Gaz idorasi xodimi firibgarlik jinoyatiga qo‘l urdi
“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali xodimi J.A. o‘ziga berilgan vakolatidan g‘araz maqsadlarda foydalanib, noqonuniy daromad olish maqsadida shu yilning oktyabr oyida Samarqand tumanining Quyi turkman mahallasida yashovchi fuqaro F.M.ning xonadoniga borgan.
J.A. ushbu xonadonda tashkil etilgan novvoyxonada tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotganligini aniqlab, tegishli tartibda rasmiylashtirish o‘rniga, fuqaro F.M. gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan taqdirda davlat foydasiga 5 million so‘m jarima to‘lashi kerakligini aytib, uni qo‘rqitgan va aldagan holda agar unga xizmat haqi tariqasida 2 million so‘m bersa, tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanganligini xaspo‘shlashini hamda tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berishini va’da qilgan. Firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan 2 million so‘mni esa o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Fuqaro F.M. ushbu firibgarlik haqida Majburiy ijro byurosi Samarqand tumani bo‘limiga murojaat qilgandan so‘ng bundan xabar topgan gaz ta’minoti hududiy filiali xodimi J.A. qilmishi uchun javobgarlikdan qochib qutulish maqsadida fuqaro F.M.ning jiyani B.M.ga murojaat qilib, amakisidan olgan pullarini to‘liq qaytarib berishini va’da qilgan. Tog‘asi tomonidan yozilgan arizani qaytarib olishni iltimos qilib, B.M.ga 200 AQSh dollari bergan.
Fuqaro B.M. firibgar xodim J.A. bergan ushbu pullarni MIB Samarqand tumani bo‘limiga ashyoviy dalil tariqasida topshirib, bo‘lgan voqeani bayon etgan.
Ushbu holat bo‘yicha o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirish natijalariga ko‘ra, Majburiy ijro byurosining Samarqand tumani bo‘limi tomonidan Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali 2-sonli uchastkasi xodimi J.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga tegishlilik masalasini hal etish uchun tuman prokuraturasiga yuborildi.
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.