harakat” alyansi nomzodi, 35 yoshli Daniyel Noboa g‘alaba qozondi. Uning otasi Ekvadorning eng boy odamlaridan.
🔻 Vladimir Putin AQSh Kongressi komissiyasining Amerika hukumatiga Rossiya va Xitoy bilan birvarakayiga urushga tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya qilgan hisobotiga izoh berdi: "Agar Qo‘shma Shtatlar Rossiya bilan jang qilmoqchi bo‘lsa, bu Ukrainadagi "maxsus harbiy operatsiya" kabi emas, balki butunlay boshqacha urush bo‘ladi".
🔻 AQSh prezidenti Jo Bayden ikkinchi muddat maqsadlarini aytdi: Yaqin Sharqdagi mojaroni hal qilish va Rossiya rahbariyatini bostirish. Uning ta’kidlashicha, so‘nggi jahon inqirozlari va Vakillar palatasi faoliyat ko‘rsatmasdan qolayotgan Qo‘shma Shtatlardagi muammolar fonida u yana nomzod bo‘lish qarorini o‘zgartirmagan.
🔻 Xitoy banki direktorlar kengashining sobiq raisi Lyu Lyange noqonuniy kreditlar berishda poraxo‘rlikda gumonlanib hibsga olindi. Sobiq amaldor mamlakatdagi eng yirik banklardan birida partiya kotibi lavozimini ham egallagan.
🔻 Pekinda Isroil elchixonasi xodimiga hujum uyushtirildi, u kasalxonaga yotqizilgan.