Fan olamida Bakteriyalar betonni tiklaydi
Amerikaning Kolorado shtatidan olimlar bakteriyalar yordamida «tirik» beton yaratdilar. U o‘z-o‘zidan tiklanish qobiliyatiga ega. Beton butun jahonda shaharsozlik asosi. Ammo olimlar hozirgacha ushbu ommalashgan materialga uzoq muddat chidamlik beradigan tarkibni ishlab chiqolmay kelayotgan edilar. Bugungi kunda turli ko‘rinishdagi beton erta yo kech yemirilishi shubhasiz.
Amerikaliklar nimani o‘ylab topishdi? Ularning so‘zlariga qaraganda, yangi material muntazam har xil gidrogel va bakteriyalarga o‘xshash namni so‘rib oladigan qum aralashmasidan iborat.
Gelsimon massa moddalarni o‘sishi uchun zarur mikroblar bilan ta’minlaydi. Ular esa karbonat kalsiy ishlab chiqishni kuchayishiga olib keladi. Aynan ana shu modda materialning chidamliligini oshiradi.
Amerikaliklar tomonidan yaratilgan bakteriyali tarkib ma’lum sharoitda betonni to‘liq tiklanishini ta’minlaydi. Misol uchun, yangi texnologiya bo‘yicha tayyorlangan g‘ishtni sindirsangiz gidrogel va qum aralashmasiga botirib yana tiklash mumkin. Quyosh ta’siri va gidrogeldan singuvchi modda bakteriyalarni tom ma’noda tiriltiradi va oldingi ko‘rinishiga kelishga yordam beradi. Olingan material beton singari mustahkam.
Lak tishni mustahkamlaydi
Yaqin kelajakda an’anaviy tish pastasiga tishlarni mustahkamlovchi yangi gigiyena vositasi – tish laki qo‘shiladi.
Tish laki tishlarni davolamaydi. Amerikalik olimlar tomonidan ishlab chiqilgan bu modda tishni kasalliklar va bakteriyalardan himoya vositasi sifatida qoplash uchun qo‘llaniladi. Lak qoplama tishlarda mikroblar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Tish emaliga zarar yetkazuvchi har kungi tish tozalashga hojat qolmaydi. Lak bilan qoplangan tishlarda tish kasalliklarini keltirib chiqaruvchi yemirilish, sinish, sarg‘ayish kabi alomatlar barham topadi, deydi olimlar.
Tuz va suv xlorni almashtiradi
Reklamalardan bilamizki, zamonaviy tozalash vositalari 99,99 % bakteriyalarni o‘ldiradi. Xitoyliklar ushbu samaraga xlor ishlatmasdan erishish yo‘lini topdilar.
Xo‘sh, bu qanaqa yangi tozalash vositasi ekan? Ma’lum bo‘lishicha bu oddiy va ishonchli ekan. Maxsus yaratilgan priborda namakob suyuqlikdan foydalaniladi. Ya’ni undan elektr toki o‘tkaziladi. Ixtirochilarning ta’kidlashicha, bu usul 100 foizgacha virus va mikroblarni yo‘q qiladi. Ushbu vosita – tuzli eritma bilan xuddi oddiy suvday gilamlar, idish-tovoq, mahsulotlar, devorni ham tozalash mumkin. Birlamchi narxi 109 dollar bo‘lgan priborni shu yil aprel oyida savdoga chiqarish mo‘ljallanmoqda.
«Mir novostey» (2020 y. 4-son)dan T.MUROD tayyorladi.