Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisi Ma’rufjon Tojiboyev: Sayyor sudlar nomiga o‘tkazilmoqda

Samarqand viloyat "Matbuot uyi"da viloyatdagi sud idoralari tomonidan 2018 yilda amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan brifingda fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisi M.Tojiboyev ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan sud faoliyatidagi ayrim holatlar bo‘yicha fikr almashdi.

- Sayyor sudlarni o‘tkazishdan maqsad o‘sha hududda ro‘y bergan oilaviy ajrimlar yoki sudga murojaat qilgan kishilarning o‘zaro kelishmovchiligi, turli jinoyatchilik bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishdan iborat, - dedi M.Tojiboyev. - Mahalladoshlar ushbu holat haqida xabar topishsin hamda o‘z fikrlarini bildirsin, jamoatchilik e’tiborini tortish hamda bu orqali ta’sir o‘tkazish kerak edi. Afsuski, sayyor sud o‘tkazilishi lozim bo‘lgan mahallada faqat sudyalar va mahallaning bir-ikki nafar faollari ishtirok etmoqda. Bunday sayyor sud o‘zi ko‘zlagan maqsadga erisholmaydi, albatta.

Aytish kerakki, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat va tumanlararo sudlar tomonidan 11 ming 50 ta ishlar sayyor sud majlislarida ko‘rildi. Shuningdek, korxona, mahalla hamda o‘quv muassasalarida 1300 ga yaqin o‘quv-seminarlar o‘tkazildi. Sudlarning 2018 yil davomida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi ishlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, hisobot davrida viloyat sudi birinchi instansiyasida 222 ta fuqarolik ishlari ko‘rilgan. Shundan 163 ta da’vo arizasi qanoatlantirilgan, 35 tasi rad qilingan, 10 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan va 14 ta ish yuritishdan tugatilgan.

Viloyat tumanlararo, tuman (shahar) sudlari tomonidan 23 ming 746 ta fuqarolik ishlari ko‘rilgan. Shundan 21 ming 277 tasi yuzasidan hal qiluv qarori chiqarilgan bo‘lib, 17 ming 911 ta da’vo arizasi qanoatlantirilgan, 3 ming 366 ta da’vo rad etilgan, 200 fuqarolik ishida xususiy ajrim chiqarilgan.

Tahlildan kuzatilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Past Darg‘om va Toyloq tumanlararo sudlarida o‘tgan yilga qaraganda fuqarolik ishlarning o‘sish tendensiyasi kuzatildi. Ammo oilaviy nizolar bilan bog‘liq ishlar hamon yuqori ko‘rsatkichlarni tashkil etmoqda.